Oltinko‘l tumanida tadbirkorlar ommaviy elektr tokidan uzildi. Ular quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanyapti

O‘zbekiston 17:26 / 07.09.2024 9070

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi do‘konlar, dorixonalar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, pishiriq sexlari, o‘quv markazlari, ishlab chiqarish korxonalari 7 sentabr kuni ertalabdan ommaviy ravishda elektr tokidan uzib qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz'ga tumanda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar ma’lum qildi.

“Bugun soat 9:30-10 lar atrofida svet o‘chdi. Keyin eshitsam, tumandagi hamma tadbirkorlar elektr tokidan ommaviy uzilayotgan ekan. Bizga bu tuman prokuraturasining topshirig‘iga asosan qilinganini aytishdi. 10-15 tadbirkor birga prokuraturaga borsak, “bizning xabarimiz yo‘q”, deyishdi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasining aytishicha, agar quyosh panellarini o‘rnatmasak, svet berilmas ekan.

“Quyosh panellarini o‘rnatib, tuzilgan shartnomalarni bizga olib kelib ko‘rsatinglar, tok beramiz”, deyishyapti. Endi ertalabdan beri qurbi yetgan, kattaroq tadbirkorlar quyosh panellarini izlashga tushib ketgan. Ular-ku amallab o‘rnatar, lekin mening bunga hozir qurbim yetmaydi, menda ortiqcha pul yo‘q hozir. Mayli, bir oy muhlat berishsin o‘rnatishga, amallarmiz. Lekin hozir svetni o‘chirib, hozir o‘rnatasan deyishi mantiqsiz. Biznesni zararga kiritishyapti”, – deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri.

Tuman elektr tarmoqlariga murojaatda pishiriq tayyorlaydigan sexlar muzlatkichlarda aynib qoladigan mahsulotlar borligi, tezroq elektr tokini yoqishni so‘ragan.

“Lekin hech kimning muammosini inobatga olishmayapti, quyosh panellarini o‘rnatishga majbur qilishyapti”, – deydi yana bir tadbirkor.

Kun.uz holatga aniqlik kiritish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Kompaniya matbuot kotibining aytishicha, bunday murojaatlar boshqa hududlardan ham kelib tushgan.

“Lekin ogohlantirishsiz uzilgan bo‘lishi mumkin emas. Tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishi kerak, bu borada tegishli O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli, 2024 yil 31 maydagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-222-sonli qarorlarida nazarda tutilgan”, – deydi kompaniya matbuot kotibi Fahriddin Nuraliyev

Kun.uz Oltinko‘l tuman hokimligi matbuot kotibiga bog‘lanib izoh olishga urindi, lekin buning iloji bo‘lmadi.

Ko‘proq yangiliklar: