O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlarni sodir etgan 566 nafar shaxs 2023 yilda davlat xizmatiga qayta qabul qilingan va yana korrupsiyaga qo‘l urgan. Bu haqda deputat Umida Rahmonova Qonunchilik palatasining 10 sentabr kungi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Rahmonova bunday holat – korrupsion jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq reyestri haligacha tashkil etilmaganining oqibati ekanini ta’kidlab, yig‘ilishda hisobot bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovdan reyestr qachon ishga tushishini so‘radi.
Korrupsionerlarning ochiq elektron reyestrini yuritish 2021 yil iyul 6 iyuldagi prezident farmonida belgilangan edi. Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrgacha tegishli qonun loyihasi Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerak edi.
Akmal Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki qonun loyihasi 2022 yil boshida ishlab chiqilib, o‘tgan vaqt davomida vazirlik-idoralar bilan kelishilgan va joriy yil boshida Prezident administratsiyasiga kiritilgan.
“Lekin administratsiya tomonidan bir qator e’tirozlar [bo‘ldi], xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatilgan edi. Biz vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik. Shu kunlarda yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringlarga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz”, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori.
Burhonov 2021 yil dekabr oyidagi tadbirlardan birida korrupsionerlar reyestri to‘g‘risidagi qonun “bir-ikkita idoralarning e’tirozlari” borligi sabab “cho‘zilib ketganini” aytgandi.
Prezident farmoniga ko‘ra, reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanishi kerak:
- davlat xizmatiga qabul qilinish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kirish;
- ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi; davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi qonun loyihasi bilan birga, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash haqidagi qonun loyihasi ham bir necha yildan beri kechikmoqda.
Prezident farmoniga asosan, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiyalash 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak edi. “Deklaratsiyalash boshlangach, qaysi amaldorning qancha boyligi borligi hamma uchun ochiq bo‘ladi”, degandi o‘shanda Akmal Burhonov.