Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi ta’kidlandi.
Xususan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish; sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashish uyushmaning asosiy vazifalari bo‘lishi zarur.
Shuningdek, injyener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berish, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqish; mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga stajirovkaga jo‘natish uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.