“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining IX qurultoyida partiyaning 2020-2024 yillardagi faoliyati natijalari tahlil qilindi va 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek, qurultoyda 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlariga partiyadan nomzodlar ko‘rsatildi.
Partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga majoritar saylov tizimi bo‘yicha 75 nafar, proporsional saylov tizimi bo‘yicha 100 nafar, jami 175 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan gender tenglikni ta’minlash siyosatiga hamohang ravishda nomzodlarning 76 nafari yoki 43,4 foizi ayollarni tashkil etdi.
Ushbu muhim siyosiy jarayonda Milliy tiklanish partiyasi avvalgi saylovoldi dasturida belgilangan 300 dan ortiq vazifalardan 294 tasi (98 foizi) amalga oshirilganligi ma’lum qilindi. Ilgari surilgan tashabbuslar va oldinga qo‘yilgan vazifalarning yechimlari yuzasidan berilgan takliflarning 30 tasi qonunchilikda, 130 tasi Prezident Farmon va qarorlarida, 77 tasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va vazirliklarning idoraviy hujjatlarida, jumladan 25 tasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturlarida va 32 tasi partiya loyihalarida aks ettirilgan hamda amalga oshirilgan.
Partiya iqtisodiy sohani milliy qadriyatlar orqali rivojlantirish, shuningdek, tarixiy-madaniy merosimizni asrab-avaylash, an’analarni saqlashni maqsad qilgan. Shuningdek, bu borada kurash olib boradi.
Shu bilan birga, partiya uchun eng muhim masalalardan biri yosh avlodni tarbiyalashdir. Saylovoldi dasturida maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilgan. Muhimi, dasturda o‘zbek tilini rivojlantirish va ilmiy adabiyotlarni chet tillardan davlat tiliga tarjima qilish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Qurultoyda ta’kidlanganidek, saylovoldi dasturidagi g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohangdir.