Darslar boshlanishiga ham uncha ko‘p vaqt qolmadi. 4 sentabrdan maktablarga, 9-sanadan esa OTMga o‘quvchi-talabalar yopirila boshlaydi. Tabiiyki, jamoat transportiga yuklama oshadi. Xo‘sh, Toshkent shahar jamoat transporti bunga qanchalik tayyor?
Avtobuslar tirbandlikda turishda davom etadi
Mavzuni eng muhim masalalarning biridan boshlasak. Ko‘rib turganingiz – dunyodagi eng tirband shaharlardan biri bo‘lmish Indoneziya poytaxti Jakarta. Tirbandlik kattaligiga qaramay, avtobuslar alohida yo‘lakda bemalol harakatlanyapti. Bu – katta shaharlar uchun eng elementar talablardan biri aslida. Lekin Toshkentda bunday yo‘laklarni tashkil etish, tashkil etilganlarini esa samarali ishlatish ishlari ancha sekin ketyapti.
Shaharda jamoat transporti uchun mo‘ljallangan, “A” harfi tushirilgan maxsus yo‘laklar hozircha 7 ta ko‘chada, jami 48 kilometrlik masofada tashkil etilgan. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasining bizga ma’lum qilishicha, kelgusida yana qo‘shimcha 180 km uzunlikdagi shunday yo‘laklarni tashkil qilish rejalashtirilgan. Eng asosiy masala – yo‘laklardan avtomobillar yurmasligi masalasiga esa e’tibor yetarlicha emas. Bu borada “qo‘l rejimida” ish olib borilyapti, ya’ni vaqti-vaqti bilan reydlar uyushtirilmoqda.
Vaholanki, bir necha yildan beri mas’ullar tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish uchun yo‘l chetlariga va avtobuslarga kameralar o‘rnatilishi haqida aytib keladi. Bu kameralar orqali jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘lakda qoldirib ketilgan yoki bu yo‘lakda qoidaga zid ravishda harakatlangan avtomobillarga chora ko‘rilishi kerak edi. Kameralarning bir qismi o‘rnatib qo‘yilgan bo‘lsa ham, ular ishlatilmayapti. Tirbandlikka qarshi choralardan biri deb ko‘rilayotgan parkomatlar masalasi ham bir necha yildan beri faqat qog‘ozda qolib ketyapti.
“Toshshahartransxizmat”: Tayyorgarlik ko‘rilgan, lekin harakatdagi avtobuslar soni ko‘paytirilmaydi
Endi bevosita avtobuslar va metropoliten faoliyatini boshqaruvchi kompaniyalarning yangi o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarligiga kelsak. 25 avgust kuni “Toshshahartransport” e’lon qilgan videoda aytilishicha, o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarlik doirasida avtobuslarni texnik xizmat holatga keltirish va sanitar holatini yaxshilash choralari ko‘rilgan. Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvining barcha funksiyalari ishlay boshlagan, natijada yo‘nalishlar bo‘yicha intizom monitoringi va haydovchilar faoliyatini nazorat qilish yangi darajaga ko‘tarilgan. Resurslarni boshqarishning elektron tizimini to‘liq joriy etish hisobiga, xodimlar hisobini yuritish, yoqilg‘i-moylash va ehtiyot qismlari xarajatlarini nazorat qilish samaradorligi oshirilgan. Bu tizim orqali haydovchilar sodir etgan qoidabuzarliklar, YTHlar, pul tushumlari va yo‘lovchilar oqimi haqidagi ma’lumotlar tahlil qilib boriladi.
“Toshshahartransxizmat” AJning Yo‘lovchi tashishni muvofiqlashtirish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Mirzarahmedovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda kompaniya tarkibida 8 ta avtobus saroyi mavjud bo‘lib, ularning tarkibida jami 1 845 ta yo‘lovchi tashuvchi avtobus bor. Shuning 1 556 tasi 163 ta yo‘nalishda odamlarga xizmat qiladi, 289 tasi esa zaxirada turadi. Zaxiradagi avtobuslarning 163 tasi ishga yaroqli, ular faqatgina favqulodda vaziyatlar, misol uchun, nosozlik sabab to‘xtagan avtobusning harakatini davom ettirish uchun chiqariladi. Qolgan 126 ta transport vositasi esa 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgani va hozirga kelib muddatini o‘tab bo‘lgani uchun foydalanilmaydi.
“Toshshahartransxizmat” hozirda kuniga 1,2 mln nafar yo‘lovchi tashiydi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa bu raqam 1,3 mlnga oshishi, shunga mos ravishda yo‘lovchi transportida bosim yuzaga kelishi kutilmoqda.
“2024 yil may oyigacha bo‘lgan o‘quv mavsumida o‘quv muassasalarida darslarning bir vaqtda boshlanishi transportga yuklamani keltirib chiqargan. Bir vaqtning o‘zida yo‘lovchi oqimining avtobusga chiqishi yuklamani oshirgan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan rejaga muvofiq, OTMda darslar boshlanishi yarim soat oralig‘i bilan turli paytlarga belgilash rejalashtirilgan.
Bularni amalga oshirish yo‘lovchi transportida ertalabki yuklamalarni kamaytirish samarasini beradi. Bu degani avtobuslarga bir vaqtning o‘zida ko‘p yo‘lovchi chiqishining oldini olib, vaqt kesimida yo‘lovchilarni avtobuslarga taqsimlash imkoniyatini beradi”, – dedi kompaniya vakili.
Sanjar Mirzarahmedov, yo‘nalishlarga chiqayotgan avtobuslar soni sentabr oyida ko‘paytirilmasligi, Xitoydan olib kelinishi reja qilingan 200 ta avtobus kelsagina harakatdagi tarkiblar soni oshishini ma’lum qildi.
Metropoliten: Yangi vagonlar keldi, tig‘iz vaqtlarda interval qisqartiriladi
Kun.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda “Toshkent metropoliteni” tasarrufida 79 ta poyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yoz mavsumida kunlik foydalanuvchilar soni 580-600 ming nafar bo‘lsa, sentabr oyida bu ko‘rsatkich 900 ming, oktyabr-noyabrda esa 950-970 ming nafar bo‘lishi kutilyapti.
Tashkilot matbuot kotibi To‘ychi Mirzayevning aytishicha, o‘quv yili boshlanishi bilan tig‘iz vaqtlar, ya’ni ertalabki 7:30 dan 9:30 gacha, kechki 16:30 dan 19:30 gacha poyezdlar qisqartirilgan intervalli rejimda harakatlana boshlaydi.
“Chilonzor yo‘nalishimizda 1,5-2 daqiqali intervalda, O‘zbekiston yo‘nalishida 3,5-4 daqiqali, Yunusobod yo‘nalishida 4-5 daqiqali, Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida esa 8-9 daqiqali vaqt intervalida poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Eng ko‘p yo‘lovchi oqimi bizda O‘zbekiston hamda Chilonzor yo‘nalishida kuzatiladi. Bu yo‘nalishlarda ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda zaxira poyezdlarini ham harakatga chiqarishni reja qilganmiz. Tushuntirish beradigan bo‘lsa, bunday ertalabki tig‘iz vaqtlarda “Olmazor” metro bekatidan “nolovka” harakat tarkiblarini chiqarib, bu kabi yuzaga kelishi mumkin tirbandliklarni bartaraf etishni maqsad qilganmiz.
Odatda metro poyezdlarimiz 4 vagonli tarzda harakatini amalga oshiradi. Bunda bitta poyezdimiz bir vaqtning o‘zida 800-1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Hozirgi vaqtga kelib yerosti metro bekatlari, ya’ni O‘zbekiston va Chilonzor yo‘nalishida 13 ta harakat tarkibi 5 vagonli tarzda harakatini amalga oshirib kelmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida yana qo‘shimcha 200-250 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati tug‘ildi degani”, – deydi u.
O‘tgan yili oktyabrdagi matbuot anjumanida metropoliten vakillari mavjud 256 ta vagondan 75 foizi xizmat muddatini o‘tab bo‘lganini aytgandi. To‘ychi Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilab borish uchun 2024 yil boshidan beri va’da qilingan 14 ta tarkib Rossiyadan olib kelingan. Yangi vagonlar importini keyinchalik davom ettirish ko‘zda tutilgan. Bu borada kelishuvlarga erishilishi lozim, dedi u.
Metropolitenda yechimini kutayotgan yana bir masala bekatlarning ayrimlaridagi yopiq vestibyullar bilan bog‘liq. “Milliy bog‘”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston”, “Yunus Rajabiy” va “Mashinasozlar” bekatlaridagi ikkinchi kirish-chiqish joylari bekat qurilganidan beri yopiq. O‘tgan yili metropoliten ma’muriyati bu joylar 2024 yil may oyigacha ochilishini ma’lum qilgandi, lekin beshala bekatning hali birortasida yo‘llar ochilgani yo‘q. Hozirgacha faqat “Milliy bog‘” bekatidagina amaliy ishlar boshlangan. Qolaversa, eskirgan eskalatorni almashtirish maqsadida yarim yil oldin yopilgan “Xalqlar do‘stligi” bekatidagi vestibyullardan biri haligacha ochilgani yo‘q.
Metropoliten matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev bunga izoh berarkan, bekatning eskalator qurilishi biroz cho‘zilishini, qachon ishga tushishi hali noma’lum ekanini bildirdi.
To‘ychi Mirzayev ba’zi yangi harakat trakiblarida sovitish tizimi o‘chirib qo‘yilishiga ham izoh berdi. Uning aytishicha, yoshi kattaroq yo‘lovchilarning so‘rovi bilan haqiqatan ham shunday holatlar bo‘lib turadi. “Bunday vaziyatlarda yo‘lovchilardan mashinistga aloqaga chiqish tugmasi orqali konditsionerni yoqishni so‘rashlari tavsiya etiladi”, – deydi u.
Metropoliten vakili yo‘lovchilarga murojaat qilib, eshiklarga suyanmaslikni va shaxsiy buyumlarni unutib qoldirmaslikni iltimos qildi. Bu poyezdlar harakatida intervallar buzilishini keltirib chiqarib, tirbandlikni yanada oshiradi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.