Yamal Messidan tezroq, Lukaku maydon o‘yinchisiga gol urdi

Sport 12:10 / 01.09.2024 13899

Yevropa futbolida shanba kuni ro‘y bergan asosiy voqealar.

Angliya: «Arsenal» ilk bor ochko yo‘qotdi

«Arsenal» — «Brayton» 1:1
Gollar:
Haverts (38) — Joao Pedro (58).
«Arsenal» – Rayya, Timber (Zinchenko, 80), Gabriel, Saliba, Uayt, Rays, Parti, Edegor (Martinelli, 74), Haverts, Trossar (Kalafiori, 59), Saka.
«Brayton» – Verbryuggen, Dank, van Hekke, Veltman (Estupinyan, 72), Hinshelvud, Baleba, Milner (Ayyari, 17), Mitoma (Adengra, 85), Joao Pedro, Minte (Ryutter, 72), Uelbek (Ensiso, 85).
Ogohlantirishlar: Rays (42), Parti (45+3), Minte (70), Timber (70).
Chetlatish: Rays (49).

Angliya chempionatining bu turidagi eng katta afisha yakshanba kungi «MYu» va «Liverpul» o‘rtasida o‘yinga edi, ammo turnirdagi vaziyat nuqtayi nazaridan markaziy bahs «Emireyts»da bo‘lib o‘tdi, maydonda dastlabki turlarda ochko yo‘qotmagan to‘rt jamoadan ikkitasi to‘qnash keldi. Oldingi o‘yinlardagi natijalar bu jamolarning kuchi tengligini ko‘rsatib turardi, bu o‘yindan keyin ham natijalar o‘zgarmay qoldi. «Arsenal» o‘z maydonida kutilmaganda qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldi, «Brayton» birinchi bo‘limda, futbolchilar soni teng holatda ham o‘yinning 63,7 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, o‘yin yakunigacha mehmonlar yo‘llagan zarbalar soni 22 taga yetdi (shundan 4 tasi darvoza sohasiga aniq bordi).

Bu «kanonirlar»ning zarbalari sonidan ikki barobar ko‘proq. Bu o‘yinda ham londonliklarning doimiy qahramonlari o‘zini ko‘rsatdi, Saka pas berdi, Havers gol urdi — bu Mikel Arteta jamoasi uchun klassikaga aylanib bormoqda. Angliyalik vinger startdagi uchala turda ham jamoadoshlariga assistentlik qilgan, «Arsenal» futbolchilari yigirma yildan buyon — Tiyerri Anri o‘ynagan yillardan beri bunday ko‘rsatkichga erisha olmagandi. Hisob 1:1 holatida Sakada ham, Haversda ham ajoyib imkoniyatlar bo‘ldi, ammo Verbryuggen ham ajoyib o‘ynadi. «Chaykalar»ning javob goli esa mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin urildi. Londonliklar yarimhimoyachisi Deklan Rays ikkinchi bo‘lim boshida ahmoqona tarzda ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi. Bu vaziyatda u raqib jarima maydoni yaqinidagi burchak oldida qoidabuzarlik ishlatishda aybdor deb topilgach, bunga e’tiroz bildirdi va voqea joyidan uzoqlashishga shoshilmadi. Raqib himoyachisi Veltman esa to‘pni o‘yinga kiritishga shoshilib, to‘p aralash uning oyog‘iga tepdi, angliyalik futbolchi yiqildi, bosh hakam Kris Kavana esa uni vaqt cho‘zishga urinishda aybladi.

«Lester» — «Aston Villa» 1:2
Gollar:
Buonanotte (73) — Onana (28), Duran (64).
«Lester» – Hermansen, Kristiansen, Okoli (Makatir, 90+2), Fas, Jastin, Skipp (Al Hannus, 68), Uinks, Ayyu (Mavididi, 67), Ndidi (Dekordova-Rid, 89), Fatau (Buonanotte, 68), Vardi.
«Aston Villa» – Martines, Din, Pau Torres, Konsa, Bogard (Nedelkovich, 79), Makginn, Tilemans, Onana (Barkli, 62), Beyli (Remzi, 16), Uotkins (Duran, 61), Rojyers.
Ogohlantirishlar: Onana (8), Skipp (26), Tilemans (40), Bogarde (55), Makginn (74), Okoli (74), Vardi (83), Uinks (90+3), Duran (90+2).

«Emireyts»dagi durang «Aston Villa»ga qo‘l keldi. Birminghemliklar so‘nggi to‘rt o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Lesterda (+3=1) ikkinchi bo‘lim boshida hisob qulay ko‘rinishga keltirildi. Ammo keyinroq mezbonlar hisobni qisqartirishdi, o‘yin oxirida esa ikki bor penalti so‘rashdi, birinchi holatda hakam qoidabuzarlik qayd etmadi, ikkinchi holatda Vardi ofsaydga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi. «Villa» uchun yana bir noqulay holat — Beyli birinchi bo‘limdayoq jarohat olib maydonni tark etishi bo‘ldi.

Uotkins esa hamon gollar hisobini ochgani yo‘q. Hisob 0:0 ekanida u qator vaziyatlardan foydalana olmadi, ammo uning pasidan keyin Onana hisobni ochdi, bu «Everton»dan olib kelingan yarimhimoyachining uch o‘yindagi ikkinchi goli. Ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘rniga tushirilgan Duran ham mavsumdagi ikkinchi golini urdi. Bu g‘alaba Unai Emeriga APL o‘yinlarida 15-safar g‘alabasi bo‘ldi, bu ispaniyalik mutaxassis shu lavozimga tayinlanganidan keyingi davrda ligadagi eng yaxshi natija.

«Vest Hem» — «Manchester Siti» 1:3
Gollar: Diash
(19, avtogol) — Holand (10, 30, 84).
«Vest Hem» – Areolya (Fabianski, 46), Emerson (Tsoufal, 71), Kilmen, Mavropanos, Uan-Bissaka, Alvares (Souchek, 77), Rodriges, Quddus, Paketa, Bouen (Sammervill, 86), Antonio (Fullkrug, 71).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol (Uoker, 88), Diash, Akanji, Lyuis, Kovachich, Grilish (Mateush Nunesh, 72), de Bryuyne (Ake, 88), Bernardu Silva, Doku (Gundo‘g‘an, 68), Holand.
Ogohlantirishlar: de Bryuyne (44), Emerson (61), Kilmen (63), Rodriges (75), Akanji (90+1).

O‘yinning asosiy yakuni — «Manchester Siti» yakkapeshqadam bo‘lib olishi bo‘ldi (yakshanba kuni faqat «Liverpul» yetib olishi mumkin). Xosep Gvardiola hali «Vest Hem»ga umuman yutqazmagan. Bu safar ham «shaharliklar» faqat o‘ziga o‘zi muammo keltirib chiqarmasa, raqib muammo tug‘dira olmasligi ko‘rinib turgandi. O‘yin to‘liq mehmonlar ustunligida o‘tdi, ammo Ruben Diash oddiy vaziyatda o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

Lekin amaldagi chempionlar Holandning kuchli zarbasi bilan yana hisobda oldinga chiqib oldi. Norvegiyalik hujumchining o‘yindagi birinchi goli esa golli uzatma muallifi tufayli alohida ahamiyat kasb etgandi. Bernardu Silva uchun bu APLda 44-golli pas bo‘ldi va turnir tarixidagi eng yaxshi portugaliyalik assistentga aylanib oldi. Bungacha bu maqom «MYu» sobiq futbolchisi Naniga tegishli edi. Ammo bu rekord vaqt o‘tishi bilan Brunu Fernandesh tufayli yana Manchesterning qizil tomoniga qaytishi mumkin.

Faqat bu kelajak masalasi, shanba kungi o‘yin esa — Holandning navbatdagi benefisiga aylandi, u qatorasiga ikkinchi o‘yinda het-trik qayd etdi. O‘yin oxirida Mateus Nunesning pasidan keyin norvegiyalik intrigani butunlay o‘ldirdi. Londonliklar shu pallagacha taslim bo‘lishmagan va bir marta Quddusning zarbasi ustunga ham tekkandi. Erling esa o‘yinlar sonidan ko‘proq gol urishda davom etmoqda — APLda 69 o‘yinda 70 gol. Va o‘rtacha har to‘qqizinchi o‘yinda het-trik amalga oshirmoqda. Bu safargisi — to‘qqizinchisi. Taqqoslash uchun: bu natijaga Tiyerri Anri 258 o‘yinda, Harri Keyn 320 o‘yinda, Maykl Ouen — 326 o‘yinda erishgan.

Ispaniya: Flik davrida o‘zgargan jamoa

 «Barselona» — «Valyadolid» 7:0
Gollar:
Rafinya (20, 64, 72), Levandovski (24), Kunde (45+2), Olmo (82), Ferran (85).
«Barselona» – ter Stegen, Balde, Martines, Kubarsi (Dominges, 61), Kunde, Pedri (Lopes, 61), Kasado (Erik Garsiya, 61), Olmo (Torre, 83), Rafinya, Levandovski (Ferran Torres, 73), Yamal.
«Valyadolid» – Heyn, Lukas Roza, Sanches, Jyemert, Peres, Yurich, Amalla (San-Xose Kantaleho, 57), Kike Peres (O‘zkajar, 88), Sanches (Martin, 62), Moro (Kavas, 88), Markos Andre (Latasa, 56).
Ogohlantirishlar: Sanches (45), Kike Peres (74), Martin (84).

La ligaga qaytgan «Valyadolid»ning safar o‘yinlari taqvimi ayovsiz darajada. Avvaliga «Santyago Bernabeu»da eng yaxshi holatida bo‘lmagan «Real» baribir uchta gol urdi. «Barselona» esa barchasiga oson erishdi, Olmoning goli ofsayd tufayli bekor qilinishi muqarrar narsani ozroq ortga surdi, xolos. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Kubarsi va Yamal bir martadan to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berishdi, Rafinya va Levandovski bu imkoniyatlardan aniq foydalanishdi. Tanaffusgacha kataloniyaliklar madridliklar normasini bajarib bo‘lishdi, Kundening goligacha esa Olmoning zarbasi ustunga tekkandi.

Shunday ekan, oldindan xulosa qilish mumkin edi: 2017/18 yillar mavsumidan buyon ilk bor ko‘k-anorranglilar mavsumni yangi murabbiy qo‘li ostida to‘rt g‘alaba bilan boshlaydi. O‘shanda Ernesto Valverde qatorasiga yetti uchrashuvda g‘alabaga erishgandi va endi Hans Flik bu natijani yangilashga harakat qiladi. Shanba kungi o‘yin natijasi esa kataloniyaliklarning 2016 yildan buyon qayd etilgan eng yirik hisobdagi g‘alabasi bo‘ldi.

Asosiy qahramonlar — Rafinya va Yamal. Braziliyalik vinger faoliyatidagi ilk het-trikni nishonladi, ispaniyalik esa Messining qator yutuqlarini ortda qoldirdi. Mehmonlarning burchak zarbasidan keyin Lamin to‘pni maydon bo‘ylab olib o‘tib, uni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdagi Rafinyaga uzatganida, bu uning la liga o‘yinlaridagi 10-assisti va barcha turnirlar hisobga olinganda 20-assisti bo‘ldi. Birinchi natijaga Leo 20 yoshu 245 kunligida, ikkinchisiga — 21 yoshu 120 kunligida erishgandi. Yamal esa «Valyadolid»ga yetti gol urilgan kunda 17 yoshu 49 kunlik edi!

«Atletik» — «Atletiko» 0:1
Gol:
Korrea (90+2).
«Atletik» – Agirresabala, Berchiche, Yyeray Alvares, Vivian, Lekue, Prados (Vesga, 64), Errera (Hauregisar, 64), Sanset (Unai Gomes, 81), N.Uilyams, I.Uiyams (Berenger, 71), Guruseta (Jalo, 64).
«Atletiko» – Musso, Reynildu, Ximenes, Le Norman, Gallaher (De Paul, 70), Grizmann (Simeone, 84), Koke (Korrea, 88), Barrios, Lorente, Lino (Syorlot, 70), Xulian Alvares (Rikelme, 70).
Ogohlantirishlar: N.Uilyams (15), Yyeray Alvares (34), Sanset (35), Koke (85).

«Atletiko» o‘yinga bir necha soat qolganida ovqatdan zaharlanish tufayli Oblakni yo‘qotdi, ammo uning o‘rniga darvozaga turgan Musso benuqson o‘ynadi. Himoyachilar ham aniq harakat qilishdi, o‘yin oxirida esa — Diyego Simeonega xos uslubda — madridliklar o‘z imkoniyatidan foydalanishdi. Ikki joker — Serlot va Korrea — qo‘shimcha daqiqalarda darvoza sohasiga yo‘llangan ilk aniq zarbadan keyinoq g‘alaba golini urib ketishdi. Darvozabonni aldab o‘tib, to‘pni bo‘sh darvozaga yumalatib yuborgan argentinalik uchun bu la liga o‘yinlarida zaxiradan tushib urilgan 22-gol bo‘ldi. Bu tarixdagi to‘rtinchi eng yaxshi natija. Morata va Pandianiga yetishga yana bitta shunday zarba qoldi, rekord esa Xulio Salinasga tegishli (28).

Italiya: Leau qutqaruvchi rolida

«Latsio» — «Milan» 2:2
Gollar:
Kastelyanos (62), Dia (66) — Pavlovich (8), Leau (72).
«Latsio» – Provedel, Nunu Tavaresh (Hyusay, 90), Romanioli, Gabarron, Ladzari (Marushich, 46), Dia (Dele-Bashiru, 81), Zakkani, Genduzi, Rovella, Tshauna (Isaksen, 46), Kastelyanos (Noslin, 87).
«Milan» – Menyan, Pavlovich, Tomori, Emerson (Teo, 70), Terrachchano, Reynders (Musa, 70), Fofana, Pulishich, Loftus-Chik, Chukvueze (Leau, 70), Okafor (Abraham, 71).
Ogohlantirishlar: Fofana (20), Rovella (39), Zakkani (64), Gabarron (85), Terrachchano (90+1), Genduzi (90+3).

«Milan» startdagi ikki mag‘lubiyatdan keyin tarkibda o‘zgarishlar qildi. Shunchalikki, hatto bungacha daxlsiz sanalgan Ernandes va Rafael Leau ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmadi. Jamoaning yozdagi ikki yangi futbolchisi — Emerson Royal va o‘tgan mavsumda «Monako» markazini betonlashtirgan Fofana esa ilk daqiqalardan maydonda edi. Monegaskliklarning boshqa bir sobiq futbolchisi — Pavlovich esa gol urdi. Ushbu serbiyalikni knyazlik jamoasi yetarlicha qadrlamagandi, u esa keyinroq «Zalsburg»da yangi darajaga chiqdi.

Pavlovich birinchi bo‘limda hisob ochilishidan oldin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qolib ham o‘zini ko‘rsatgandi, ammo ikkinchi bo‘limda o‘zining birinchi galdagi vazifasi - himoyalanishni yaxshi bajara olmadi. U Nunu Tavaresh qanot bo‘ylab hujum qilganida o‘z darvozasi tomon qaytdi, ammo markazda ochilgan raqib futbolchisini qo‘riqlashda jamoadoshiga ishonib qoldi, Kastelyanos esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Tavareshning yana bir uzatmasiga ochilgan Dia ham serbiyalik himoyachidan o‘zib ketdi. Faqat shundan keyin Paulu Fonseka almashtirishlar haqida eslab qoldi va darhol to‘rt nafar yangi futbolchini maydonga tashladi, ular rossonerilarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolishdi. Jamoaning yangi xaridi Abraham uzatma berdi — Leau gol urdi. Menyan esa yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sib qahramonlik ko‘rsatdi.

«Napoli» — «Parma» 2:1
Gollar:
Lukaku (90+2), Zambo-Angissa (90+7) — Bonni (19, penalti).
«Napoli» – Meret, Buonjorno, Rrahmani, Di Lorenso, Kvaratsxeliya, Politano (Neres, 69), Olivera (Spinatssola, 46), Matssokki (Simeone, 78), Lobotka, Zambo-Angissa, Raspadori (Lukaku, 62).
«Parma» – Suzuki, Valeri (Del Prato, 8), Chirkati, Balog (Osorio, 73), Kulibali, Zom, Bernabe, Mixeile (Sharpantiye, 73), Kovalski (Almkvist, 57), Man, Bonni (Kancheleri, 57).
Ogohlantirishlar: Zambo-Angissa (43), Lobotka (58), Mixeile (61), Suzuki (63), Del Prato (88).
Chetlatish: Suzuki (75).

«Napoli» hozircha barqaror emas. Veronada uchralgan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin nisbatan kuchliroq bo‘lgan raqib «Bolonya» xuddi shu hisobda tor-mor etildi, endi esa uyda «Parma»ga qarshi o‘yinda muammoga uchraldi. Raqib penalti evaziga tezda hisobda oldinga chiqib oldi va umuman olganda ham munosib o‘yin ko‘rsatdi. Kvaratsxeliya ham, uning sheriklari ham vaziyatlardan foydalanavermagach, telekamera chigalyozdi mashqlarini bajarayotgan Lukaku tomon tez-tez qaratildi. Va belgiyalik to‘pga ilk teginishidayoq gol urishiga sal qoldi.

Eng qiziq voqealar hali oldinda edi. 75-daqiqada mehmonlar darvozaboni Sudzuki jarima maydoni tashqarisida David Neresni qo‘pollik bilan to‘xtatdi. Bu qizil kartochkaga tortmasdi, ammo yaponiyalik posbon oldinroq vaqt cho‘zgani uchun ogohlantirib bo‘lingandi, shu tufayli «Parma» ozchilik bo‘lib qoldi. Jamoada almashtirishlar limiti to‘lib bo‘lgandi, shu tufayli jamoa sardori Del Prato qo‘lqop kiyib darvozaga turdi.

U o‘n besh daqiqa davomida darvoza daxlsizligini saqlab turoldi, qolaversa neapolitanliklar xato zarbalar bilan raqib hayotini osonlantirib turdi. Xvichaning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi tribunalar tomon ketdi. Del Pratoning sheriklari ham zarba ketidan zarbalarni to‘sib turishdi, ammo arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda barchasi o‘zgarib ketdi. Spinatssolaning pasiga ochilgan Lukaku jamoani sharmandalikdan qutqardi, ikki daqiqa o‘tib Neres to‘pni Zambo-Angissaning boshiga qo‘ndirib berish orqali Antonio Kontega ikkinchi g‘alabani tuhfa etdi.

Germaniya: Dortmunddagi qurg‘oqchilik

«Verder» — «Borussiya» D 0:0
«Verder» – Tsetterer, Yung, Fridl, Shtark, Agu, Vayzer, Stage, Linen, Shmid, Njinma (Topp, 82), Duksh (Gryull, 90).
«Borussiya» D – Kobel, Shlotterbek, Zyule (Bensebayni, 57), Anton, Ryuerson, Gross, Jan, Brandt (Nmecha, 77), Zabitser, Gittens (Adeyyemi, 57), Bayyer (Malen, 71).
Ogohlantirishlar: Anton (29), Zyule (34), Vayzer (42), Ryuerson (48), Shlotterbek (53), Fridl (60), Bensebayni (85), Gross (90+1).
Chetlatish: Shlotterbek (73).

«Borussiya» chempionatni qatorasiga ikki g‘alaba bilan boshlay olmadi, o‘yinning birinchi bo‘limidayoq muammolar boshlandi. Tanaffusdan keyin dortmundliklar o‘yinni kuchaytirishdi va baribir «Verder»ni taslim etadigandek ko‘ringandi. Ammo Zetterer Adeyyemining uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasini ham, Shlotterbekning Grossning uzatmasidan keyin bergan zarbasini ham qaytardi. Keyin esa «asalarilar» himoyachisi oqshomning asosiy omadsiziga aylandi, u 73-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, jamoasini ozchilik qoldirib ketdi.

«Bayyer» — «Leypsig» 2:3
Gollar:
Frimpong (39), Grimaldo (45) — Kampl (45+7), Openda (57, 80).
«Bayyer» – Kovarj, Inkapie, Ta, Tapsoba (Artur, 86), Virts, Terre (Adli, 71), Grimaldo, Frimpong (Tella, 77), Aleish Garsiya, Jaka, Bonifase (Shik, 77).
«Leypsig» – Gulachi, Lukeba, Bitshiabu, Klostermann, Simons, Sheshko (Nusa, 67), Raum, Henrixs (Vermeren, 89), Kampl (Baumgartner, 89), Aydara (Zayvald, 15), Openda (Poulsen, 89).
Ogohlantirishlar: Bonifase (12), Frimpong (18), Klostermann (61), Tapsoba (82).

«Bayyer»ning qanot himoyachilari — har qanday raqib uchun bosh og‘rig‘i keltirib chiqaradi. Tanaffusga qadar ularning ikkisi ham gol urishdi, Frimpong kichik shedevr ijro etdi — katta tezlikda o‘zini qo‘riqlashi kerak bo‘lgan raqibdan qochib ketdi, jarima maydonida bir harakat bilan ikkinchi raqibni gazonga qulatdi va to‘pni darvozabonning qo‘ltig‘i ostidan o‘tkazdi. Grimaldo esa ikkinchi golli hujum vaqtida pleymeyker pozitsiyasida paydo bo‘ldi. Hujumni uning o‘zi boshladi va Virsning uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi.

Lekin birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada leverkuzenliklar Kamplni darvoza qarshisida bo‘sh qoldirishdi va u keskinlik darajasini oshirib berdi. Uning hisobni qisqartiruvchi golidan keyin hissiyotlarini tiya olmagan Marko Roze esa murabbiylar o‘rindig‘idan chetlatildi. «Ho‘kizlar» ikkinchi bo‘limga yuqori kayfiyatda qaytishdi va Openda himoyachilardan qochib ketib, o‘tkir burchakdan turib to‘pni darvozabon oyoqlari orasidan o‘tkazdi. Lukebaning zarbasidan keyin urilgan gol esa to‘pga ofsayddagi Sheshko tegingani tufayli bekor qilindi.

Bunday o‘yinda barchasini vaziyatlardan foydalanish va darozabon hal qilardi. «Leypsig»da esa oldingi chiziq ham, oxirgi chiziq ham yaxshiroq bo‘lib chiqdi. Gulachi murakkab vaziyatlarda ishonchli harakat qilgan bo‘lsa, Kovarj Opendaning uzoqdan yo‘llagan zarbasini to‘sa olmadi, bu vaziyatda Tapsobaning ortidan yo‘llangan zarba yaqin burchakka kelib tushdi. «Bayyer»ning bundesligadagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 35 o‘yin bilan to‘xtadi. «Bavariya»ning 53 o‘yindan iborat mutlaq rekordiga yetishga hali ancha bor edi, Xabi Alonso jamoasining oxirgi mag‘lubiyati 462 kun muqaddam ro‘y bergandi — undan oldingi mavsumning oxirgi turida «Bohum»ga qarshi o‘yinda (0:3).

Fransiya: Grinvud — Balotelli kabi

«Tuluza» — «Marsel» 1:3
Gollar:
Babika (90) — Grinvud (16, 17), Kressuell (52, avtogol).
«Tuluza» – Rest, Makkenzi, Nikolaysen, Kressuell (Sidibe, 63), Gboo (Shmidt, 76), Abuhilol (Kamansi, 63), Dennum (King, 76), Kasseres (Babika, 63), Serro, Suaso, Magri.
«Marsel» – Rulli, Brassiye, Kornelius, Murillo, Merlen, Kondogbia (Ronjye, 86), Hyoyberg (Meyte, 86), Harit (Karboni, 66), Luis Enrike (Rou, 66), Grinvud, Vai (Mope, 76).
Chetlatish: Magri (27).

Mojaroli o‘tmishiga qaramay Grinvud Fransiyani zabt etib, marsellik fanatlar qalbidan joy olmoqda. Tuluzada ushbu angliyalik 80 soniya ichida dubl qayd etdi. Ikki holatda ham — Luis Enrikening uzatmalaridan keyin. E’tiborli jig‘ati, Grinvud liga 1 dagi debyut mavsumini o‘zi kabi badxulq bo‘lgan boshqa bir futbolchi — Balotelli kabi boshladi. 2016 yilda «Nitssa» safida o‘ynagan Mario ham uch turda besh gol urgandi. Bu Roberto De Dzerbi boshqaruvida tajovuzkor o‘yin namoyish etayotgan «Marsel»ning gollarining faqat yarmidir, klub mavsumning uch o‘yinidan keyin samaradorlik borasida faqat chempionatning 1954/55 yillar mavsumidan ortda qolmoqda (11).

Kun statistikasi

«Arsenal» futbolchilari Mikel Arteta kelganidan buyon APL o‘yinlarida 16 bor qizil kartochka olishgan. Bu eng yaqin klublarnikidan uchtaga ko‘p.

«Everton» Shon Daych boshqaruvida avgustda ilk golini urishi uchun 500 daqiqa talab etildi. Ammo «irislar» «Bornmut» bilan o‘yinda 87-daqiqaga qadar ikki to‘p farqi bilan oldinda bora turib yakunda mag‘lubiyatga uchradi (2:3).

Safarda mag‘lubiyatsiz 11 o‘yin — «Galatasaroy»ning klub rekordi bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: