Misrning yangi poytaxtida vodorod yonilg‘isida ishlaydigan osmono‘par bino quriladi

Jahon 23:02 / 04.09.2024 4448

Misrning Qohiradan tashqarida qurilayotgan yangi ma’muriy poytaxtida to‘liq vodorod yonilg‘isida faoliyat ko‘rsatadigan osmono‘par bino quriladi, deb xabar beradi CNN.

Afrikadagi eng baland bino Ionic Tower yonida qurilayotgan 240 metrli Forbes International Tower avvalboshidan ekologik xavfsiz bo‘lishi aytilgan. Gordon Gill tomonidan loyihalashtirilgan va Magnom Properties kompaniyasi qurayotgan bino atmosferaga nol miqdorda uglerod chiqarishi aytilmoqda. Qayd etilishicha, 43 qavatli ofis binosi sof vodorod energiyasi bilan ta’minlanadi, qo‘shimcha ravishda uning fasadi quyosh panellari bilan qoplanadi.

Magnom vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi bino an’anaviy elektr tarmog‘iga bog‘liq bo‘lmaydi. «Kam miqdorli uglerodga» ega yoki qayta ishlanadigan materiallardan foydalanish hisobiga qurilishdagi uglerod izi 58 foizga qisqartiriladi. Shu bilan birga, qurilish joyida suvni qayta ishlash va tozalash mamlakat uchun muhim bo‘lgan chuchuk suvga bo‘lgan talabni kamaytirishga xizmat qiladi.

Magnom kompaniyasi ushbu usullar orqali osmono‘par binoning atmosferaga uglerod chiqarish ko‘rsatkichini nolga tushirib, uni Zero Carbon sertifikatini olgan dunyodagi birinchi inshootga aylantirmoqchi.

So‘nggi yillarda vodorod ko‘plab hukumatlar e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Ammo tanqidchilar energiyaga bo‘lgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarishni qanchaga oshirish kerakligi bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashlagan.

Magnom Properties kompaniyasi binoning energiya manbai bilan ta’minlashda LOHC texnologiyasidan foydalanish imkoniyati ustida o‘rganishlar olib borish uchun Schneider Electric va H2 Enterprises bilan shartnoma imzolagan.

LOHC— suyuq organik vodorod tashuvchilar — kimyoviy reaksiyalar orqali vodorodni so‘rib oladigan yoki chiqaradigan organik birikmalar bo‘lib, ishlab chiqarilgan vodorodni saqlash va uni barqaror shaklda manbadan oxirgi foydalanuvchigacha yetkazishda ishlatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: