Ronaldu - Yevrodagi ko‘z yoshlari sababi, Saudiyadagi hayoti va 1000 ta gol urishni maqsad qilgani haqida

Sport 19:46 / 02.09.2024 17986

Bir necha kun avval Krishtianu Ronaldu o‘z «YouTube» sahifasida sobiq jamoadoshi Rio Ferdinand bilan suhbatlashdi. Unda portugaliyalik yulduz faoliyati avvalidagi qiyinchiliklar, Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tish qarori va Yevro atrofidagi voqealar haqida gapirib berdi.

Rio Ferdinand: Xo‘sh, Krishtianu, menga studiyang yoqdi. Kel, Saudiyaga ketishing haqida gaplashamiz. Sening bu davlatga ko‘chib o‘tishing futbolda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Bu qarorning eng qiyin jihati nimada edi?

Ronaldu: Rio, sen meni bilasan, hayotim sarguzashtlardan iborat. Men 11 yoshimdayoq katta shaharga ko‘chib o‘tish uchun o‘z uyimni tashlab chiqqanman. Shuning uchun bu menga osonroq tuyuladi. Davlatma-davlat yashab yurish hayotimning bir qismi va bu menga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ochig‘ini aytaman, bu men uchun oson kechgan. Sen din borasida, ob-havo masalasida so‘rashing mumkin, ammo hech bir mamlakat mukammal emas. Shunday ekan, menda moslashish bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmadi, deb bemalol ayta olaman.

Rio: Hech bir mamlakat mukammal emas, degan gapingga qo‘shilaman. Sen ketayotganingni birinchi bor eshitganimda ham shunday o‘ylagandim. Sening Saudiyaga ketishingni ayrimlar negativ qabul qilgan va bu yerdagi hayot haqida salbiy fikrlar bildirgandi. O‘shanda o‘zimga, xo‘sh, biz qandaymiz, bizda hammasi zo‘rmi, muammolarimiz yo‘qmi, deb savol bergandim. Hammada muammo bor, og‘ayni, gap unga qanday qarashing va yondashishingda. Shunday emasmi?

Ronaldu: Mening fikrimcha, har bir davlatning o‘ziga yarasha muammolari bor. Saudiyada ham ajoyib joylar bor, oilam bilan zo‘r yashayapmiz, deya olaman. Qizil dengiz bo‘yidagi yashash joyimiz menga o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. Dengizning olmos kabi mavjlanishi aqlbovar qilmas darajada chiroyli. Albatta, seni va oilangni u yerga taklif qilaman. Ishonchim komil, sizlarga juda yoqadi. Senga shuni ikkilanmay ayta olamanki, bu — men bo‘lgan eng go‘zal joylardan biri. Saudiyaning boshqa bir qismida Alula nomli joy bor, u yerni ta’riflashga til ojiz.

Rio: Ha, men u yerda bo‘lganman. Ta’riflashga til ojiz qoladigan darajadagi chiroyli joylar. Bir do‘stim bilan borgandik va u go‘zallikni ko‘rib yig‘lab yuborgandi.

Ronaldu: Ha, chunki bu — muqaddas joy. U yerda bo‘lganingda samoviy quvvatni his qilasan. O‘zim ham buni his qilganman. Saudiya tog‘larida qor ham topa olasan. Odamlar ishonmasligi mumkin, lekin bu — haqiqat. Xullas, Saudiya — ajoyib mamlakat va men u yerda oilam bilan baxtliman. Aytib o‘tganimdek, moslashish ham u qadar qiyinchilik tug‘dirmagan.

Rio: Ligalar orasidagi farq qanday? Bizda odamlar Saudiya ligasini oson deb o‘ylashadi.

Ronaldu: Har bir liganing o‘ziga xosliklari bor. O‘ylashimcha, odamlar bilganlaridan ko‘proq narsalarni gapirib yuborishadi. Har bir liganing o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor va mendan boshqa futbolchilar bilan ham intervyu olib ko‘rsang, buni tasdiqlashadi: Saudiya proligasi oson chempionat emas. Liga qiyin bo‘lishi bilan birga havo juda issiq va bu holatda bir xil darajani ushlab qolish ancha og‘ir kechadi. Saudiya chempionati juda yaxshi darajada va yana o‘sa oladi. Men ushbu ligaga o‘z xohishim bilan kelib, rivojlanishiga hissa qo‘sha olganimdan xursandman.

Rio: Ha, xuddi Beks (Bekhem) bir paytlar MLSga yulduzlar oqimini boshlab bergandek, sen ham katta harakatni boshlab yubording. Birinchi megayulduz sifatida ushbu ligaga kelish va qolganlarni o‘zingning ortingdan ergashtirish qanchalik bosimga sabab bo‘ldi?

Ronaldu: Bilasan, yoshligimdan boshqacha harakterdagi inson bo‘lganman. Men nafaqat futbolda, balki boshqa barcha jabhalarda o‘zimga ishonaman. Rostini aytsam, menda umuman bosim yo‘q edi. Men uchun bosimdagilar — urushdagi odamlar: yeyishga hech vaqosi yo‘q, tunda boshlari ustidan uchib o‘tayotgan o‘qlar ichida yashashga majbur — mana shular, mening nazarimda, bosim ostida yashaydilar. Oldin aytganimdek, uyimni 11-12 yoshda tark etganman, har kechasi oilamni sog‘inib yig‘lardim. Saudiyaga kelishda mendagi bosim ko‘rsatkichi nolga teng edi. Albatta, professional jihatdan qabul qilayotgan qaroring mantiqlimi yoki yo‘q — shuni o‘ylaysan, eplab keta olarmikanman, deb o‘ylaysan. Boshqa tarafdan, men o‘zimni juda erkin his qildim. Qayerda o‘ynagan bo‘lsam, o‘zimni ko‘rsata olganman. Qayerda bo‘lmay, liga darajasi oshishiga va futbolchilar mening ortimdan ergashishiga ishonardim. Bilardimki, Saudiyada ham yolg‘iz qolmayman. Qarorimda pul asosiy rol o‘ynagani tabiiy, lekin men avvaldan Saudiya Arabistonida futbol madaniyati yaxshi shakllanganini bilardim. Bu yerda do‘stlarim o‘ynagan, portugaliyalik bir qator murabbiylar ishlab ketgan. Ha, yulduzlar bu qadar tez fursatda kelishini kutmagandim, biroq mening ta’sirim ostida liga rivojlanishiga ishonardim.

Rio: Men 11 yoshligingda uyingdan ketib, tunlari yig‘lab chiqishingni miyamdan chiqarib yubora olmayapman. Chunki, onang sen uchun nimalarni anglatishini yaxshi bilaman. Kimki, mendan sen haqingda so‘rasa, ularga seni oilasiga mehr qo‘ygan yigit, deb ta’riflayman. Bizni kuzatayotgan yosh yigitlar uchun aytib ber, qanchalik qiyin bo‘lgandi onangni uyda qoldirib, boshqa shaharda yashash?

Ronaldu: Men uchun bu hayotimning burilish nuqtasi edi. Menimcha, o‘shanda juda ko‘p qiyinchilik ko‘rganim hisobiga og‘ir vaziyatlarda o‘zimni yo‘qotib qo‘ymaslikni o‘rganganman. Albatta, 11 yoshimda uyimdan ketgan vaqtda menga juda qiyin bo‘lgan: onamsiz, otamsiz, aka-uka, opa-singillarimsiz. 11 yoshli bolangning sendan ketib, Londonda yashashini tasavvur qilib ko‘r.

Rio: Buni tasavvur qilish qiyin. Hozir bolalarim kuniga 1 soat futbol o‘ynash uchun uydan chiqib ketishadi va men ular qaytgunicha aqldan ozay deyman.

Ronaldu: Albatta, bu juda qiyin. Lekin otam va onam menga doim aytib kelishgan: «Quloq sol, Krishtianu, agar orzularingga rostdan erishmoqchi bo‘lsang, senga ham, bizga ham qiyin bo‘ladi. Ammo biz senga imkoniyat bermoqchimiz». Va men uyni tark etdim. Ammo men Yaratganga shukr aytaman, chunki, hayotimning aynan o‘sha qiyin davri sababli bugun qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tishni bilaman.

Rio: Kel, Yevro-2024 haqida gaplashamiz. Bu turnirni yodingga solayotganim uchun kechirasan. Lekin oradan bir muncha vaqt o‘tdi va menimcha, endi sen ham bo‘lib o‘tgan ishlarga munosabat bildira oladigan holatdasan. Sen yig‘laganingni ko‘rib, ayrimlar buni noto‘g‘ri talqin qilishdi. Aslida nima bo‘lgandi va hozir bu voqeani qanday eslaysan?

Ronaldu: Bilasanmi, tanqid qilish oson. Media qanday ishlashini yaxshi bilamiz. Yaxshi fikrlar yozsang, uni sota olmaysan. Agar Krishtianuni tanqid qilsang, sen bosh sahifadasan. Bu — normal. Axir, men dunyoda eng ko‘p obunachiga ega insonman. Hammasi mening chiroyli yuzim natijasi (kuladi). Nega Krishtianu dunyodagi eng ko‘p obunachiga ega inson deb o‘ylaysan? Futbol, titullar, gollar, oila, hayot tarzi va boshqalar. Meni odamlar yaxshi ko‘rishini bilaman. Tanqidlar esa doim bo‘ladi, bu — biznesimizning bir qismi. Yig‘laganim haqida savol beryapsan. Agar sen qilayotgan ishingni chin dildan bajarsang, tuyg‘ularing haqida qayg‘urib o‘tirmaysan. Men penaltidan gol ura olmagan kunim yig‘ladim va fikrimcha, Oblak fantastik seyv amalga oshirdi. Penaltidan gol ura olmaganimdan so‘ng, agar Portugaliya keyingi bosqichga chiqa olmasa, dunyo mening ustimga yopirilishini o‘ylab yig‘laganim yo‘q. Agar shunday o‘ylaganlar bo‘lsa, meni bilmas ekanlar. O‘ylab ko‘r, sen so‘nggi 27 ta penaltidan foydalangansan va aynan shu nuqtada gol ura olmading. Stadionga esa sening onang, bolalaring, qallig‘ing kelgan va sen ular haqida o‘ylaysan. Men agar yutkazsak, Portugaliyada meni deb keyingi bosqichga chiqa olmaganimiz haqida gapira boshlaydilar, deb o‘ylamadim ham. Buni qasam ichib aytishim mumkin. Men o‘zimga bosimni oladigan insonman, bilasan. 11 yoshimdan beri o‘zimga: «Krishtianu, sen dunyoning eng zo‘r futbolchisisan», deb kelaman. Buning o‘ziga yarasha bosimi bor. Ishing yurishib tursaku, xo‘p-xo‘p, lekin barchasi o‘xshamay qolishi ham mumkin. Men o‘zimga o‘zim bosimni oshirib yuboradigan insonman. Yig‘laganimda o‘zimdan ranjib yig‘ladim, odamlarni deb emas. Oilam haqida o‘ylab yig‘ladim, matbuotdan qo‘rqib emas.

Rio: Menimcha, ekranda onangni ko‘rganing ham senga qattiq ta’sir qildi. Chunki men ham Jahon chempionatida madhiyamiz yangrayotganda uyda uni baralla kuylayotgan oilamni xayol qilib, yig‘lab yuborganman.

Ronaldu: Albatta, bu – unutilmas lahzalar. Sen o‘zligingni namoyon etishing kerak, o‘z-o‘zingni yashirib yashay olmaysan. Agar sen hislaringni yashirsang, demakki, o‘zingni aldayapsan. Kimdir tanqid qilsa, 40 yoshimda o‘zimni o‘zgartiramanmi? Yo‘q, albatta. Yoqtirsang yoqtirasan, yoqtirmasang — yo‘q. Bu — hayotning bir qismi. Ha, odamlar meni yoshi o‘tib qolgan deyishadi, ularning fikricha, men allaqachon faoliyatimni tugatib bo‘lganman. Lekin xuddi shu musobaqa saralashining o‘zida 10 ta gol urdim. Turnirdan avval Irlandiyaga 2 ta to‘p kiritdim. Yevroda gol urganimda ham hozirgi Krishtianu zarracha o‘zgarmasdi. Bugun gol ura olmadimmi, keyingisida harakat qilib ko‘raman. Gol urolmayotganim menga ta’sir qilmaydi, men doim darvozani ishg‘ol qilishni xohlayman. Men Fransiyaga qarshi o‘ynaymanmi, «Al Ittifoq»qa qarshimi — farqi yo‘q, maqsadim darvoza bo‘lib qolaveradi.

Rio: Gol ura olmaganingda o‘zingni qanday his qilasan. Yodingdami, Ruud van Nistelroy gol ura olmagan kuni dahshatli tushga o‘xshardi. Biz 3:0 yutgan bo‘lsag-u, u birorta golni o‘ziniki qilmagan bo‘lsa, kiyim almashtirish xonasida qovog‘ini uygancha o‘tiraverardi. Senda bunday vaziyat qanday kechadi?

Ronaldu: Jamoamiz yutsa, barchasi yaxshi. Jamoamiz yutsa va men gol urgan bo‘lsam, biroz ko‘proq xursand bo‘laman, ochig‘ini tan olishim kerak. Lekin gol urgan bo‘lsang-u, jamoa yutkazsa, sen o‘zingni uning bir bo‘lagidek tutishing kerak. Lekin men professional sifatida bir narsani o‘rganganmanki, yutkazdingmi, buni qabul qilib, hayotni davom ettirish kerak. O‘tmish qaytib kelmaydi va hozirgi lahza hayotda olayotgan eng katta tuhfamizdir. Hech birimiz ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz.

Rio: Xo‘p, mag‘lubiyatdan keyin qancha vaqt asabiy holatda davom etasan va o‘sha o‘yin kayfiyatida bo‘lasan?

Ronaldu: O‘yinlar va ularning muhimlik darajasi o‘rtasida farq bor. Misol uchun, Fransiyaga qarshi penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyatdan o‘zimga kelishimga 2 kun vaqt ketgan. Uchinchi kuni esa zalga qaytishing kerak, aytganimdek, hayot davom etadi va hali ko‘rsatishing kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Hayotni shundayligicha qabul qilish kerak. Mana shu — men yillar davomida anglab yetgan haqiqat. Og‘ir vaziyatlar hayot davomida doimo sodir bo‘lib turadi. Hech narsa osmondan tushmaydi, sen barchasiga mehnating bilan erishasan.

Rio: Portugaliyaning Yevropa chempionatidagi ishtirokini qanday baholaysan. Men uchun musobaqani yutish uchun asosiy favoritlar qatorida edingiz.

Ronaldu: Bu mavsumda 3ta musobaqani penaltilarda yutkazdim. Kim biladi, balki, bu mavsum 3 ta titul yutarman. Bu — futbol. Fransiyadan avval biz ham penaltilarda yutib chiqqandik. Agar penaltilarni yutganimizda, yarimfinalga chiqqan bo‘lardik. Ispaniya bilan o‘yin qanday kechishini bilib bo‘lmasdi va nima bo‘lgan taqdirda ham, odamlar buni yaxshiroq qabul qilgan bo‘lardilar. Lekin biz Fransiyaga qarshi ustunlik bilan o‘tkazgan bellashuvimizni seriyada yutkazdik. Fikrimcha, o‘rtacha musobaqa o‘tkazdik, yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi. Bu — kelajak uchun yana bir dars.

Rio: Yevro davomida televideniyeda ishladim va odamlar sening to‘liq o‘yinni maydonda o‘tkazishing haqida e’tirozlar bildirishgandi. Sening bunday fikrlarga munosabating qanday?

Ronaldu: Tanqidlar doim bo‘ladi. Odamlar men musobaqada 2 ta gol urganimni eslamayapti. Men gol ursam ham, urolmasam ham shu yerda bo‘laman. Penaltini urolmasam ham, yana tepaveraman.

Rio: Sen jamoadoshlaringga ham shunday deysanmi? Ularga ishonch berish uchun bularni gapirasanmi?

Ronaldu: Ha, men doim shundayman. Hech qachon o‘zimni panaga olib qochmayman. Yoshligimdan meni yaxshi bilasan. Penaltilarda o‘zini olib qochadigan yigitlardan emasman. Ba’zilar penaltilarda nuqtaga kelib, to‘pni tepishda o‘ziga nisbatan kamroq ishonch sezadi va men buni to‘g‘ri tushunaman. Ularni hurmat qilaman, lekin Krishtianu hech qachon bunday qilmaydi. Men muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmayman. Odamlar esa yomon tarafini ko‘rsatishni yoqtiradilar. Xo‘p, o‘yindan gol urolmadim, men ham xohlardim, lekin bo‘lmadi. Xo‘sh, bir chetda qo‘l qovushtirib turishim kerakmi? Yo‘q, albatta. Muxlislar meni mana shu xislatlarim uchun yoqtirishadi va bu menga motivatsiya beradi. Hech kim mendan ularning mehrini tortib ololmaydi.

Rio: Sen bilan gaplashib o‘tirib mazza qilyapman. Ba’zida menga ba’zi video yoki rasmlarni jo‘natib, bundan yaxshirog‘ini qila olishingni aytasan. Men esa o‘zingni bossang-chi, deyman. Lekin senda rad etib bo‘lmaydigan xohish va futbolga nisbatan o‘chlikni ko‘raman. Sen odamlarga yanada yaxshirog‘iga qodirligingni isbotlashni yaxshi ko‘rasan.

Ronaldu: Lekin men so‘nggi yillarda isbotlash uchun harakat qilmay qo‘ydim. Ular bilan ishim yo‘q. Hozir ko‘proq farzandlarimga ko‘rsatish uchun o‘ynayapman. Ular menga ishtiyoq beradi. Chunki, bolalarim hammasini ko‘rib turadi. Albatta, futbolni, o‘zim uchun o‘ynayman. 39 yoshimda 60 ga yaqin gol urdim va hamon meni tanqid qiladigan odamlar bor. Ular haqida kamroq o‘ylashni o‘rgandim. Boisi, bundan yaxshiroq bo‘lgan paytimda ham ular bo‘lgan. Yevroni yutganimda ham shunday davom etardim, hech narsa o‘zgarmasdi.

Rio: Og‘ayni, agar men 39 yoshimda Yevroni yutganimda katta sigara qo‘limda, oyog‘im stol ustida va bir qo‘limda viski bilan tun-u kun bayram qilib chiqardim. Vaholanki, men sen kabi elita futbolida o‘ynaganman va shunda ham sening har kuni 18 yoshingda qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday energiya bilan tongda o‘rningdan turishing meni hayratga soladi.

Ronaldu: Buni tushuntirish qiyin. Men odamlarni xursand qilishni yoqtiraman. Butun dunyodagi muxlislarim mendan o‘rnak olishini bilaman. Men gol ursam, ular ko‘chalarda yaxshi kayfiyatda yurishlarini bilaman, bu ularni xursand qilishini his etaman.

Rio: Endi faoliyatingni yakunlash haqida gaplashsak. Shu haqida gapirib ber.

Ronaldu: So‘nggi yillarda, ayniqsa, hayotdan rohat olishni, har lahzani qadrlashni o‘rgandim. Bilaman, hozir holatim yaxshi, men haliyam futbolda ko‘p narsa qila olishimni his qilyapman. O‘zimda ishlashga nisbatan ishtiyoq yo‘qligini sezgan kunim narsalarimni yig‘ishtirib, mashg‘ulot bazasini tark etaman. Lekin o‘zimni bundan ancha uzoqda his qilyapman. Bu mavsumda 60 ga yaqin to‘p kiritdim, Yevroda esa o‘xshamadi. Xo‘sh, nima qilibdi? Men haliyam tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchiman. Yaqinda 900 ta gollik marrani zabt etaman va undan so‘ng minglik dovon sari yuraman. Men 1000 ta gol urgan futbolchi bo‘lishni xohlayman va bunga harakat qilaman. Hech narsani oldindan bilolmaymiz. Agar jarohatlar xalal bermasa, bu rekordga, albatta, yetib boraman. Men tarixda 1000 ta gol urgan birinchisi bo‘laman. Farqim shunda bo‘ladiki, men urgan 1000 ta golning barchasi videolarda aks etgan va barchasini isbotlay olaman. Pele, Di Stefano… Ularni hurmat qilaman. Ammo menda hatto mashg‘ulotlardagi gollarimning ham videolari saqlanadi. Men bu marrani zabt etish va har bir golimni isboti bilan tarixga muhrlashni xohlayman.

Rio: Sen bilan yoshlikdan ko‘p vaqt birga bo‘lganmiz va seni yaxshi bilaman. Hayotdagi oddiy masalalar yuzasidan ham raqobatlashishni yaxshi ko‘rasan. Oddiy o‘yinlarni ham yutish uchun o‘ynaysan. Hali ham shundaymisan?

Ronaldu: Ha, men umr bo‘yi shundayman. Bir necha kun avval Qizil dengiz bo‘yida Krishtianu Junior bilan padel o‘ynadik. Esdan og‘ish hech gap emas, shu qadar zo‘r o‘yin bo‘ldiki. Mana 2 kundan beri yutkazib qo‘yganiga men bilan gaplashmay yuribdi. Ammo men uning bu qadar raqobatsevarligidan xursandman, kichkina Mateo ham xuddi shunday. Yutkazib qo‘ysa, o‘zini to‘xtata olmaydi. Bolalarim ham o‘zimga o‘xshaydi, ularni bunga o‘rgatmaganman, lekin mening misolimda o‘zlari uchun shunday xislatni o‘zlashtirishgan. Men bolalarim bilan ham g‘alaba uchun o‘ynayman, Jorjina bilan ham. Mendan hech narsani shunchaki yutib olib bo‘lmaydi.

Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Ko‘proq yangiliklar: