Bolgariya hududiy suvlarida 13 ta davlat ishtirokida harbiy o‘quvlar o‘tkaziladi

Jahon 00:22 / 10.09.2024 2295

Bolgariya hududiy suvlarida 13 davlat vakillari ishtirokida Sea Breeze xalqaro o‘quvlari bo‘lib o‘tadi.

«O‘quvlarning asosiy maqsadi — suzuvchi va suv tubidagi minalarga qarshi kurashish bo‘yicha taktik harakatlar hamda usullarni sinab ko‘rishdan iboratdir», — deydi Bolgariya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni kontr-admiral Kirill Mixaylov. 

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining oltita flotiga qo‘mondonlik qiluvchi vitse-admiral Tomas Ishining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tufayli Qora dengizda 105 ta dengiz minasi topilgan bo‘lib, natijada kamida beshta kemaga shikast yetgan.

«Maqsadimiz mamlakatlarning birgalikda ishlash qobiliyatini yaxshilash va bunday o‘q-dorilarni yo‘q qilishda turli xil taktikalarni qo‘llashidan iborat. Davlatlarning har biri suzuvchi minalarni topish va ularni zararsizlantirish bo‘yicha o‘z usullarini namoyish etadi. Ayrim operatsiyalar qirg‘oqda o‘tkaziladi», — deydi Amerika qo‘mondoni.

Ma’lum qilinishicha, sentabr oxirida minalarga qarshi guruhning navbatdagi 10 kunlik o‘quvlari boshlanadi va unda Turkiya ham ishtirok etishi kutilmoqda. Shundan keyin noyabr oyida guruh «Poseydon» o‘quvlarida qatnashadi va o‘z faolligini Ruminiyaning Konstansa portida o‘tkaziladigan jarayonlardagi ishtiroki bilan yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 11 yanvarida Turkiya, Ruminiya va Bolgariya o‘rtasida Qora dengizda minalarga qarshi harbiy-dengiz guruhini yaratish bo‘yicha memorandum imzolangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: