Rossiya banklari Xitoyda hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi mahalliy kompaniyalardan Xitoy banki ularning pullarini qabul qilganiga yozma kafolat berishni talab qilyapti. Bu haqda 3 sentabr, seshanba kuni «Vedomosti» gazetasi o‘zining ikki manbasiga tayanib yozdi.
Endi o‘z to‘lovi taqdirini bilish uchun Xitoy mahsulotlari yetkazib beruvchi rossiyalik mahalliy bank bilan bog‘lanib, tafsilotlarni aytib berishi va pul o‘tkazmasini qabul qiladimi yoki yo‘qmi, rasmiy javob olishi shart. Agar javob ijobiy bo‘lsa, yetkazib beruvchi ma’lumotlarni Rossiya kompaniyasiga o‘tkazadi va u Rossiya bankiga yozma ravishda to‘lov qabul qilinishi haqida xabar beradi. Shuningdek, gazeta aniqlik kiritishicha, uning suhbatdoshi – importchi ham xuddi shunday talabga duch kelgan va bunday amaliyot mavjudligi tashqi savdo hisob-kitoblari bo‘yicha maslahatchi tomonidan tasdiqlangan.
Yangi majburiyatning sababi sifatida gazeta banklar mablag‘larni qaytarish bilan shug‘ullanishni istamasligini keltirmoqda - bu mijozlarni bezovta qiladigan va konvertatsiya paytida moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladigan uzoq protsedura. Nashr keltirgan «Pervaya gruppa» AJ bosh direktori Aleksey Poroshinning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida Xitoy banklari tomonidan qaytarilgan to‘lovlar ulushi sezilarli darajada oshgan.
BAA banklari Xitoy elektronikasi uchun Rossiyadan to‘lovlarni bloklamoqda
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) banklari avgust oyida Rossiya Federatsiyasi kompaniyalaridan elektron komponentlar va maishiy elektronika uchun to‘lovlarni bloklashni boshladi. Bu haqda 28 avgust kuni «Kommersant» gazetasi o‘z saytida ma’lum qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bloklash uskunalar BAAga kelmagan hollarda joriy etilyapti. «Rossiya tashkilotlari BAAdagi kompaniyalardan Xitoyga elektronika uchun mablag‘ o‘tkazish usuli sifatida foydalangan, ammo tovarlarning o‘zi darhol Rossiya Federatsiyasiga jo‘natilgan», deb tushuntirdi nashr manbasi.
Xitoy banklari ruscha ismli kishilardan pul qabul qilmayapti
Xitoyning bir qator banklari «agar to‘lov hujjatlarida ruscha nomlar ko‘rsatilgan bo‘lsa», mablag‘larni qabul qilishdan bosh tortmoqda, deb yozadi «Izvestiya» gazetasi 2 sentabr kuni biznesmenlar va manbalarga tayanib.
«Pervaya Gruppa» AJ bosh direktori Aleksey Poroshin nashrga ma’lum qilishicha, ruscha ismli shaxslar uchun pul o‘tkazmalarini amalga oshirish rad etilayotgani sababli importchilar uchinchi shaxslar orqali hujjatlarning to‘liq to‘plamini tayyorlashga majbur bo‘lmoqda. Buni «Izvestiya»ga «Impaya Rus» kompaniyasining tijorat direktori Aleksey Razumovskiy tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto sanksiyaga duchor bo‘lmagan ruscha nomlar, Rossiya Federatsiyasi bilan har qanday aloqalar va hatto kirill alifbosidagi yozuvlar ham to‘lovni bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
«Izvestiya»ning Razumovskiyga tayanib yozishicha, Xitoy banklari «ikkilamchi cheklovlardan qo‘rqishadi» va shuning uchun «Rossiya biznesi bilan munosabatlarda nol ishonchdan foydalanishyapti hamda har qanday tahdidni bartaraf etishga harakat qilishyapti».