Ukraina Oliy radasi 4 sentabr, chorshanba kuni Aleksandr Kamishinni strategik sanoat vaziri, Denis Malyuskani Adliya vazirligi rahbari, Ruslan Streletsni atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri va Olga Stefanishinani bosh vazirning yevrointegratsiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qildi.
Biroq parlament Irina Vereshchukning vaqtincha egallab olingan hududlarni reintegratsiya qilish vaziri lavozimidan va Vitaliy Kovalning Davlat mulk jamg‘armasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqishini qo‘llab-quvvatlamadi. «RBK-Ukraina» agentligining «Xalq xizmatkori» fraksiyasidan suhbatdoshi, Koval ishdan bo‘shatilishi uning keyinchalik Agrar siyosat vazirligi boshlig‘i etib tayinlanishiga e’tiroz bildirgan ayrim fraksiya deputatlari tomonidan sabotaj qilinganini aytdi. «Vereshchukka kelsak, u bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan chetlatilishidan mamnun emas edi va bu haqda deputatlarga xabar berdi, natijada unga sodiq «xizmatchilar» uning ishdan olinishini qo‘llab-quvvatlamadi», deb yozadi agentlik.
Kulebani ishdan bo‘shatish hali amalga oshmadi
Iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozgan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba hamon ishdan bo‘shatilishini kutmoqda - 4 sentabr kuni Oliy rada hukumatdagi bir qator kadrlar o‘zgarishiga ovoz berganiga qaramay, bu boradagi o‘zgarishni keyinga qoldirdi. «RBK-Ukraina» suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, ular Kuleba bo‘yicha ovoz berishni ertasi kunga qoldirishga qaror qilishdi, chunki «potensial» yo‘qligi va zalda yetarli deputatlar bo‘lmagani ayon bo‘lgan.
Agentlik manbalarga tayanib, Kuleba «muhim elchixonalardan birini» boshqarishi mumkinligini ta’kidlaydi. Gap Bryusselga tayinlash haqida bormoqda - u yerda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi vakolatxonalari bilan bir qatorda Belgiya va Lyuksemburgda Ukraina elchixonasi ham joylashgan. Shu bilan birga, prezident Volodimir Zelenskiy Kulebaning yangi lavozimga tayinlanishi haqida aniq javob bermadi va «bu haqda gapirishga hali erta» ekanligini ta’kidladi.
«Ukrainskaya pravda» nashrining avvalroq nomi oshkor etilmagan suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Dmitriy Kuleba iste’foga chiqqan taqdirda Ukraina tashqi ishlar vaziri lavozimiga asosiy nomzod tashqi ishlar vazirining amaldagi birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiga bo‘ladi.