Oltiariq tumanining Zilxa mahallasida 109 yoshli Shahrixon momo Teshaboyeva istiqomat qiladi. U 45 kun ichida qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanali bunyod etilishida ishtirok etgan. Ikki asr bilan yuzlashgan momo mustaqillikning o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Momo anchayin tetik. Har bir farzandining ovozidan tanir ekan.
“Katta Farg‘ona kanali qazilayotgan damlar hamon yodimda. Qanor qopga tuproq-loy solib, tepalikka tashirdik.
Erkaklar tuproqni qazib berishardi, ayollar ularni zambilda tepaga olib chiqardi. San’atkorlar kelib qo‘shiq aytishib, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirilardi.
Bolalarimning ovozini olis masofadan ham ilg‘ab kimligini bilib olaman. Farzandim bo‘lgandan keyin tanimayman-da?! 3 qizim bor: Latifaxon, Malikaxon, Karomatxonlar. Ibrohim, Ma’rufjon, Nosirjon, Ismoiljon o‘g‘illarim bo‘ladi. Ko‘plar yoshim bir joyga borib qolganidan farzandlarim ismini esdan chiqargan deb o‘ylashar ekan. Hammasini taniyman.
Nabira, chevaralar ko‘p. Ko‘pligidan sonini ham bilmayman. Allohga shukur. Baxtimga bolalarim sog‘ bo‘lishsin, bolalariga bosh bo‘lishsin. Ishlariga rivoj tilab doim duodaman”.
Dunyodagi baxtli o‘g‘ilman...
“Dunyodagi eng baxtli o‘g‘ilman. Onam 109 yoshda, hayotlar mana. Oilada 7 farzandmiz, katta akam 1945 yilda tug‘ilgan edilar, dunyodan o‘tganlar. Katta opam hozir 80 yoshda. Otam rahmatli mehnatkash, halol odam bo‘lgan. To‘y-ma’rakalarda oshpazlik qilardi, dalada ham ishlardi. Otam 1980 yilda olamdan o‘tgan.
Yoshligimizda pilla qurtlari boqqanmiz. Onamning hayoti mehnat ichida o‘tgan.
2 yoki 3-sinfda o‘qib yurgan vaqtimda otam shiyponda qorovul edi. Men ularga ovqat olib borib berardim. Kech kuzda ham otam o‘sha yerda tuni bilan qolib ketardi. Ko‘rak chuvirdik, bir do‘ppi ko‘rak, paxta chuvishimizga tanga beriladi deyishgani uchun bir-birimizga qiziqib paxta chuvirdik.
Shunday og‘ir davrlarga ham guvoh bo‘lganmiz. Onam 109 yoshda bo‘lsa ham xotiralari ancha yaxshi, o‘zlari yura oladi, quloqlari ham yaxshi eshitadi. Onamning umrlari uzoq bo‘lsin ilohim, baxtimizga sog‘-omon bo‘lsin”, deydi momoning o‘g‘illaridan biri Ma’ruf Teshaboyev.
80 yoshdaman, onam yonimda...
“Xudoga shukur 109 yoshga kirgan onam bor. Es-hushi, xotirasi joyida, shu yoshda ham o‘zlarini eplaydi. Nabira, chevaralarni duo qilib turadilar doim. 80 yoshdan o‘tdim. Ko‘chaga chiqqanimda onam haqida gapirsam ba’zilar hayron bo‘lib, onangiz hali ham hayotlarmi deb so‘rashadi.
Ota-onam Katta Farg‘ona kanali qazilishida qatnashgan. Prezidentimizga rahmat, onamning shuncha mehnatlarini qadrlab “Shuhrat” medali bilan taqdirladi.
Onam tong sahardan dalaga chiqib ishlar, tunlari ham uyda non yopib, kir yuvib uy yumushlarini qilganlar. Hozir mana tinch davrlardamiz, Allohga shukur. Biz ko‘rmagan kunlarni bolalarimiz ko‘rishsin, ilohim”, – Malika Orifjonova, momoning qizi.
Munavvar Teshaboyeva 109 yoshli momoning uzoq umr ko‘rishining sababi keng fe’lligida deb biladi:
«Enamning nabira keliniman. Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga 14 yil bo‘ldi. Prezidentimiz farmonlari bilan enam “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu yoshgacha yetishning o‘zi bo‘lmaydi.
Enamning 109 yoshga kirishiga ham yaxshi ovqatlanishi sabab bo‘lsa kerak. Injiqlik qilib hammani bezovta qilmaydi. Otamlar ularga g‘amxo‘rlik qilib, yaxshi e’tibor beradi. Bolalarimni tarbiyalashda ham ularning xizmatlari katta. Farzandlarimni quchoqlariga olib doim mehr ko‘rsatadi.
Enamning bir xislatlarini juda qadrlayman. Juda e’tiborlilar barchaga, uyimga borib kelsam ham uydagilarimning birma-bir ahvolini so‘raydilar. Yangi kiyimlar kiyib yuring, bir xil kiyimda yuravermang deb e’tibor berib turadilar. Betob bo‘lib qolsak ham mehribonlik qilib, g‘amxo‘rlik qiladi. Ilohim umrlari bundan ham uzun bo‘lsin”, deydi u.
Qaynonam mahalla faxri...
“109 yoshga kirgan qaynonam bor, o‘zim 80 yoshdan oshdim. Ular meni hozirgacha ovozimdan, yuz-ko‘zimdan yaxshi taniydi. Qaynonam mahallamiz faxri.
Ko‘pchilik ularni hurmat qiladi, duolarini oladi. Barchamizga shu yoshlarga kirib yurish nasib qilsin, bolalari, nevaralarining baxtiga sog‘-omon bo‘lsinlar”, dedi momoning 80 yoshli kuyovi Hamidjon Orifjonov.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montaj ustasi – Sardor Mamirov