9 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda hukumat matbuot xizmati.
Unda oxirgi yetti yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravar ko‘paygani, joriy yilning yetti oyida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshgani qayd etilgan.
Majlisda ikki davlat rahbarlari hukumatlar zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bunga erishish uchun hamkorlik loyihalarini izchil amalga oshirish hamda import o‘rnini bosish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Mixail Mishustin O‘zbekistonda boshqa sohalarni ham rivojlantirishni taklif qilgan.
“Yuqori texnologiyali polimer ishlab chiqarishni tashkil etish, uchuvchisiz uchadigan fuqarolik dronlari tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz”, - degan u.
Shuningdek, Mishustin, O‘zbekistonda temiryo‘l mashinasozligi sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha fundamental qaror qabul qilingani; 24 sentabrdan boshlab Moskva va Toshkent o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tiklanganini ta’kidlagan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilindi hamda bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.