Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari O‘zbekistonga kelmoqda

O‘zbekiston 13:42 / 03.09.2024 2388

Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy 2024 yilning 5-6 sentabr kunlari O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Komissar Voytsexovskiy tashrifi mobaynida «Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari» mavzusidagi xalqaro forum ochilish marosimida nutq so‘zlaydi. O‘z chiqishida dengizga chiqish yo‘llari mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini boshqarishning barqaror usullari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida doimo qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining izchil sa’y-harakatlari haqida gapiradi.

Shuningdek, Yevroittifoq vakili O‘zbekistonda hukumat vakillari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-sotiq istiqbollari va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish bo‘yicha tashabbuslar masalalarini muhokama qilish imkonini beradi.

«Mazkur tashrif Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan izchil hamkorligidagi muhim qadam ekanidan darak beradi va iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi global muammolarni hal qilishda mushtarak tarafdorligini tasdiqlaydi», — deyiladi vakolatxona axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: