Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida elektrotexnika tarmog‘iga oid ko‘p masalalar o‘z yechimini topdi.
Masalan, faktoringdan eng ko‘p foydalanuvchi ham elektrotexnika korxonalari. Yil yakunigacha sohaga kamida 30 million dollarlik faktoring uchun resurs jalb qilinadi.
Hozirda tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda chetdan kirayotgan tovarlar bojxona boji va QQSdan ozod qilingan. Lekin bu loyihalarda qatnashayotgan mahalliy korxonalar QQS to‘layotgani oqibatida import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmagani uchun bunday loyihalardagi ishtiroki cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilishi belgilandi.
Tarmoq korxonalariga yagona talab – sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.