O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil Filadelfiya yo‘lagidan qo‘shinlarni qisman olib chiqdi, deb xabar bermoqda AQSh prezidenti ma’muriyati.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yo‘q qilishga qaratilgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha dastur Filadelfiya yo‘lagi bo‘ylab joylashgan aholi zich yashovchi joylardan Isroil armiyasi askarlarini olib chiqishni ham nazarda tutadi, deyiladi bayonotda.
«Biz ishlay boshlagan oraliq taklifni o‘z ichiga oluvchi kelishuv Isroil armiyasini barcha aholi zich joylashgan hududlardan, jumladan ushbu yo‘lak bo‘ylab joylashgan tumanlardan ham olib chiqishni nazarda tutadi», — degan Oq uyning xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.
Misr Tashqi ishlar vazirligi ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning «Isroil harbiy ishtirokini Filadelfiya yo‘lagida saqlab turish» qarorini tanqid ostiga olgan. TIV shuningdek, Misr manziliga yog‘dirilgan ayblovlarni «toqat qilib bo‘lmas» deb atagan.
Vazirlik Netanyahu o‘zining G‘azodagi jinoyatlarini yashirish va o‘t ochishni to‘xtatmaslik uchun jamoatchilik fikrini chalg‘itayotganini ma’lum qilgan.
2 sentabr kuni o‘tgan matbuot anjumanida Binyamin Netanyahu «Biz G‘azo va Misr o‘rtasidagi Filadelfiya yo‘lagini tark etsak, qurol-yarog‘, harbiy materiallar, raketa ishlab chiqarish uchun uskunalar, tunnel qazuvchi mashinalar Misrdan kirib kela boshlaydi», degan edi.
Netanyahu aynan Filadelfiya yo‘lagida hech qanday to‘siq yo‘qligi uchun G‘azo Isroil uchun bosh tahdidga aylanganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi harbiy salohiyat Eronning kuzatuvi, moliyalashtirishi va rahbarligida amalga oshirilmoqda.
G‘azodagi urushning 334-kuniga kelib halok bo‘lgan falastinliklar soni 40 ming 861 kishiga yetdi. Shu paytgacha yaralanganlar soni 94 ming 398 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi bir sutkada uyushtirilgan 3 ta ommaviy hujum natijasida 42 kishi o‘ldirilgan, 107 kishi yaralangan.
Isroildagi vaziyat
G‘azoda urush olib borish Isroilga ham oson tushayotgani yo‘q. Mamlakat belini mahkamroq bog‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich 3 sentabrdan boshlab 2025 budjeti muhokamasini boshladi. Siyosatchiga ko‘ra, harbiy xarajatlarning oshirilishi budjet kamomadini oshirish emas, budjetni qisqartirish, maoshlarni muzlatish hisobiga amalga oshiriladi.
U Isroil iqtisodiyotining qaysi sektorlari qisqartirish ostiga tushishiga aniqlik kiritmagan. Smotrichning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda maqsadli budjet kamomadi YaIMning 4 foiziga yetkaziladi — bu esa budjetni kamida 9,5 mlrd dollarga sozlashni taqozo etadi.
Vazir bo‘lajak qisqartirishlar haqida to‘liq axborot berishdan bosh tortgan va rejalarini ham bosh vazir Binyamin Netayanhu va boshqa vazirlarga taqdim etishi kerakligini aytgan.
Lekin u qiskartirishlar davlat sektoriga taalluqli bo‘lishi, vazirlar, siyosatchilar va davlat xizmatchilarining maoshlari muzlatilishiga shama qilgan.
G‘azoga harbiy bosqin va mamlakat shimolida «Hizbulloh»ga qarshi jangovar harakatlar Tel-Aviv xarajatlarining keskin o‘sishiga va Isroil iqtisodiyotidagi zo‘riqishga olib kelgan. Isroil budjetidagi 12 oylik kamomad rekord darajaga — Yalpi ichki mahsulotning 8,1 foiziga yetgan.
Smotrich hukumat kamomad ko‘rsatkichlarini yil so‘ngiga qadar YaIMning 6,6 foizigacha tushirishni rejalashtirayotganini aytgan. Hattoki shu darajada ham bu mamlakat yaralgandan buyon eng yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘ladi.
Isroilda «G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish»ni talab qilib o‘tkazilayotgan ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari uchinchi kun davom etdi. Ular Binyamin Netanhu hukumatidan o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS garovda ushlab turganlarni ozod qilishni talab qilishmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Rossiyaning Poltavaga raketa zarbasi qurbonlari soni 53 kishiga yetdi.
Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 3 sentabr kuni Poltava shahriga raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 kishiga, jabrlanganlar soni 298 kishiga yetgan. Shaharda uch kunlik motam e’lon qilindi.
Favqulodda xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, vayronalarni tozalash davom etmoqda. Vayronalar ostida yana kamida besh kishi bo‘lishi mumkin.
4 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya dron va raketalarni qo‘llagan holda Ukraina bo‘ylab navbatdagi yopirilma zarbalarni yo‘lladi.
Rasmiylarning xabarlariga ko‘ra, Lviv shahri eng ko‘p zarar ko‘rgan, bu yerga bir necha raketa, jumladan, gipertovushli «Kinjal» raketalari tushgan.
Lviv shahri ma’muriyati rahbari Andrey Sadovoy o‘z telegram-kanalida raketa zarbasi oqibatida shaharda yetti kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan — qurbonlarning uch nafari bolalar. 53 kishi yaralanib shifoxonaga yotqizilgan, shundan kamida 7 nafari bolalar. Yaralanganlardan besh nafari og‘ir ahvolda.
Qurbonlardan biri shahar poliklinikasida ishlovchi 50 yoshli hamshira, yana biri 14 yoshli qiz ekani ma’lum.
Zarba oqibatida asosiy vokzal hududi shikastlangan. Shahar markazida jami 50 dan ortiq binoga, jumladan, ikki maktab va ikkita tibbiyot muassasasiga zarar yetgan.
Ukraina hukumatidagi o‘zgarishlar
Dushanba va seshanba kunlari Ukrainadagi bir necha vazirlik rahbarlari ishdan bo‘shash uchun ariza yozishdi. Ular qatorida Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba ham bor. Oliy radaning chorshanba kungi yig‘ilishida to‘rt vazir iste’fosi qabul qilindi, ammo tashqi ishlar vaziri masalasi ko‘rib chiqilmadi.
Dushanba va seshanba kunlari Oliy radaga bosh vazir o‘rinbosari, vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlar reintegratsiyasi masalalari bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk, Ukrainaning Yevropa va Yevroatlantikaga integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina, strategik sanoat vaziri Oleksandr Kamishin, adliya vaziri Denis Malyuska, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vaziri Ruslan Strelets hamda Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi Vitaliy Kovaldan iste’foga chiqish to‘g‘risida arizalar kelib tushgan.
Bundan tashqari, seshanba kuni Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba yozgan ariza suratini e’lon qildi. Stefanchuk ariza keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.
Chorshanba kungi yalpi majlisda deputatlar Olga Stefanishina, Oleksandr Kamishin, Ruslan Strelets va Denis Malyuska iste’fosi uchun ovoz berishdi. Shu bilan birga, Rada Irina Vereshchuk va Vitaliy Kovalning iste’fosini qabul qilmadi — ularning arizasi qanoatlantirilishi uchun bir necha ovoz yetmadi.
Ukraina TIVga 2020 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Dmitro Kulebaning arizasi esa majlisda ko‘rib chiqish uchun qo‘yilmagan. Parlament majlisi uning arizasini ko‘rib chiqmasdan yopildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dmitro Kulebaning iste’fosi ehtimoli va TIVning keyingi rahbari kim bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarmagan.
«Bugun bizga yangi energiya kerak va bu qadamlar mamlakatimizni turli yo‘nalishlarda kuchaytirish bilan bog‘liq. Xalqaro siyosat va diplomatiya bundan mustasno emas. Men bugun u yoki bu vazir aynan nima bilan mashg‘ul bo‘lishini prognoz qila olmayman va ularga qaysidir lavozimlar taklif etilishi bo‘yicha javob bera olmayman. Bugungi kunda bu haqda gapirishga hali erta», — deya qo‘shimcha qilgan prezident.
OAV xabarlariga ko‘ra, Dmitro Kulebaga Bryusselda, YeI yoki NATOdagi vakolatxonalarda ishlashda davom etish taklifi berilishi — yoki Belgiya va Lyuksemburgga elchi qilib yuborilishi mumkin.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
AQSh saylovlarga aralashganlik uchun Russia Today, Ria Novosti, Sputnik va Ruptly mediaguruhlari, shuningdek, propagandachi, Russia Today bosh muharriri Margarita Simonyan hamda sakkiz nafar top menejerga qarshi sanksiyalar joriy etdi.
Qayd etilishicha, ikkita tashkilot va 10 ta jismoniy shaxs sanksiyalarga uchragan.
AQSh Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, Russia Today mediaguruhi tuzilmalari xorijiy missiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Davlat departamenti viza cheklovlari joriy etilganini bildirib, AQShdagi saylovlarga chetdan aralashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etganlarga 10 million dollargacha mukofot puli va’da qildi.
Davlat departamentining qo‘shimcha qilishicha, Russia Today media guruhi hamda Qo‘shma Shtatlardagi shu’ba korxonalari AQShdagi xodimlari va mulklari haqida hisobot berishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligining piariga mas’ul va Ukraina haqida feyklar tarqatuvchi «Dialog» loyihasi hamda uning bosh direktori Vladimir Tabakka ham sanksiya qo‘llandi.
«Rossiya hukumati AQSh saylov jarayonlari va institutlariga ishonchni susaytirish uchun uzoq vaqtdan beri generativ sun’iy intellekt, dipfeyk va dezinformatsiya kabi turli vositalardan foydalanib keladi», — deyiladi Moliya vazirligi bayonotida.
Margarita Simonyan Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari sanksiyalari ostida qolib kelmoqda. AQSh esa bunga qadar Simonyanga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan edi.