Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonning an’anaviy yirik savdo hamkori hisoblanadi. Joriy yilning 7 oyida tovar ayirboshlash hajmi 29,1 foizga o‘sib, 6,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu davrda Rossiya Federatsiyasiga 175 tovar pozitsiyalarida eksport hajmining o‘sishi kuzatildi. 11,3 million dollarlik 64 ta yangi tovar eksporti yo‘lga qo‘yildi.
Muzokaralar davomida sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tegishli rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Ular O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma Chora-tadbirlar rejasi doirasidagi loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati to‘g‘risida ma’lumot berdilar. Dastur ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadga erishishga qaratilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyati bilan ham tanishdilar.
Muzokaralar yakunida hamkorlikni kuchaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha birgalikda samarali choralarni ko‘rishda davom etishga tayyorlik bildirildi.