Yakshanba kuni rossiyalik harbiylar Xarkiv bo‘ylab bir necha ballistik raketalar bilan zarbalar yo‘lladi, deb xabar beradi mahalliy rasmiylar. Natijada Xarkivdagi Sport saroyi va savdo markazlaridan biri vayron bo‘lgan, kamida 47 kishi, jumladan yetti bola yaralangan.
Xarkiv bo‘ylab raketa zarbasi to‘g‘risidagi xabarlar mahalliy vaqt bilan soat 13 dan keyin kela boshlagan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, shaharda bir necha portlash ro‘y bergan, shahardagi infratuzilma obektlari shikastlangan.
Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, uchta joyda raketalar portlagan: Sport saroyi, Saltivka rayoni markazidagi savdo markazi, shuningdek shahardagi Gidropark atrofida.
Oblast prokuraturasi ma’um qilishicha, Rossiya qo‘shini Xarkivga «Iskander-M» raketalari, shuningdek S-300/400 bilan hujum qilgan.
«Prokurorlar va politsiya tergovchilari aniqlashdiki, Xarkiv shahri Saltivka rayonidagi savdo markaziga dushman „Iskander-M“ rusumli ikkita ballistik raketv qo‘llagan. Nemishlyanskiy rayonidagi Sport saroyida esa „Iskander-M“ tipidagi uchta raketa kelib tushishi, shuningdek atrofdagi hududga S-300/400 tipidagi uchta raketa bilan zarba berilishi qayd etilgan», — deyiladi xabarda.
Xarkivdagi Sport saroyi shahardagi yirik maydonlardan sanaladi, bu yerda nafaqat musobaqalar, balki tez-tez konsertlar va boshqa marosimlar ham o‘tkaziladi.
Saltivkaning turar joy massividagi savdo markaziga zarba oqibatida gaz trubasi yorilgan, shuning uchun tarqalgan tasvirlarda voqea joyida alanga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.
Xarkiv shahri meri Igor Terexov xabar berishicha, jabrlangan bolalarning eng kichigi uch oylik. Prokuraturaning aniqlik kiritishicha, bu bolada stressga o‘tkir reaksiya qayd etilgan.
Jabrlanganlar orasida tibbiyot xodimlaridan ikki nafari va ikki qutqaruvchi ham bor.
Shoshilinch tibbiy yordam markazi rahbari Viktor Zabashtaning «Suspіlne»ga ma’lum qilishicha, qutqaruv xizmati xodimlari savdo markazi hududiga yetib borishganida takroriy zarba berilishi oqibatida jarohatlangan.
«Brigada darhol voqea joyiga yo‘l oldi, ular savdo markazi oldida to‘xtashgan. Shunda ikkinchi zarba kelib tushgan, parchalar avtomobilga shikast yetkazgan, — degan Zabashta. Vrachda bosh miya jarohati qayd etilgan, feldsherning kaft suyagi singan».
Xarkiv bo‘ylab raketa zarbasidan keyin prezident Volodimir Zelenskiy jahon yetakchilarini Ukrainani Rossiya zarbalaridan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan barcha vositalar bilan ta’minlashga chaqirgan.
Bungacha ukrainlar yetakchisi bir necha marta g‘arb mamlakatlarini ular yetkazib berilgan qurollar bilan Rossiya hududlariga zarba berishga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qilishga chaqirgandi. Hozirda AQSh Ukraina qurolli kuchlariga o‘z qurollaridan faqat Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlaridagi harbiy obektlariga zarba berishda foydalanishga ruxsat bergan.
«Rossiya yana Xarkivni terror qildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shaharga, fuqarolik infratuzilmalariga zarbalar, — deya yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda. — Va bu terrorni to‘xtatish uchun dunyodagi barcha kuchlarni jalb etish kerak. Buning uchun favqulodda kuchlar shart emas, rahbarlarga yetarlicha jasorat — Ukrainaga himoyalanishga barcha vositalarni berish uchun jasurlik kerak».
Rossiya mudofaa vazirligi yakshanba kuni Xarkiv bo‘ylab yo‘llangan zarbalar bo‘yicha izoh bermagan.
Xarkiv bo‘ylab bu safargi zarba — so‘nggi kunlarda Ukrainaning ikkinchi eng yirik shahri ikkinchi bor yoppasiga o‘qqa tutilishi bo‘ldi.
30 avgust kuni FAB-500 aviabombalari tashlanishi oqibatida shaharda 12 qavatli turar joy binosi vayron bo‘lgan, shuningdek bolalar maydonchasida 14 yoshli bola halok bo‘lgandi.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, jami qurbonlar soni olti nafarni tashkil etgan, 97 kishi yaralangan, shundan 22 nafari voyaga yetmagan bolalar.