Norvegiya politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertizadan olingan dastlabki xulosalarga ko‘ra, yaqinda Norvegiya qirg‘oqlarida o‘lik holda topilgan Xvaldimir laqabli mashhur 4 metrli beluga kiti ilgari o‘ylangandek o‘ldirilmagan. Bu haqdagi ma’lumotni 9 sentabr, dushanba kuni Norvegiya politsiyasiga tayanib mahalliy NRK telekompaniyasi e’lon qildi.
«Yorib ko‘rish uning oshqozoni bo‘sh ekanligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, aksariyat organlar ishlamay qolgan. Tekshiruvlarda aynan Xvaldimirning o‘limiga bevosita inson faoliyati sabab bo‘lganligini aniqlaydigan hech narsa topilmadi», - dedi Syor-Vest okrugi politsiyasining Shimoliy dengiz bo‘limi rahbari Amund Pride Revxeym. Uning aniqlik kiritishicha, Xvaldimir og‘zidan uzunligi 35 santimetr va kengligi taxminan 3 santimetr bo‘lgan tayoq topilgan. «Yakuniy otopsiya hisoboti mavjud bo‘lganda, barcha alomatlar ishning to‘xtatilishini ko‘rsatadi», deya qo‘shimcha qildi Revxeym.
NRK ta’kidlashicha, yorib ko‘rishni Sandnesdagi Norvegiya veterinariya instituti amalga oshirgan. Aytilishicha, kitning tanasida otishma sabab bo‘lmagan «yuzaki» jarohatlar bor. Ushbu faktdan kelib chiqqan holda, politsiya ishni faol ravishda tergov qilmoqchi emas. Veterinariya instituti o‘lim haqidagi yakuniy hisobot ikki hafta ichida tayyor bo‘lishini e’lon qildi.
Hayvonlarni himoya qilish tashkiloti: Rossiya «josus»-kiti otib o‘ldirilgan
Bir necha yil avval Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan Norvegiyadagi mashhur Xvaldimir laqabli beluga kitining jasadida o‘q jarohatlari topildi. Bu haqda 4 sentabr kuni OneWhale hayvonlarni himoya qilish tashkiloti ma’lum qildi. «Men oxirgi besh yil davomida Xvaldimir bilan birgaman va uni juda yaxshi bilaman. Uning jasadini ko‘rganimda, o‘qdan o‘ldirilganini darhol angladim. Hatto uning tanasiga o‘q tiqilib qolganini ham ko‘rdim», - deydi OneWhale asoschisi Regina Xaug. U bu hayvon uchun «adolat izlashini» qo‘shimcha qildi.
OneWhale va NOAH Norvegiya politsiyasiga shikoyat qilib, tergov boshlanishini talab qilishdi. Bayonotda aytilishicha, o‘q jarohatlari borligi veterinar, biolog va ballistika mutaxassislari tomonidan tasdiqlangan.
Xvaldimir Rossiya bilan qanday bog‘liq edi?
Xvaldimir (norvejcha «xval» so‘zidan kit degan ma’noni anglatadi va Rossiya prezidentining ismi «Vladimir») 2019 yilning bahorida, Norvegiya qirg‘oqlarida birinchi marta payqaldi. Beluga tanasida ingliz tilida «Inventar St.-Peterburg» yozuvi bo‘lgan maxsus ip bor edi. Shu munosabat bilan, kit harbiy maqsadlarda foydalanish uchun Rossiya harbiy-dengiz flotida o‘rgatilgan, ammo keyin volerdan qochib ketgan degan taxminlar paydo bo‘ldi.
Xvaldimirning o‘ligi 2024 yil 31 avgustda topilgan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, u 15 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan, garchi beluga kitlarining o‘rtacha umr ko‘rish muddati 30 yildan oshadi.