Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi «Qora-Suv» va «Intimaq» nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ochiladi

O‘zbekiston 17:50 / 07.09.2024 4916

Turmush.kg nashrining xabar berishicha, 6 sentabr kuni Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi maxsus vakili Elchibek Jantayev, shahar hokimi va rasmiylar nazorat-o‘tkazish punkti va rekonstruksiya ishlari bilan tanishgan.

Elchibek Jantayevga ko‘ra, «Qora-Suv» foydalanishga topshirilsa, Andijon va O‘sh o‘rtasidagi eng yirik «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida yuklama kamayadi. Shuningdek, rekonstruksiya ishlari doirasida «Qorasuv» nazorat-o‘tkazish punktigacha bo‘lgan yo‘llar ham kengaytirildi.

Qirg‘iziston rasmiylari 14 yil oldin yopilgan nazorat punkti ochilishga tayyor ekanini aytgan. Hozircha ikki mamlakat fuqarolari rasman qachondan ushbu punkt orqali harakatlanishi mumkinligi aytilmagan.

Bundan tashqari, qo‘shni mamlakat rasmiylari «Intimaq» nazorat-o‘tkazish punktiga tashrif buyurgan. Bu yerdagi Shahrixonsoy daryosi ustidagi ko‘prik qayta tiklanmoqda. Ko‘prik orqali ikki mamlakat avtomobillari harakatlanishi mumkin bo‘ladi. «Intimaq» nazorat-o‘tkazish punkti 2004 yildan buyon yopiq edi.

Ma’lumot uchun, qirg‘iz rasmiylari tilga olgan ikkala nazorat o‘tkazish punkti ham Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani bilan chegaradosh. Bu punktlarning muhimligi chegaraga yaqin hududda (taqriban 2 km) O‘sh viloyatidagi eng yirik Qorasuv bozori joylashgan ekanida.

O‘zbekiston tarafi hozircha chegara punktlarining ochilishi borasida izoh bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: