Qashqadaryoda paxta to‘qimachilik klasterlari 3 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olgan

Iqtisodiyot 12:55 / 05.09.2024 2431

Qashqadaryoda 2 ta paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan 3 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olingan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlar sun’iy oshishining oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, monitoring kuzatuvlari davomida Qashqadaryo viloyatida «Chiroqchi-klaster» MChJ va «Kitob ip yigiruv» AJlar tomonidan quyidagi qonun buzilishi holatlari aniqlangan:

  • umumiy 8 ming 310 tonna mahsulot birja savdolariga chiqarilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan;
  • jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga mahsulot qo‘yilmagan yoki kam hajmda yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yilgan;
  • mahsulotlar jadvallarda belgilangan muddatda birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirilmagan;
  • birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.

Buning natijasida korxonalar jami 3,2 mlrd so‘m asossiz daromad olgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan klasterlarga nisbatan qo‘mita tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Ortiqcha olingan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarish va qonun buzilishini bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: