Rejalashtirilayotgan ishlab chiqarishni yopish 2026 yilgacha 10 mlrd yevroni iqtisod qilishga yo‘naltirilgan xarajatlarni kamaytirish dasturining bir qismi bo‘ladi. Kompaniya elektromobillarga o‘tishda jon saqlab qolish uchun xarajatlarni optimallashtirishga qaror qilgan, deb yozmoqda TRT.
Bu qaror ishlab chiqarish kengashining qattiq qarshiligini keltirib chiqardi, xususan bosh direktor Oliver Blyum va VWʼda katta ta’sir kuchiga ega kasaba uyushmalari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Konsern rahbariyati ishchilar bilan uchrashib, qisqartirishlar nega zarur bo‘layotganini tushuntirishni rejalashtirmoqda.
GFRdagi murakkab iqtisodiy vaziyat, Yevropa va Xitoydagi yangi raqobatchilar, shuningdek, nemis iqtisodiyoti raqobatbardoshligining tushishi Volkswagenʼni tarixiy zavodlarni yopish tomon yanada qadam bosishga majburlamoqda, degan Blyum qisqartirishlarni izohlab.
Tahlilchilar VWʼning Osnabryuk (Quyi Saksoniya) va Drezden (Saksoniya)dagi zavodlarini yopish uchun potensial nomzodlar deb sanagandi. Quyi Saksoniya yeri Volkswagenʼning kattaligi bo‘yicha ikkinchi aksioneri hisoblanadi. Hudud hokimiyati VWʼning zavodni yopish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
680 ming ishchi-xodimlarga ega Volkswagen 1994 yildan buyon amal qilib kelayotgan, 2029 yilgacha ishchi o‘rinlar qisqartirilishining oldini olishga qaratilgan bandlikni ta’minlash dasturini ham tugatishga majbur ekanini ma’lum qilgan. Konsernning ma’lum qilishicha, barcha choralar ishlab chiqarish kengashida muhokama qilinadi.
Qizig‘i shundaki, bozorlar VW rahbariyatining bu qaroriga ijobiy reaksiya ko‘rsatgan — konsern aksiyalari yangiliklardan so‘ng 1,2 foizga ko‘tarilgan. Biroq umuman olganda kompaniya uchun ahvol havas qilarli emas: so‘nggi 5 yil ichida kompaniya aksiyalari o‘z qiymatining uchdan bir qismini yo‘qotgan. Bu Yevropadagi yirik avto ishlab chiqaruvchilar orasida eng yomon natija.
VW Yevropa, AQSh va Xitoyda muammolarga duchor bo‘lmoqda, ayniqsa Xitoyda BYD boshchilik mahalliy elektromobil ishlab chiqaruvchilar Volkswagenʼning bozordagi ulushlarini egallab olmoqda. So‘nggi ikki yilda nemis konserni istalgan raqobatchisidan ko‘proq aksiya qiymatini yo‘qotgan.
Volkswagenʼning rejalari Saksoniya iqtisodiyotini qutqarishni va’da qilgan Germaniya kansleri Olaf Sholsga so‘nggi zarba bo‘ldi. Avto ishlab chiqaruvchining siyosati Sholsning pozitsiyalarini yanada yomonlashtirib, ultrao‘ng millatchi kuchlarning ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.