ICT WEEK UZBEKISTAN 2024 haftaligi doirasida O‘zbekiston-Latviya raqamli hamkorlik forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 14:14 / 08.09.2024 1390

18 sentabr kuni Toshkent shahrining CAEx majmuasida ICT WEEK UZBEKISTAN 2024 haftaligi doirasida O‘zbekiston-Latviya raqamli hamkorlik forumi bo‘lib o‘tadi. Forum IT sohasida ikki mamlakat vakillari, ilmiy doiralar va biznes vakillarini birlashtirish imkoniyatini beradi.

Unda AKT siyosati va raqamli hukumat, davlat va xususiy sektorda 5G roli, raqamli ko‘nikmalar va ta’lim, sun’iy intellekt sohalarida zamonaviy ilg‘or tajribalar, yechimlar va muammolar haqida ma’lumot almashish imkoni bo‘ladi. 

Forumda O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirligi va AKT sohasidagi tegishli idoralar vakillari bilan bir qatorda Latviya tomonidan Aqlli ma’muriyat va mintaqaviy rivojlanish vazirligi, Elektron kommunikatsiyalar ofisi, Latviya IT klasteri, “Tilde” kompaniyasi, shuningdek Riga texnika universiteti va boshqa ta’lim sohasidagi tashkilotlari vakillari ishtirok etadi.

Latviya va O‘zbekiston an’anaviy ravishda Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi yaqin aloqa va savdo aloqalariga ega. Bugungi kunda har ikki mamlakatda raqamli transformatsiya hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar mavjud. Latviya davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda IT eksporti bo‘yicha yetakchi mamlakatlar qatorida sanaladi. 

O‘zbekiston o‘zining jadal rivojlanayotgan AKT sohasi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari, istiqbolli rejalari bilan Latviya kompaniyalari va investorlari uchun jozibador sanaladi. O‘zbekiston-Latviya raqamli hamkorlik forumi ikki mamlakat o‘rtasida IT sohasida tajriba almashish va hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: