Raqobat qo‘mitasi tomonidan Akfa universitetiga qonunbuzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasiga Akfa universitetining “Commercial Law” (Tijorat huquqi) yo‘nalishida bir yil ta’lim berilgani va keyingi yildan ushbu yo‘nalishda o‘qish to‘xtatib qo‘yilgani, to‘langan pullar qaytarib berilmayotgani to‘g‘risida 10 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022 yil 10 yanvarda turli OAVda Akfa universitetiga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul boshlanganligi to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilgan hamda reklamalarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, xususan, “Tijorat huquqi” ta’lim yo‘nalishi uchun ham davom etayotganligi bayon qilingan.
Universitetga nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan ta’lim yo‘nalishlarida “Tijorat huquqi” mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda o‘qitish uchun 2022/2023 o‘quv yilida talabalar qabul qilingan va 4 yillik (8 ta semestr) o‘qish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan. Talabalar 12,5 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha kontrakt to‘lovini to‘lagan (Qo‘mitaga kelib tushgan 7 ta murojaatlar bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablag‘ miqdori 167 mln 500 ming so‘m).
O‘qish ma’lum bir muddat davom etgan. 2023 yil avgust oyida talabalarga “Tijorat huquqi” yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmaganligi sababli keyingi 2023/2024 o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki Xalqaro biznes ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan. Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan.
Biroq universitet tomonidan bugungi kunga qadar ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan.
Mazkur holatlar bo‘yicha “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasi (xizmatning xavfsiz bo‘lishi, ijrochining g‘ayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni to‘liq hajmda qoplanishi), 7-moddasi (noto‘g‘ri reklama oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplab berilmaslik), 12-moddasi (xizmatning amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan bo‘lishi), 19-moddasi (shartnoma shartlarini bajarmaslik), 21-moddasi (shartnomaga iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlarni kiritish, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish) talablari buzilganligi yuzasidan “Central Asian University” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, maxsus komissiya tomonidan arizachilar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
“Central Asian University” MChJ tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 7, 12, 19 va 21-moddalari talablari buzilgan deb topilib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talaba fuqarolarga jami 167 mln 500 ming so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish, shuningdek boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.