KXDR Janubiy Koreyaga 420 ta chiqindi sharini uchirdi

Jahon 20:42 / 05.09.2024 4037

KXDR yana bir bor chiqindi yuklangan havo sharlarini Janubiy Koreya tomon uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya qurolli kuchlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya bu safar 420 ta sharni uchirgan bo‘lib, ularning birinchi partiyasi 4 sentabr kuni kechasi yuborilgan. 5 sentabr tongida yana yangi havo sharlari uchib kelgani aniqlangan. Janubiy Koreya Qurolli kuchlari Bosh shtabining ma’lum qilishicha, sharlarning 20 ga yaqini Koreya yarimoroli shimoli-g‘arbidagi yerlarga, xususan, Kyongi provinsiyasiga kelib tushgan.

Havo sharlari ichida asosan inson sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydigan qog‘oz va plastik chiqindilar bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 iyul kuni Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi KXDRdan kelgan havo shari Janubiy Koreya prezidenti idorasi binosiga qo‘ngani to‘g‘risida xabar bergandi.

May oyidan beri Shimoliy Koreya janubiy chegara orqali ikki mingga yaqin havo sharlarini uchirdi, ularga chiqindi va go‘ng solingan qoplar ilib qo‘yilgan. Shimoliy Koreya rasmiylari avvalroq ularning janubiy qo‘shnisiga «samimiy sovg‘a»lari «chegara hududiga tashviqot materiallari va chiqindilarning tez-tez sochib yuborilishiga javob» ekanini ta’kidlagan edi.

Shu tariqa Shimoliy Koreya janubiy koreyalik faollarning Shimoliy Koreya rahbariyatini tanqid qiluvchi varaqalar, yarimorol janubidagi demokratik jamiyat haqida ma’lumot beruvchi va shimolda taqiqlangan Janubiy Koreya pop-guruhlarining musiqiy videolari bo‘lgan USB’lar bo‘lgan sharlarni uchirayotganiga javob qaytarmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: