O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi joriy yilning 1 sentabr kuni Nijegorod oblastida M12 «Vostok» avtomagistralida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida YTH sodir bo‘lganini tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, shundan 7 nafari O‘zbekiston fuqarolari, 1 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi turli tan jarohatlari bilan Nijegorod oblastining markaziy klinik-shifoxonasi va Viksa shaharchasida joylashgan tibbiy muassasasiga joylashtirilgan.
«Shu bilan birga, jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida «Sanaviatsiya» (tez yordam vertolyoti) jalb qilingan. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Jabrlangan fuqarolarimizga tez orada sog‘ayib ketishini tilab qolamiz» – deyiladi konsullik xabarida.
Hozirda qurbonlarning jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Ushbu masala Bosh konsulxona nazoratida bo‘lib, Bosh konsul va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari tezkor ravishda Nijegorod oblastiga borgan. Rasmiylar mahalliy mas’ul vakolatli organlar bilan halok bo‘lganlar shaxsiga aniqlik kiritish va ularni qaytarish, jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatilishini o‘z nazoratiga olgan.
Shuningdek, konsulxona mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari bilan quyidagi telefon raqamlar orqali bog‘lanish mumkinligini ta’kidladi:
- +7-843 526-55-63;
- +7-843 526-55-64;
- +7-843 526-55-65.
- Bog‘lanish uchun Telegram: @kazan_mfa_uz
2024 yil 1 sentabr kuni Nijegorod oblasti politsiyasi o‘zbekistonliklar ketayotgan mikroavtobus halokatga uchraganini xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, 32 yoshli tojikistonlik haydovchi Hyundai mikroavtobusining boshqaruvini yo‘qotgan. Shundan so‘ng mikroavtobus to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketgan.
Keyinroq, YTHda O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi – 6 erkak va bir ayol vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, marhumlarning shaxsiga aniqlik kiritdi.