Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi saqlash vazirligi Andijon shahrida shifokorlarning noto‘g‘ri tashxisi tufayli homilador ayolning vafot etganiga munosabat bildirdi. Bu holat haqida Kun.uz 9 sentabr kuni xabar bergan edi.
SSBning 10 sentabr kuni ma’lum qilishicha, bu haqdagi xabardan keyin holat to‘liq nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruh tomonidan tezkor o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
“Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga huquqiy baho berish taqozo qilingani sababli ekspertlarning dastlabki xulosalari hamda tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi. Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilyapti”, – deyiladi boshqarma axborotida.
Bu voqeada, Andijon shahar perinatal markaziga ko‘richak bilan og‘rib murojaat qilgan 26 yoshli, 8 oylik homilador ayolni shifokorlar to‘lg‘oq keltiruvchi ukol yordamida tug‘dirib olishgan. Shifokorlardan biri uning turmush o‘rtog‘iga ayolida kuchli sehr borligini, tezda chalpak va holvaytar qilib tarqatmasa, ayoli o‘lishi mumkinligini aytgan. Ayolning yaqinlariga ko‘ra, shundan keyin uning ahvoli yomonlashgan va ko‘richak yorilishi oqibatida vafot etgan – shifokorlar bemorning ko‘richak bo‘lganini tug‘uruqdan keyin bilib qolishgan.