5 sentabr, payshanba kuni AQShda olti nafar rossiyalik kompyuterni buzish va firibgarlik bilan shug‘ullanganlikda ayblandi. AQSh Adliya vazirligi o‘z saytida ma’lum qilishicha, rasmiylarga ko‘ra, ayblanayotgan besh nafar shaxs «GRU» 29155-harbiy qismi xodimlaridir.
Bu Yuriy Denisov - Rossiya qurolli kuchlari polkovnigi va 29155-sonli kiberoperatsiya bo‘linmasi qo‘mondoni, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlarining kiberoperatsiyalar bilan shug‘ullangan va 29155-bo‘linmasiga tayinlangan to‘rt nafar leytenant: Vladislav Borovkov, Denis Denisenko, Dmitriy Goloshubov va Nikolay Korchagin, deyiladi press-relizda.
Oltinchi shaxs Amin Stigal bo‘lib, u avvalroq kompyuterni buzishga aloqadorlikda ayblangan. Endi ularga firibgarlik ayblovi qo‘shildi, deya aniqlik kiritdi AQSh Adliya vazirligi.
Merilend shtati sudyalar hay’atining ayblov xulosasida aytilishicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumi arafasida rossiyaliklar «Ukraina fuqarolari orasida hukumat tizimlari va shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi haqida xavotir uyg‘otish» uchun Kiyevdagi hukumatga aloqador veb-saytlarga buzib kirish niyatida bo‘lgan.
AQSh chechenistonlik hakerni Ukraina davlat saytlariga hujumda aybladi
Avvalroq AQShning Merilend shtatidagi sudyalar hay’ati 22 yoshli Rossiya fuqarosi Amin Stigalni Ukraina va uning ittifoqdoshlari, jumladan, AQShdagi bir nechta davlat idoralari kompyuter tizimlariga buzib kirishga uringanlikda aybladi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligining 26 iyun kuni chop etilgan press-relizida aytilgan.
Adliya vazirligi matniga ko‘ra, Stigal Rossiya harbiy razvedkasi («GRU») bilan Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hujumi boshlanishidan bir oy ko‘proq vaqt oldin til biriktirgan. Stigal ayblanayotgan Ukraina IT-tizimlariga hujum 2022 yil 14 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. WhisperGate zararli dasturi yordamida Ukraina hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, Sport vazirligi, Energetika vazirligi, Agrar siyosat vazirligi, Faxriylar ishlari vazirligi veb-saytlari, shuningdek, davlat g‘aznachiligi va davlat xizmatlari veb-saytlariga hujum qilingan. Keyinchalik, prokuraturaning fikricha, Stigal Ukraina ittifoqchilari tizimlariga hujum qilgan.