Olaf Shols Vladimir Kara-Murza bilan uchrashdi

Jahon 11:54 / 04.09.2024 2297

Germaniya kansleri Olaf Shols Berlinda bir oy oldin qamoqdan ozod etilgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murzani qabul qildi. Germaniya hukumati rahbari bu haqda 3 sentabr, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi hamda Kara-Murzaning kuchi va jasorati, «Rossiyaning demokratik kelajagiga qo‘shgan hissasi»ga qoyil qolganini bildirdi.

«Avgust oyida biz uni mahbuslar almashinuvida ozod qildik va bugun bir-birimiz bilan ko‘proq gaplashish imkoniga ega bo‘ldik», deya qo‘shimcha qildi Shols.

Vladimir Kara-Murza Germaniya kansleri bilan suhbatini «muhim, batafsil va samimiy» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot «Ukraina, Rossiya, umumiy Yevropa», shuningdek, «Rossiya va Belarus qamoqxonalaridan chiqarilishi kerak bo‘lgan siyosiy mahbuslar haqida» bo‘lgan.

Avgust oyi o‘rtalarida Vladimir Kara-Murza va uning oilasi Oq uyda AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan qabul qilingan edi.

2023 yil aprelida Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushni tanqid qilgani uchun muxolifatchi «davlatga xiyonat», «nomaqbul tashkilot bilan hamkorlik qilish» va armiya haqidagi «feyklar» moddalari bilan 25 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingan. 2024 yil 1 avgustda u Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi doirasida ozod qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: