Ikki kun avval operatorlar hokimiyat organlari tomonidan tashkil etilayotgan bloklash ishlariga xalaqit qilmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma olgan. Bu ogohlantirishlar avgust oyidan buyon sekinlashtirilgan YouTubeʼni qayta tezlashtirishga urinayotgan provayderlarga ham tegishli, deyishmoqda bozor ishtirokchilari va yuristlar. Ularning fikricha, YouTubeʼni to‘liq bloklab tashlashga tayyorgarlik bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan mazkur vaziyat allaqachon 2018 yilda Telegramʼni bloklash ortidan yuzaga kelgan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, deb yozmoqda Forbes Russia.
Ikkinchi ogohlantirish
Nazorat etuvchi organ internet-provayderlar manziliga ohangni qat’iylashtirdi. Taqiqlangan axborotga ega saytlarga ulanishning bloklangani va qiyinlashtirilganiga xalaqit qilmaslik to‘g‘risidagi ko‘rsatmadan so‘ng ikki kun o‘tgach, Roskomnadzor bu ko‘rsatmalarni zudlik bilan bajarish lozimligini aniqlashtirgan. Aks holda operatorlar RF MJtK bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi, ish «Aloqa to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, litsenziyani bekor qilishgacha borib yetishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Bu haqda Forbes tanishgan Roskomnadzorning bir necha hududiy boshqarmalari xatida ta’kidlab o‘tilgan.
Roskomnadzor ko‘rsatmalari operatorlarga 28 avgust kuni tarqatilgan. Bungacha rossiyalik aloqa operatorlari mustaqil ravishda YouTubeʼni tezlashtiruvchi texnologiyalardan foydalanayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Operatorlar videohostingni bloklash to‘g‘risida rasmiy ko‘rsatma yo‘qligi va bu xatti-harakatlari noqonuniy emasligini ta’kidlashayotgan edi.
«Qo‘rqitish usuli»
Roskomnadzorning so‘nggi xatlari albatta YouTube atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq, deyishgan Forbesʼga bozor ishtirokchilari va yuristlar. YouTubeʼning cheklanishi uning trafigi «Rossiya aloqa tarmoqlariga qandaydir kritik ekzistensial tahdid tug‘dirmoqda», deb qaralayotgandi, deydi EBR yuridik kompaniyasining intellektual mulk amaliyoti bo‘yicha maslahatchi yuristi Kirill Lyaxmanov.
«Bu chindanam shunday, Roskomnadzor YouTube trafigini cheklash bo‘yicha direktivani buzayotgan aloqa operatorining litsenziyasini qaytarib olish bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Biroq sud qarorisiz litsenziyani olib qo‘yish uchun bu holatda asos yo‘q», — degan yurist.
Biroq Roskomnadzor sudda trafik chindan ham Rossiya aloqa tarmoqlariga xavf tug‘dirayotganining isbotini keltirishi kerak, deya ta’kidlagan yurist. Biroq sud qarorisiz ham Roskomnadzor «trafikni cheklash bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmani bajarmaganlik» uchun operator litsenziyasini to‘xtatib qo‘yishi mumkin, degan Lyaxmanov.
Dastlabki ma’muriy ta’sir chorasi sifatida aloqa xizmati ko‘rsatish uchun litsenziyani bekor qilish qo‘llanmaydi, deydi DRC yuridik departamenti direktori Olga Zaxarova.
«U sud tartibida, huquqbuzarning aybiga isbot keltirib yoki boshqa e’tiborga molik dalil va vajlarga baho berilib qabul qilinadi. Lisenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni sud qabul qiladi, o‘z navbatida litsenziya sohibi qaror ustidan shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi», — deb eslatadi Zaxarova.
Olga Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, litsenziyani bekor qilish bilan bog‘liq vaziyat amalda mumkin, biroq mexanizm qonunchilikda nazarda tutilgan, biroq aloqa operatori davlatning huquqiy maydonidan tashqarida bo‘lgan resursning «trafigini tezlashtirish»ni qasddan davom ettirishini tasavvur qilish qiyin.
«Ya’ni Roskomnadzor nazorat qiluvchi organ sifatida bozor ishtirokchilarini qo‘rqitish usulini tanladi va bu bilan talabning muhimlik darajasi yuqori ekanligini bildirib qo‘ydi», — deb hisoblamoqda u.
«Qattiqqo‘llik bilan o‘rnatilayogan tartib»
YouTube ayni paytda Rossiya hududida bloklanmagan, shu sababli Roskomnadzor operatorlarga qarshi ta’sir choralari yoki qandaydir sanksiyalar qo‘llay olmaydi, deydi Briefcase Law Office hamkori Grigoriy Volkov. Bu holatda jo‘natilgan xatlarni servisga ulanishni keng qamrovli bloklashga tayyorgarlik sifatida ko‘rish mumkin, deydi u.
«Ehtimol rejaga ko‘ra, qandaydir onda to‘liq bloklash amalga oshiriladi va operatorlar bunga qandaydir to‘siq yaratmasligi uchun shunday qilinayotgandir», deydi Volkov.
Boz ustiga, Volkovning fikricha, «ishlayotgan YouTube» aloqa operatorining raqobatdagi ustunligiga aylanadigan ssenariylarga reaksiya bildirmoqda.
«Bunday xatlar bilan aloqa operatorlariga bunday qilmaslik kerakligi tushuntirilmoqda va qattiqqo‘llik bilan tartib o‘rnatilmoqda», — degan u.
YouTubeʼning sekinlashtirilishi Rossiyada aloqa operatorlariga noteng raqobat shart-sharoitlari yaratdi, demoqda Forbes suhbatlashgan bozor ishtirokchilari.
«Nega mobil operatorlar tarmog‘ida YouTube odatdagidek ishlashda davom etayotganini tushuntiradigan odam yo‘q», — deydi «Makatel» kabel televideniyesi operatorlari assotsiatsiyasi prezidenti Aleksey Amelkin.
«Uyali tarmoqlar abonentlari hali rasman taqiqlanmagan YouTubeʼga ulanish imkoniyatini saqlab qolishdi, kabul tarmog‘i operatorlari esa videohostingdan uzib qo‘yildi», — deydi telefon aloqasi operatorlari assotsiatsiyasi bosh direktori Sergey Yefimov. U hozirgi vaziyatni 2018 yilda Telegramʼni muvaffaqiyatsiz bloklashga urinishga tanglashtirgan. Uning fikricha, hozir operatorlarga katta ziyon yetkazilgan va uni ixtiyoriy ravishda kompensatsiya qilish lozim. Kompensatsiya variantlaridan biri «katta to‘rtlik»dan boshqa barcha operatorlarni bir yil muddatga universal xizmat ko‘rsatish zaxirasiga yig‘imlardan ozod qilishdir.