O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biri bo‘ldi

Iqtisodiyot 17:06 / 05.09.2024 6665

Iyul oyida O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar qatorida 2-o‘rinni egallagan. World Gold Council ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar oshganiga qaramay, iyul oyida markaziy banklarning oltinga talabi mustahkamlangan.

Hisobot davrida markaziy banklar tomonidan sof xaridlar ikki baravar ko‘payib, 37 mln dollarga yetdi. Polsha Milliy banki yetakchi xaridor bo‘lgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston Markaziy banki va Hindiston Zaxira banki egalladi.

World Gold Council Markaziy banklarning oltinga bo‘lgan talabi kelgusi oylarda davom etishini prognoz qilmoqda.

Iyul oyida yettita markaziy bank o‘z zaxiralariga bir tonna yoki undan ko‘proq oltin qo‘shgan, faqat Qozog‘iston Markaziy banki o‘zining oltin zaxiralarini qisqartirdi.

Polsha Milliy banki eng yirik xaridor bo‘lib, o‘z zaxiralariga sof 14 tonna oltin qo‘shdi, bu 2023 yil noyabridan beri eng yuqori oylik o‘sishdir. Bu xarid uning oltin zaxiralarini 392 tonnagacha yoki umumiy zaxiralarning 15 foizi miqdorigacha ko‘tardi.

O‘zbekiston Markaziy banki 9,6 tonna oltin sotib oldi va o‘z oltin zaxiralarini 375 tonnagacha yetkazdi. O‘tgan oydagi oltin xaridi hajmi 9 tonna bo‘lgandi.

Haftalik ma’lumotlarga asoslangan hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, Hindiston zaxira bankining oltin zaxiralari iyul oyida 5 tonnaga ko‘tarildi, ya’ni bank bu yil shu paytgacha har oy oltin sotib oldi. Yanvar-iyul oylarida Hindistonning sof oltin xaridlari jami 43 tonnani tashkil etib, zaxiralari 846 tonnagacha ko‘tarildi.

Bundan tashqari, iyulda Iordaniya, Turkiya, Qatar va Chexiya ham oltin sotib olgan.

Qozog‘iston Markaziy banki iyul oyida yagona sotuvchi bo‘lgan. Uning oltin zaxirasi 4 tonnaga kamaydi, bu esa uning oltin zaxiralarini 295 tonnagacha yoki umumiy zaxirasini 55 foizgacha qisqartirdi.

“Oltin narxining ko‘tarilishi bu yil markaziy banklarning oltin talabiga qandaydir ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa-da, sof oltin sotib olishning uzoq davom etgan tendensiyasi saqlanib qolmoqda”, – deyiladi WGC ma’lumotida.

Jahon oltin kengashi o‘tkazgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, oltin narxi oshgan bo‘lsa-da, uni sotib olishga talab kamaymasligi mumkin. Buning asosiy sabablari oltinning qiymat ombori sifatidagi roli va inqiroz davridagi ahamiyati bilan bog‘liq.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari iyul oyida 1,06 milliard dollarga o‘sgan holda, 1 avgust holatiga ko‘ra 37,4 milliard dollarni (+2,9 foiz) tashkil etdi. Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi yana 310 ming troya unsiyaga (9,64 tonna, iyun oyida 9,3 tonnaga o‘sgan) oshib, 12,05 million troya unsiyaga (374,8 tonna) yetgan.

Avvalroq, standart oltin quymasi narxi tarixda birinchi marta bir million dollardan oshgani ma’lum qilingandi. Bu 16 avgustda kuzatildi.

2024 yil boshidan buyon jahon bozorida oltin 20 foizga qimmatlashgan. Narxlarning oshishiga AQShda foiz stavkalarining pasayishi kutilayotgani, shuningdek, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik sabab bo‘lmoqda. Bu vaziyatda investorlar himoya aktivlarini ko‘proq sotib olyapti.

Ko‘proq yangiliklar: