Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov ushbu platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun Fransiya rasmiylari tomonidan Telegram bosh direktori sifatida unga qo‘yilgan ayblovlarni «noto‘g‘ri yondashuv» deb atadi. 5 sentabr, payshanba kuni Durov Fransiyada hibsga olinishini birinchi marta izohlar ekan, hech bir innovator kelajakdagi foydalanuvchilar tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun shaxsan javobgar bo‘lishi mumkinligini bilsa, yangi texnologiyalar yaratmaydi, dedi. Uning ta’kidlashicha, fransuz hukumati hibsga olinishidan oldin ham u bilan «ko‘p jihatdan», xususan, «tez-tez mehmon» bo‘lgan Dubaydagi Fransiya konsulligi orqali bog‘lanishi mumkin edi.
Durov: Telegram xavfsizroq bo‘ladi
«Ba’zi ommaviy axborot vositalarining Telegram qandaydir anarxik platforma ekanligi haqidagi da’volari mutlaqo yolg‘on», dedi tadbirkor va jamoasi «har kuni millionlab zararli nashrlar va kanallarni» o‘chirib tashlashini qo‘shimcha qildi. Biroq, messenjer foydalanuvchilari sonining keskin o‘sishi undagi «suiiste’mollikka yordam berdi», dedi Durov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «avgust voqealari» Telegram «xavfsizroq va kuchliroq» bo‘lishiga olib keladi.
Pavel Durov Telegram maxfiylik va xavfsizlik o‘rtasidagi «to‘g‘ri muvozanat» bo‘yicha kelishib bo‘lmaydigan mamlakatlarni tark etayotganini alohida ta’kidladi. «Biz buni ko‘p marta qilganmiz. Rossiya kuzatuvni faollashtirish uchun shifrlash kalitlarini topshirishni talab qilganida, biz rad etdik - va Telegram Rossiyada taqiqlangan edi». Durovning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday vaziyat Eronda ham bo‘lgan, o‘sha mamlakat hukumati «tinch namoyishchilar»ning Telegram-kanallarini bloklashni talab qilgan. «Biz o‘z tamoyillarimizga to‘g‘ri kelmaydigan bozorlarni tark etishga tayyormiz, chunki biz buni pul uchun qilmayapmiz», - deya ogohlantirdi Pavel Durov.
Pavel Durov ishi
24 avgust kuni Le-Burjye aeroportida qo‘lga olingan Telegram asoschisi 28 avgust kuni Parijdagi hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyani tark etish taqiqlangan va haftasiga ikki marta politsiyaga hisobot berishi shart.
Parij prokuraturasi bayonotida aytilishicha, 39 yoshli Durov bir nechta jinoyatlarda gumon qilinib, tergov qilinmoqda. Ular orasida noqonuniy faoliyat olib boriladigan platformani boshqarish, rasmiylar tomonidan so‘ralganda ma’lumot berishdan bosh tortish, pul yuvishda ishtirok etish, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar, giyohvand moddalar savdosi va firibgarlik bor.