Kongo qamoqxonasida ommaviy qochish: kamida 129 kishi halok bo‘ldi

Jahon 00:50 / 04.09.2024 8253

Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) poytaxti Kinshasa shahrida joylashgan «Makala» qamoqxonasidan mahbuslar qochib ketishga urindi. 

Qayd etilishicha, qochishga urinish vaqtida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida qamoqxonaning bir nechta binosi, jumladan, ofislar, ro‘yxatga olish xonalari, lazaret va oziq-ovqat omboriga zarar yetgan. 

Amnesty International hisobotiga ko‘ra, mazkur qamoqxona 1,5 ming mahbusga mo‘ljallangan bo‘lsada, u yerda 12 mingdan ortiq kishi saqlangan. Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining ta’kidlashicha, «Makala»dagi sharoit «dahshatli» bo‘lgan.

«Dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 129 kishi halok bo‘ldi, ularning 24 nafari o‘qotar qurollar qurboniga aylangan. Qolganlar yuzaga kelgan tiqilinch va to‘s-to‘palonda halok bo‘lgan», — deydi mamlakat ichki ishlar vaziri Lukoo Bixango.

KDR adliya vaziri Konstant Mutamba qamoqxonada amalga oshirilgan qochishga bo‘lgan urinishni «oldindan rejalashtirilgan sabotaj akti» deya qoraladi. Mutamba prokurorlarga «Makala»dagi mahkumlar soni ortib ketganiga oid muammolar hal etilmaguncha, mahbuslarni bu yerga yuborishni taqiqlab qo‘ydi.

Kongoda mahkumlarning qamoqxonadan qochishi birinchi marta sodir bo‘lmayapti. 2017 yilda «Makala»dan 50 dan ortiq mahkum qochib ketgandi. 2020 yilda esa mamlakat shimoli-sharqida joylashgan «Beni» qamoqxonasidan 1000 ga yaqin mahkum qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: