Jonzotlar so‘yilishini avvaldan sezishadi – toshloqlik qassob hikoyasi

Jamiyat 10:53 / 07.09.2024 25984

“Qassoblikning mas’uliyati katta, bu kasbda halol-u pok bo‘lish juda muhim, tarozi masalasida ayniqsa ehtiyot bo‘lish zarur”, deydi u.

Qassob go‘shtning narxi oshib borayotgani sababi, kasbining mas’uliyati haqida so‘zlab berdi:

“Hunarimiz, ota-bobolarimizdan qolgan kasb ekan buni halol bajarishga harakat qilamiz. Rahm-shafqatsiz odam bo‘lmasa kerak, shu jonivorlarni so‘yayotganimizda iloji boricha ularga ozor bermaslikka, qiynamaslikka harakat qilamiz. Yana xalqning luqmasini bulg‘ab qo‘ymaslik uchun halollikka, pokizalikka rioya qilishga ko‘proq urinamiz.

Umidjon Oxunov, qassob

Birinchi marta 12 yoshimda qo‘y so‘yganman. U vaqtda katta qora mollarni so‘yishga kuchim yetmasdi. Bizning oilamizda qassobchilik avloddan avlodga o‘tib kelayotgan kasb hisoblanadi. To‘rtinchi avlodman oilada kasbni davom ettirayotgan. Bobomning otasi, bobom, otam va mana men qassoblik kasbini davom ettiryapman.

Jonivor o‘limidan avval yig‘laydi...

Hayvonning bo‘g‘ziga birdan pichoq tortib yuborish juda qiyin narsa. Buni his qilgan odam biladi albatta. Buni so‘z bilan tushuntirib berish qiyin. Yoshligimizdan shu kasbni egallay boshlaganimiz uchun ham o‘rganib qolgan bo‘lsak kerak. Lekin o‘zimiz ham qo‘y, mollarni boqib turamiz, chorvalarimiz bor. Molni yerga qulatganizda bechora jonivor yig‘lab, noliganday bo‘ladi. Qo‘y uncha-muncha sezmaydi buni. Chunki u mening junimni olsa kerak deb tinch turadi. Islomda hayvonning bo‘g‘ziga pichoq tortguncha takbir aytib turiladi.

Halol va pokiza joyda hayvonlarni so‘yish kerak, taqvoda bo‘lish kerak. Chunki bu mas’uliyatli kasb baribir. Alloh ham shukur qilsangiz rizqingizni ziyoda qilib beraman degan. Mana shu kasbning orqasidan oilamizga halol luqma yediryapmiz, farzandlarimizni o‘qityapmiz, uylantiryapmiz.

Do‘konga bir parcha go‘sht so‘rab keladiganlar ham bor...

Fermer xo‘jaligi tashkil qilganmiz. Qoramollarni, qo‘ylarni so‘yib, arzon go‘shtni xalqqa tarqatib turamiz ba’zida. Xalqdan mol sotib olib uni ham so‘yib qassobxonaga topshiramiz. Xalqqa arzon go‘sht tarqatishni kengaytirish niyatimiz bor.

Odamlar avvalgiday ko‘p go‘sht sotib olmayapti, oz-ozdan sotib olishmoqda. Shunga ham shukr qilamiz. Xudoga shukur savdolar bo‘lib turibdi. Alloh rizqni ularga shunday qilib bergan ekan. Qassobxonamizga bir parcha go‘sht so‘rab keladiganlar ham uchrab turadi, o‘shanda yigitlarga suyaksiz go‘sht qilib beringlar deyman. Chunki ko‘proq go‘sht yeyishsin deyman, sharoitlari og‘ir bo‘lsa buni tushunaman. Suyaklarini etdan ajratib bepul berib yuboraman. Mustaqillik davrlari yoki undan avvalgi davrlarda oz go‘sht oladigan aholi kam edi. Hozir esa bundaylar ko‘paygan. Alloh bularning rizqini ham ulug‘ qilsin ilohim.

Do‘konlarimizda qarz daftarlarimiz bor, aholi sharoitiga qarab qarzga go‘sht olib ketishadi. Ba’zi qassoblar go‘sht narxi ko‘tarilganda qarzlarni ham o‘sha narxda qaytarishlarini so‘rar ekan. Bizda bunday qoidalar yo‘q. Ba’zi qarzlardan ehson uchun deb kechib yuboramiz, yozuv-chizuvlarni ham qilmaymiz. Himmatli ukalarimiz 500 ming yoki undan ko‘proq pulni do‘konga hadya qilishib, qarzi borlarning qarzlarini o‘chirib qo‘yishimizni yoki kamroq go‘sht olayotganlarga go‘sht qo‘shib berishimizni so‘raydilar. Biz ham ko‘paytirib beramiz Allohga shukur, shundan odamlar minnatdor bo‘lishadi.

Sifatli go‘sht tanlash yo‘li...

Go‘sht tanlashda qassobning taqvosiga ham e’tibor berish kerak. Keyin novvosning go‘shti ancha barakali bo‘ladi, g‘unajin go‘shti ancha shirin, ammo yog‘liroq bo‘ladi. Rangi oq novvos go‘shti sifatli va yangi bo‘ladi, qizg‘ishroq go‘shtlar ko‘pincha yoshi kattaroq molning go‘shti bo‘ladi. Go‘sht olganda shunga e’tiborli bo‘lish kerak ko‘proq.

Novvos qasdlashsa yomon bo‘ladi...

Hayvon qasdlanib qolishi odamning qasdlanishidan ancha yomon bo‘ladi. Yoshligimda bir novvosni qattiq urib qo‘yganman va menga tashlangan. O‘shanda bobom o‘zing novvosni urgan ekansan shunga qasdini olishni xohlaydi deganlar. Shu sababdan hayvonlarga ham e’tiborli bo‘lish kerak. 

Qassob bo‘lib ishlaydigan har bir musulmon o‘ziga halollikni, taqvoni odat qilishi kerak. Chunki Alloh o‘zining bandasi bilan orasidagi haqidan voz kechishi mumkin, lekin bandalar o‘rtasidagi haqdan hech qachon voz kechmaydi. Shu sababdan tarozidan urib qolish ham harom. Bobomning otalari vafot etayotganlarida bobom 4 yoshli bola bo‘lgan ekanlar va qassoblikning javobi qiyin shunga buni oqlay olmasa bu kasbni ortiq qilmasin degan ekanlar. Shunga ham bolalarimga do‘konda turganda mijoz kelsa taroziga qo‘ygan go‘shtingni xaridorga ko‘rsat deyman. Xaridor rozi bo‘lsa o‘rab ber deymiz.

850 gramm lahm, 150 gramm suyak...

Tarozining haqqi oxiratda ham odamni juda qiynaydigan masala shunga hamkasblarimiz bunga e’tiborli bo‘lishsin deymiz. Odamzot bu ishlarni qilishdan oldin oxiratini o‘ylab ish qilishi kerak. Bobom otamga bu kasbni meros qilayotganlarida bir necha shartlarni qo‘yganlar. Birinchidan taroziga e’tiborli bo‘lish, so‘ngra taqvoga rioya qilish, halollikka rioya qilish kabi. Otam buni mahkam ushlab keldilar, biz ham qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz bu o‘gitlarga amal qilishga.

Qassoblikning qoidasiga ko‘ra 800 gramm lahm go‘sht, 150 yoki 200 gramm suyak xaridorga berish kerak. Lekin hozir go‘sht qimmat bo‘lganiga ham 850 gramm lahm, 150 gramm qo‘y go‘shti qilib beryapmiz. Qo‘ldan kelgancha arzonroq qilib xalqqa tarqatyapmiz.

Xonadonlarda chorva kamayib ketdi...

Avval har bir xonadonda 4 bosh qo‘y, 2 bosh mol bo‘lardi. Hozir bu kasbning ham barakasi ketdimi yoki yem qimmatlik qilyaptimi, xullas, xonadonlarda boqiladigan mollar kamayib ketyapti. Shuning hisobiga ham go‘sht narxi qimmatlashib ketyapti.

Har bir hunar egasi o‘z kasbining ilmini bilishi kerak. Bu ilmni o‘rganish uchun ustozga shogird tushish kerak albatta. Keyinchalik bir ishni qayta-qayta qilib, qassob ham molning qancha go‘sht qilishini bir qaraganda taxmin qila oladigan bo‘ladi.

Bizning hunarda ham turli xil qiziqarli voqealar bo‘lib turadi. Shoxdor mollar o‘z egalarini yoki yon atrofdagi odamlarni tortib ketgan holatlar bo‘lgan. Bir tanishimda ham shunday holat bo‘lgan.

Qassoblikni kasb qilishni xohlagan ukalarimizga maslahatlarim ham bor, albatta. Avvalo halol bo‘lishsin, molni so‘yganda tahoratli bo‘lishsin. Xalqning luqmasiga mas’uliyatli bo‘lishsin. Go‘shtning noqobil chiqib qolishiga qassoblar sababchi bo‘lib qolishi mumkin. Shunga ehtiyot bo‘lishsin.

Men 12 yoshimda go‘sht sotish uchun do‘konga chiqqanman. O‘shanda go‘sht 5 000 so‘m edi. Armiyadan kelsam 7 000 so‘m bo‘lgan ekan. Xonadonlarda yem sotib olib mollar boqilsa ham o‘z xarajatlarini qoplaydi. Masalan, o‘zimizning molxonamizda ham haftasiga 13 yoki 14 bosh mol turadi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: