Yana minglab odamlar chuv tushdi, ayniqsa Xorazmda. Bu qachongacha davom etadi?

Jamiyat 12:33 / 04.09.2024 15115

Pul tikish va video tomosha qilish orqali pul ishlashni targ‘ib qilgan Aif va Whats “to‘rva xaltasi” pulga to‘lgach, g‘oyib bo‘ldi. Ularga mulkini sotib, birovdan qarz ko‘tarib, hatto bankdan kredit olib pul tikkanlar har doimgiday kuyib qolaverishdi.

Moliyaviy piramida bo‘lgan har ikki platforma ortidan aldangan olomon va bir olam muammo qoldi.

Xotinini o‘ldirib qo‘yishiga sal qoldi”

Aif’dan xorazmliklar ko‘proq zarar ko‘rdi. Sababi ushbu platforma boshqa hududlarga qaraganda Xorazmda ko‘proq ommalashgandi.

Aif yopilgach holat shu darajagacha bordiki, hatto unga aldanganlar to‘planib, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasini o‘rab olishdi. Ularning murojaatlari asosida Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Aif platformasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd qilinishicha, ushbu platforma ayni paytda «o‘z faoliyatini noma’lum sababga ko‘ra to‘xtatganligi» va murojaat qiluvchi shaxslarga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganligi ma’lum bo‘lgan. Xozirda tergov guruhi tomonidan mazkur jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga kirishilgan.

Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan xorazmlik kuzatuvchilardan biri shunday hikoya qiladi:

Aif’ning yopilishi viloyatda katta janjallarni keltirib chiqardi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oyoqqa turdi. Ko‘pchilik aldanibdi. Hatto qo‘shnim o‘z xotinini kaltaklab, o‘ldirib qo‘yay dedi: pulini Aif’ga tikib yuborgan ekan. “Melisa” chaqirib, zo‘rg‘a tinchitdik. Hozirda jinoyat ishi ochilib, tergov boshlangan, deya eshitdik”.

Kelinimning oldida uyatli bo‘ldim”

Aif bilan birga Whats’dan kuyganlar ham oz emas. Hatto viloyatlarda filiallarini ochish orqali ko‘proq odamni jalb qilishga ulgurgan Whats platformasi bir necha hafta oldin pul berish funksiyasini yopib qo‘ydi. Bu aslida platforma ortida turgan firibgarlar “g‘alvirni suvdan ko‘targanini” anglatadi.

Ya’ni platformada yetarlicha odam yig‘ildi, milliardlab pul tikildi. Endi shunchaki to‘plangan pulni olib, g‘oyib bo‘lish qolgandi. Va shunday qilishdi. Aslida barcha moliyaviy piramidalarda ishlatiladigan sxema shunday: ishontir, va’da ber, to‘pla va o‘g‘irla.

O‘zi bu kabi narsalarga unchalik ishonmasdim. Lekin shu safar nimadir bo‘ldi, ishonganimni o‘zim ham bilmay qoldim: balki birga ishlaydigan hamkasblarim yoppasiga o‘ynay boshlagani ta’sir qilgandir.

Xullas, kattaroq pul tikish maqsadida ukamning turmush o‘rtog‘i nomiga kredit olib, depozit qildim. Kamiga o‘sha kelinimning o‘zini ham ishontirib, o‘yinga tortdim. Har yakshanba pul beradi, deyishgandi. Biroq bir marta ham ololmay qoldik. Uch hafta oldin birdaniga pul bermay qo‘ydi. Avvaliga platformaning pul berish funksiyasini nazorat qiladigan xodim qisqa ta’tilga chiqdi, deyishdi. Ko‘p o‘tmay esa Whats yopilganini aytishdi.

O‘zi kreditim bor edi. Buning ustiga yana “bo‘ynimga kredit mindi”. Kelinim oldida uyatli bo‘ldim, menga ishonib u ham anchagina pulga aldanib qoldi”, deydi Whats’ga aldanib qolganlardan biri Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Kun.uz ogohlantirishda, odamlar aldanishda davom etmoqda

Kun.uz avvalroq aynan shu ikki platforma – Aif va Whats moliyaviy piramida ekanligini aytib, odamlarni ularga pul tikmaslikka va aldanib qolmaslikka chaqirgandi. Biroq bunga quloq solmagan sodda xalq yana aldandi.

Aslida O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar soni kundan kunga ortib bormoqda. Afsuski, odamlar biriga chuv tushib, ikkinchisiga yana ishonishda davom etmoqda.

2024 yilning boshida “Parker” nomli moliyaviy piramida avj oldi. Kun.uz loyiha avj olgan palladayoq bu moliyaviy piramida ekani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Ammo viloyatlarda ham filiallari ochilganini, hatto shu yo‘nalishda MChJlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ko‘rgan odamlar topganini shu loyihaga – powerbank ijarasiga tikdi. Oxir-oqibat esa ko‘plab insonlar aldanib qoldi.  

Shundan so‘ng internetda “Sun Eco” nomli yana bir shubhali loyiha paydo bo‘ldi. Unda odamlar quyosh panellariga pul tikishga chaqirildi

Kun.uz odamlarning pulini o‘marishga qaratilgan “Blue culture”, “Dari poluchay”, “Charoit”, “Ubuntu”, “Imalliance”, “New Millenium” hamda “DREAM reklamnaya platforma” kabi moliyaviy piramidalar, shuningdek, “pulingizni bir soatda 10 baravarga ko‘paytirib berishni” va’da qilganlar haqida ham yozgandi. Ammo aldanishga moyil odamlar bu kabi yolg‘onlarga baribir aldanmoqda.

Buning oxiri bormi?

Aif’ga aldangan xorazmliklar viloyat Ichki ishlar boshqarmasini o‘rab olib, murojaat qilgachgina platformaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tegishli nazorat organlari minglab odam firibgarlar to‘riga ilinib, bor-budlaridan ayrilgunicha kuzatuvchi maqomida turgani tushunarsiz. Bu xuddi sodir etilayotgan qotillik jinoyatini tomosha qilib turib, keyin ish qo‘zg‘ashdek gap.

Qolaversa, oldin ham ta’kidlaganimizdek, har qancha shubhali bo‘lmasin moliyaviy piramidalarga ham tadbirkorday qarab, ular faoliyatiga aralashilmayapti. Ko‘p hollarda huquq organlari jabrlanuvchilarning arizalari yo‘qligi vaji bilan bu kabi qing‘ir ishlarga e’tibor qaratmaydi.

Aslida kiberjinoyatlardan odamlarni himoyalovchi o‘nga yaqin idoralar bor: Kiberxavfsizlik markazi, IIV tuzilmalari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq organlari, banklarning kiberxavfsizlik bo‘yicha tuzilmalari, Markaziy bank va hokazo. O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, bu idoralarning birortasida aynan shubhali biznes loyihalarni kuzatadigan, ularning faoliyatini shubhaga qo‘yadigan hamda bu bo‘yicha tezkor choralar ko‘radigan bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas ekan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 188-1-moddasida pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish, mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb qilish maqsadida ushbu faoliyatni reklama qilish bo‘yicha javobgarlik belgilangan. Biroq firibgarlar tomonidan O‘zbekistonga olib kirilayotgan aksariyat moliyaviy piramidalar kriptoaktivlarda mablag‘larni jalb qilayotgani noqonuniy faoliyatni isbotlashni murakkablashtirmoqda.

Asosiy savol esa hamon ochiq turibdi: bu qachongacha davom etadi?

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: