BRBga ajratilgan qarzlar ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi

Iqtisodiyot 20:45 / 10.09.2024 1802

7 sentabr kuni “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qarorning 10-bandiga asosan, Biznesni rivojlantirish bankiga 2023 yildagi prezident qarori asosida Tiklanish va taraqqiyot bankidan ajratilgan 300 mln dollarning 200 mln dollari bank ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Qolgan 100 mln dollar esa milliy valutada yillik 14 foiz stavkada subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtiriladi.

O‘tgan yilgi qarorga muvofiq, 300 mln dollar mablag‘ning 75 mln dollari bank ustav kapitaliga yo‘naltirilsa, 225 mln dollari qarz sifatida 15 yilga berilishi kerak edi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ajratilgan mablag‘lar bank ustav kapitaliga konvertatsiya qilinishiga munosabat bildirib, BRB 2 yildan buyon zararda faoliyat yuritayotgani, 2 yilda to‘plangan zarar 670 mlrd so‘mdan oshganiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror davlat BRBni xususiylashtirish maqsadida emasligini ko‘rsatadi. Ma’lumot uchun, 2020-2025 yillarda bank tizimini isloh qilish strategiyasiga asosan, qator banklari sirasida “Qishloq qurilish bank”dagi (BRB QQBning negizida tashkil etilgan) davlat ulushlarini ham sotish ko‘zda tutilgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida Mikrokreditbank ustav kapitalini oshirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan jami 2 trln 23 mlrd so‘m yo‘naltirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: