Ilon Mask kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Neuralink chipi miyasiga o‘rnatilgan birinchi inson — amerikalik 30 yoshli Noland Arbo X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali operatsiyadan keyingi hayotini so‘zlab berdi.
Nolanning yozishicha, kuniga to‘rt soat vaqtini implant bilan ishlashga sarflamoqda — u o‘z tanasidan foydalanishni, turli harakatlarni bajarishni o‘rganyapti.
«Men, shuningdek, yozma matnlar ustida ko‘p ishlayapman. Masalan, qo‘limda qalam ushlab turganimni tasavvur qilib, turli ramzlarni chizmoqdaman. Bundan tashqari, mendan keyin keladiganlarning moslashishini yengillashtirish maqsadida har kuni turli tajribalar o‘tkazyapman», — deb yozadi Arbo.
Shuningdek, Arbo imkon qadar ko‘proq rekordlarni yangilamoqchi ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda u «yana bir juft rekordni yangilash arafasida».
«Ayni vaqtda men kuniga taxminan uch soatdan sarflab fransuz va yapon tilini o‘rganyapman. Buning ustiga qachondir maktabga qaytishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida matematikani noldan boshladim. O‘zim uchun qiziq bo‘lgan boshqa turli sohalarni o‘rganishga ham kuniga bir soatdan ortiq vaqt sarflamoqdaman», — deydi Arbo.
Noland hozirda yana yozishni boshlagan va o‘z qaydlarini e’lon qilish niyatida. U kelajakdagi orzulari bilan bo‘lishar ekan, «jamiyat uchun foydali inson» bo‘lishga harakat qilmoqchi ekanini aytdi.
Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi 2024 yil mart oyida miyasiga chip o‘rnatilgan birinchi bemorni ko‘rsatgandi. Bemor 30 yoshli falaj Noland Arbo edi. Chip o‘rnatilgandan 100 kun o‘tgach bemorning miyasi implantni rad qila boshladi. Keyinroq kompaniya chip uchun dasturiy ta’minotni yangilash orqali muammoni hal qildi.