Keniyada robot ofitsiantlar: texnologiya Sharqiy Afrika restoran biznesini o‘zgartirmoqda

Fan-texnika 23:14 / 03.09.2024 2634

Keniya poytaxtidagi gavjum restoranlarning birida robot ofitsiantlar mijozlarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Tashrif buyuruvchilar qo‘lida patnis bilan stollar orasi bo‘ylab osonlikcha harakatlanayotgan ushbu mashinalardan hayratda.

Nayrobi o‘zini Sharqiy Afrikaning texnologik markazi sifatida namoyon etib bo‘ldi. Bu yerda ko‘plab startaplar faoliyat ko‘rsatib, innovatsiyalar rivojlanayotgani bois shahar «Kremniy savannasi» nomini olib ulgurgan.

Robot Cafe nomli restoran nafaqat Nayrobidagi, balki butun Sharqiy Afrikada joylashgan bu turdagi yagona umumiy ovqatlanish maskani hisoblanadi. Uchta robot tashrif buyuruvchilar yonidan harakatlanib, tirik ofitsiantlar bilan o‘z ishini bajaradi.

Mazkur robotlar mijozlar ko‘nglini xushnud etish uchun dasturlashtirilgan. Kafe egasi Muhammad Abbos bunday servis bilan Osiyo va Yevropaga sayohatlari davomida tanishganini hamda o‘z yurtida ham shu kabi texnologiya uchun sarmoya kiritishga qaror qilganini tan oladi.

«Ushbu robotlarni import qilish juda qimmatga tushdi», — deydi Abbos. Uning qo‘shimcha qilishicha, biznesga kiritilgan investitsiya o‘zini oqlab bo‘lgan, chunki restoran robotlashtirilgan servis xizmatidan foydalanishni istayotgan «mijozlarga to‘la».

Kler, R24 va Nadya nomlari berilgan robotlar tashrif buyuruvchilar bilan to‘laqonli muloqot qila olmasa-da, ular «Buyurtmangiz tayyor, xush kelibsiz» deya oladi. Shundan keyin mijoz patnisni bo‘shatish va buyurtmasini olish uchun tugmani bosishi kerak.

Robotlar iPad’dagi maxsus ilova orqali boshqariladi — ofitsiantlar shu orqali ularga buyruq beradi. Ammo tirik insonlarning roli o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan: ular onlayn tizimdan foydalanmaydigan mijozlardan buyurtmalarni qabul qiladi va turli ichimliklarni o‘zlari yetkazib beradi.

Ko‘proq yangiliklar: