Venesuelada muxolifat yetakchisi Gonsalesni hibsga olishga order berildi

Jahon 11:06 / 03.09.2024 1878

Venesuelada terrorizm ishlari bo‘yicha vakolatlarga ega sudya muxolifat prezidentligiga nomzod Edmundo Gonsalesni hokimiyatni egallab olish, fitna uyushtirish va sabotajda ayblab, hibsga olish uchun order berdi. Hujjat surati 2 sentabr, dushanba kuni Karakas prokuraturasi tomonidan e’lon qilindi.

Avvalroq Venesuela bosh prokurori Tarek Uilyam Saab Gonsales va muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoga nisbatan tergov boshlanganini ma’lum qilgandi, deya eslatadi dpa agentligi.

«Rasmiylar haqiqiy hayotdan butunlay uzilib qolgan» 

Gonsalesni hibsga olishga order chiqarilishi, agentlik ta’kidlaganidek, bahsli saylovlardan keyin Nikolas Maduro tomonidan muxolifatga qarshi repressiyalarning jiddiy kuchayganidan dalolat beradi.

«Ular (hokimiyat) haqiqiy hayotdan butunlay uzilib qolgan», — deb yozadi Machado X ijtimoiy tarmog‘ida. «Saylangan prezidentga (muxolifat uni Gonsales deb hisoblaydi) tahdidlar faqat venesuelaliklar va butun dunyoda Edmundo Gonsales yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanishiga olib keladi», deya qo‘shimcha qildi u. 

So‘nggi daqiqada byulletenda muxolifat yetakchisi Machado o‘rnini egallagan iste’fodagi diplomat Gonsales bahsli saylov natijalari ma’lum bo‘lganidan beri yashirinib yuribdi, deb xabar beradi AFP. 

Venesuelada Maduroning qayta saylanishi

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasi ma’lum qilishicha, avvalroq ikki muddat prezidentlik qilgan Nikolas Maduroni saylovchilarning 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

Muxolifatga ko‘ra, saylov byulletenlari adolatli hisoblanganda, Gonsales taxminan 67 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonishi kerak edi. Maduroning raqiblari Venesuela bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov uchastkalaridan olingan byulletenlar 80 foizidan ortig‘ini e’lon qildi.

Saylov natijalari e’lon qilingach, Karakas va Venesuelaning boshqa shaharlarida soxtalashtirishga qarshi namoyishlar boshlandi. Politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Turli manbalarga ko‘ra, mamlakatdagi namoyishlar chog‘ida 23-27 kishi halok bo‘lgan.

YeI va AQSh saylov natijalarini tan olmadi

Qo‘shma Shtatlar rasman muxolifat nomzodi Gonsalesni saylovda g‘olib deb e’lon qildi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Venesuela hukumatini «saylov qonunlari va xalq xohish-istaklariga muvofiq hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha munozaralarni boshlashga» chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi saylov protokollarini mustaqil ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bryussel Maduroning ikkinchi muddatga qonuniyligini tan olmagan – mamlakatdagi avvalgi saylovlar ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha o‘tgan, shundan so‘ng uning rejimi muxolifatni ta’qib qila boshlagan va mamlakatda uzoq davom etgan siyosiy inqiroz avj olgan. 

Venesuela bosh prokuraturasi 2 sentabr kuni Gonsalesni saylov natijalarini e’lon qilgan muxolifat sayti bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun uchta chaqiruv qog‘oziga javob bermagani uchun hibsga olish to‘g‘risida order berishni so‘radi. Maduro 2013 yildan beri Venesuela prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: