Xitoy Afrikaga milliardlab sarmoya kiritmoqchi

Jahon 11:40 / 05.09.2024 5697

4 sentabr, chorshanba kuni Pekinda Xitoy-Afrika hamkorligi forumi (FOCAC) ochilishida XXR raisi Si Jinping Pekinning Afrika davlatlariga 360 milliard yuan (45,8 milliard yevro) miqdorida sarmoya kiritish niyatini e’lon qildi.

Kelgusi uch yilda 210 milliard yuan (26,7 milliard yevro) kredit ko‘rinishida, yana 80 milliard yuan (10,1 milliard yevro) turli yordam ko‘rinishida berilishi rejalashtirilgan. Nihoyat, Xitoy korxonalari tomonidan mintaqaga yana 70 milliard yuan (8,9 milliard yevro) sarmoya kiritiladi.

Xitoy tomonining ma’lum qilishicha, Xitoy-Afrika hamkorligiga bag‘ishlangan forumda 50 ga yaqin Afrika davlatlari va hukumatlari rahbarlari ishtirok etyapti. Unda Xitoy va Afrika davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim, savdo, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, shuningdek, harbiy soha kabi yo‘nalishlarda kengaytirish muhokama qilinadigan asosiy mavzular bo‘lishi kutilmoqda.

Si aytganidek, Xitoy Afrika davlatlari bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqchi, «yashil» energiya loyihalarini ishlab chiqmoqchi, shuningdek, Afrikaga tibbiyot xodimlarini yubormoqchi. Shu bilan birga, Pekin Xitoy bozorini Afrika davlatlari uchun ochish va ular bilan kelajakda bojxona to‘lovlarisiz savdo qilish niyatida, deya qo‘shimcha qildi Xitoy raisi. 

Si Jinping G‘arbning Afrika rivojidagi o‘rni haqida 

Shu bilan birga, Si G‘arbning Afrika taraqqiyotidagi rolini tanqid qildi. «Modernizatsiya bilan shug‘ullanish barcha davlatlarning huquqidir», dedi u FOCAC ochilishida nutq so‘zlab. «G‘arbning modernizatsiya qilish jarayoni ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarga katta qayg‘u keltirdi», — deya qo‘shimcha qildi u. Forum ochilishiga bag‘ishlangan ziyofat marosimida Xitoy rahbari afrikalik mehmonlar bilan suhbatda, shuningdek, «Xitoy va Afrika XX asr o‘rtalaridan boshlab imperializm, mustamlakachilik va gegemonlikka qarshi yelkama-yelka kurashib kelishdi hamda ular taraqqiyot, tiklanish va modernizatsiya yo‘lida birga borishi kerak», dedi, deb yozadi dpa. 

O‘z navbatida forumga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xitoy va Afrika hamkorlikni rivojlantirishda «BMTning to‘liq ko‘magiga tayanishi mumkinligini» ta’kidladi. Umumiy maqsadlar tinchlik, ishlab chiqarishni ekologik xavfsiz rivojlantirish va inson huquqlarini himoya qilishdir, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, Guterrish ba’zi Afrika davlatlarining Pekin oldidagi qarzlari bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, mintaqada ishlab chiqarishni ekologik xavfsiz rivojlantirishga sarmoya kiritishdagi qiyinchiliklarga e’tibor qaratdi. 

Xitoyning Afrikadagi sarmoyalari

O‘tgan yillar davomida Xitoy Afrikadagi yirik infratuzilma loyihalariga milliardlab dollar sarmoya kiritdi. «Ko‘p davlatlar bundan foyda ko‘rdi, biroq boshqalari Xitoyga qaram bo‘lib qoldi, chunki ular olgan kreditlarini to‘lay olmadi», deb ta’kidlaydi dpa agentligi bu borada. Mintaqaga sarmoya kiritish orqali Pekin Afrika bozoridan, shuningdek, Afrikada mavjud foydali qazilmalardan foydalanishga va xalqaro maydonda Afrika davlatlarini qo‘llab-quvvatlashga umid qilmoqda, deya tushuntiradi nashr. 

Xitoy-Afrika hamkorlik forumi 2000 yildan beri har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. 2024 yilda u Pekinda 4-6 sentabr kunlari bo‘lib o‘tyapti.

Ko‘proq yangiliklar: