Tayvan AQShdan besh barobar ko‘proq Stinger xarid qiladi

Jahon 22:36 / 01.09.2024 4150

Tayvan Milliy mudofaa vazirligi AQShdan Stinger ko‘chma zenit-raketa majmualari (KZRM) xaridini besh barobarga oshirishini ma’lum qildi.

Avvalgi bitim bo‘yicha 178 ta Stinger uchirish qurilmalari, shuningdek, 170 ta «do‘st-dushman» tizimi va KZRM uchun 500 ta raketa yetkazib berilishi kerak edi. Parlamentga tasdiqlanish uchun yuborilgan yangi so‘rovda qo‘shimcha 549 ta uchirish qurilmasi va 1985 ta raketa ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, AQSh tomoni bitimning yangi shartlarini ma’qullagan. Natijada buyurtma qiymati 418,6 million dollardan 2,16 milliard dollargacha oshgan.

Tayvanlik amaldorlarga ko‘ra, Xitoy harbiylarining havo hujumidan mudofaa identifikatsiya zonasiga kirib kelishi quruqlikdagi qo‘shinlarning samolyot va dronlarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish kerakligini ko‘rsatib qo‘ygan.

Bundan tashqari, keyingi yilda Tayvan Harbiy-havo kuchlariga samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun 43,7 milliard yangi tayvan dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bu joriy yilgi mudofaa xarajatlaridan 16 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 50 foizga ko‘p demak.

Stinger’lar 2025 yilda Tayvanga topshirilishi kerak. Ushbu qurollar bilan dengiz piyodalari, harbiy politsiya, shuningdek, sohil qo‘riqlash xizmati xodimlari hamda harbiy dengiz kuchlari garnizonlarining harbiy xizmatchilari ta’minlanadi. KZRMlarning ikkinchi partiyasi 2031 yilda yetkazib beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: