Germaniyada Volkswagen sobiq rahbari ustidan sud boshlandi

Jahon 14:54 / 03.09.2024 2172

Volkswagen konsernida dizel dvigatelli avtomobillar tashlamalari ko‘rsatkichi kamaytirib ko‘rsatilgani haqidagi firibgarliklar ma’lum bo‘lganidan to‘qqiz yil o‘tib, kompaniyaning sobiq rahbari Martin Vinterkorn Germaniya jinoiy sudi oldida javob berishni boshladi. Ayblovlar unga 3 sentabr, seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da Braunshveyg hududiy sudida o‘qib eshittirildi

VW konserni tomonidan ishlab chiqarilgan dizel dvigatelli avtomobillardan zararli tashlamalar ko‘rsatkichi bo‘yicha manipulyatsiya 2015 yil sentabr oyida AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentliklari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar, shuningdek, olimlarning kuzatishlari tufayli ma’lum bo‘ldi. Mojaro qonuniy oqibatlari, jumladan, avtomobil egalariga to‘lanadigan tovon VW’ga milliardlab yevro zarar yetkazdi. 

Konsernning o‘zi chuqur inqirozga yuz tutdi. Uning rahbari Vinterkorn iste’foga chiqdi va «o‘z nomi endi «dizel mojarosi» bilan bog‘liq bo‘lishini» tan oldi. Shu bilan birga, u firibgarlik uchun shaxsiy ma’uliyatga ega ekani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Martin Vinterkornga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi amal qildi. 

VW sobiq rahbari Martin Vinterkornning guvohliklari

2024 yilda, hozir 77 yoshli Martin Vinterkorn birinchi marta Braunshveyg mintaqaviy sudida VW konserniga qarshi investorlar tomonidan qo‘zg‘atilgan milliard yevrolik fuqarolik da’vosida guvoh sifatida ishtirok etdi. 

Braunshveyg prokuraturasi tomonidan ikki jinoiy ish bo‘yicha qo‘yilgan firibgarlik va bozorni manipulyatsiya qilish ayblovlari haqida u o‘shanda shunday degan edi: «Men bu da’volarni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan deb hisoblayman».

3 sentabrdan boshlab Vinterkornning o‘ziga qarshi jinoiy sud jarayonida yuqorida qayd etilgan ikkita ayblov Berlin prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan «dizel mojarosi» holatlari to‘g‘risida Bundestagga yolg‘on ko‘rsatma berish aybi bilan to‘ldirildi.

2025 yil sentabrgacha 90 ta eshituv

Braunshveyg mintaqaviy sudi Martin Vinterkornga qarshi jinoiy ish bo‘yicha 2025 yil sentabrigacha 90 ta eshituvni tayinladi. Ushbu eshituvlarda ishtirok etish uchun sobiq top-menejer sud zalida ikki kun hozir bo‘lish uchun deyarli har hafta Bavariyadan Quyi Saksoniyaga borishi kerak bo‘ladi. 

Agar aybi isbotlansa, u bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. O‘n yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin bo‘lgan tijoriy va guruh tarkibidagi firibgarlik ayblovlari ayniqsa jiddiy, deb yozadi AFP. «Oxir-oqibat, Vinterkorn (tashlama ko‘rsatkichlari) o‘lchovlarni o‘chirib qo‘yadigan ruxsat etilmagan qurilmadan foydalanish haqida xabardor bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqt masalasi juda muhim», deb tushuntirdi sud vakili.

Volkswagen konserni va «dizel mojarosi»

2015 yil sentabr oyida Volkswagen butun dunyo bo‘ylab sotilgan bir necha million avtomobillar tashlama ko‘rsatkichlari testlarini o‘zgartiruvchi dasturiy ta’minot bilan jihozlanganini tan oldi. 

Manipulyatsiyalar natijasida jabr ko‘rgan avtomobil egalarining qariyb 90 foizi Germaniyaning o‘zida «dizelgeyt» doirasida VW’dan tovon olish istagini bildirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: