BMW kompaniyasi 140 mingdan ortiq elektrokarini chaqirib oladi

Fan-texnika 20:39 / 03.09.2024 2137

Germaniyaning BMW avtomobil ishlab chiqaruvchisi akkumulyatorlar bilan bog‘liq muammo sabab Mini Cooper SE elektromobillarini chaqirib oladi, deb xabar beradi Reuters.

Gap 2018 yil noyabrdan 2024 yil yanvarga qadar Yevropada ishlab chiqarilgan 140 mingdan ortiq avtomobil, jumladan, AQShdagi 12,5 ming va Germaniyadagi 39 mingga yaqin transport vositasi haqida ketmoqda.

Mashinalarning chaqirib olinishiga akkumulyator bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lmoqda. Ta’kidlanishicha, u avtomobil hatto harakatsiz turgan vaqtida ham qizishi va natijada yong‘in keltirib chiqarishi mumkin. Kompaniya shu kabi ikkita holat yuz berganidan xabardor — ko‘ngilsiz hodisalar oqibatida hech kim jarohat olmagan.

BMW avtomobillarda muammo bor-yo‘qligini aniqlovchi dasturiy ta’minotni o‘rnatadi va nuqson aniqlangudek bo‘lsa, akkumulyator almashtirib beriladi.

Avvalroq Germaniyaning BMW avtomobil ishlab chiqaruvchisi Yevropada elektromobillar savdosi bo‘yicha ilk bor Amerikaning Tesla kompaniyasidan o‘zib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tahlilchilarning fikricha, Yevropa Ittifoqida BMW elektromobillari savdosi 2024 yil iyulida qariyb 33 foizga oshib, 14 869 donaga yetgan. Shu bilan birga, Tesla sotuvi 16 foizga kamayib, xuddi shu davrda 14 561 donani tashkil etdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: