Mikrofon navbatma-navbat o‘chiriladi – Tramp va Harris teledebat qoidalarini kelishib oldi

Jahon 19:22 / 06.09.2024 2395

10 sentabr kuni prezidentlik debatini efirga uzatadigan Amerikaning ABC telekanali Kamala Harris va Donald Tramp munozarasi davomida mikrofonlarni bir vaqtda emas, balki navbatma-navbat o‘chiradi. Bunga ikkala nomzod ham rozi bo‘ldi, deb xabar berdi BBC.

Qayd qilinishicha, iyun oyida Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasida CNN telekanalida o‘tkazilgan debat aynan shunday qoida bo‘yicha olib borilgan. Ushbu debatda Bayden muvaffaqiyatsizlikka uchragan va keyinchalik nomzodini qaytarib olgan edi.

Biroq o‘tgan haftada Harrisning saylovoldi shtab-kvartirasi ABC telekanali rahbariyatidan efir davomida mikrofonlarini o‘chirmaslikni so‘ragani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu ikkala nomzodga bir-birining gapini bo‘lib, bir vaqtning o‘zida gapirib, raqibining ovozini «bo‘g‘ish» imkonini berar edi.

«Vitse-prezident real vaqt rejimida Trampning doimiy yolg‘onlari va gapni bo‘lishga urinishlari bilan kurashishga tayyor. U ovozni o‘chirish tugmasi orqasiga «yashirinishni» bas qilishi kerak», dedi Harris kampaniyasining aloqa bo‘yicha katta maslahatchisi Brayan Fellon.

Tramp bunga javoban raqibini munozaradan qochishga urinayotganlikda aybladi.

«Aslida, u munozara qilishni istamagani uchun «chap berishga» harakat qilmoqda. U qanday qilib debat o‘tkazishni bilmaydi», dedi sobiq prezident.

Biroq, yakunda teleradiokompaniya tomonidan taklif qilingan qoidalar har ikki nomzodning saylov shtabi rahbarlari tomonidan qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: