Sevilyada noroziliklar: G‘arbiy Nil virusi besh kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Jahon 02:22 / 03.09.2024 2532

Ispaniyaning Sevilya aholisi yozda besh kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan G‘arbiy Nil virusiga qarshi kurashda tegishli choralar ko‘rilishini talab qilib, norozilik aksiyasini o‘tkazdi, deb xabar beradi BBC.

Virus chivinlar infeksiyaga chalingan qushlarni chaqib, keyin odamlar qonini so‘rganida yuqadi. O‘lim holatlarining barchasi va 61 ta kasallanish holati Sevilya shahri yaqinidagi Gvadalkvivir daryosi hududida qayd etilgan.

Norozilik aksiyasi tashkilotchilari «Nil virusiga qarshi kurash» platformasida chiqish qilib, mahalliy va milliy hukumatdan kasallik tarqalishiga qarshi nazoratni kuchaytirishda faolroq harakat qilishni talab qilmoqda.

Sevilya hukumati aholini sarosimaga berilmaslikka chaqirib, virusga qarshi kurashda provinsiyalar va meriyalar bilan hamkorlikni kuchaytirishini ma’lum qildi. 

Joriy yoz faslida virusdan vafot etgan 86 yoshli ayolning oilasi mahalliy hukumatga maktub yo‘llab, «o‘zlarining g‘azabini sochdi». «Agar sizlar o‘zlaringni shinam kabinetlaringda o‘tirmasdan, mas’uliyat bilan ishlaganinglarda ushbu fojiadan qutulib qolish mumkin bo‘lardi», — deyiladi maktubda.

Marhumaning oilasiga ko‘ra, virusning tarqalishiga yaqin atrofdagi sholi maydonlarida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmagani sabab bo‘lgan. 

G‘arbiy Nil virusi odamga kasallangan chivin chaqishi orqali o‘tadi. Chivinlar esa virusni xasta qushlar qonini so‘rish orqali yuqtirishi aniqlangan. Kasallangan insonlarning 80 foizida xastalik simptomlari umuman sezilmaydi. Har 150 bemorning faqat birida mushaklarning bo‘shashi, ko‘rishning zaiflashuvi, holsizlik kabi alomatlar yuz beradi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kasallikni davolashning aniq vositasi mavjud emas. Ammo bemorning holati og‘irlashsa, uni kasalxonaga yotqizish lozim bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: