Ilk o‘zbek marshali. Alixonto‘ra Sog‘uniy kim bo‘lgan?

O‘zbekiston 12:46 / 01.09.2024 22319

Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal Alixonto‘ra Sog‘uniyning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Bolalik davri

Alixonto‘ra Sog‘uniy 1885 yilda Turkiston o‘lkasining To‘qmoq shahrida dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Bu shahar hozirgi Qirg‘iziston hududida joylashgan. Alixonto‘ra o‘zining adabiy taxallusini ona shahrining qadimiy nomi Bolasog‘un bilan bog‘lagan. Otasi Shokirxonto‘ra davrining o‘qimishli kishilaridan bo‘lgan. U o‘g‘lining ilm olishiga alohida e’tibor qaratadi. Alixonto‘ra avvaliga Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasida, keyinchalik esa Madinadagi dorulfununlardan birida tahsil oladi. Tabiatan zakovatli, ziyrak, yangilikka o‘ch bo‘lgan yosh Alixonto‘ra Turkistonga qaytib kelganidan keyin yurtdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga faol tarzda aralasha boshlaydi.

Birinchi jahon urushi davom etayotgan bir pallada Turkiston xalqi front ortidagi xizmatlar uchun mardikorlikka olina boshlaydi. Mustabid bosqinchilarning olib borayotgan siyosatiga qarshi chiqqani uchun bo‘lajak siyosatchi rus podshohining maxfiy politsiyasi nazoratiga tushib qoladi.

1916 yili xalq qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach, qirg‘inbarot va zo‘rlik avj olib, bosqinchilar erkin fikrli ziyoli kishilarni vahshiylarcha qirib, qamay boshlaydi. Shundan keyin Alixonto‘ra mamlakatda qolish xavfliligini sezib, Xitoy nazoratidagi Qashqar shahriga ketishga majbur bo‘ladi. Keyinroq Sharqiy Turkistonning boshqa bir yirik shahri G‘uljaga boradi.

Sharqiy Turkiston jumhuriyatining tuzilishi

Sharqiy Turkiston hududida tarixan uyg‘urlar va kam sonli boshqa millatlar: qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklar va o‘zbeklar istiqomat qilib kelishgan. XVI-XVII asrlarda bu hududda Uyg‘ur xonligi, ya’ni Yarkent davlati bo‘lgan. 1759 yilda o‘sha paytda Xitoyda hukmronlik qilayotgan Qing sulolasi Sharqiy Turkistonni bosib olib, hududni mustamlakaga aylantiradi. Uzoq davom etgan qarshilik harakatlari natijasida 1864 yili Manjur-Xitoy qo‘shinlari quvib chiqarilgan va uyg‘urlar “Yettishahar” nomi bilan yangi mustaqil davlatini tiklagan. Lekin bu mustaqillik uzoq davom etmaydi. 1876 yilda Xitoy qo‘shinlari yana bostirib kirishdi. 8 yillik qonli urushdan keyin Sharqiy Turkiston hududi Xitoy tarkibiga qayta qo‘shib olinadi va bu yerlarga “yangi chegara” ma’nosini anglatuvchi Sinsyan yoki Shinjon nomi beriladi.

“Sharqiy Turkiston” nomi bilan ham mashhur bo‘lgan Uyg‘ur avtonom viloyati.

Sharqiy Turkistondagi milliy ozodlik harakatlari XX asrda ham davom etgan. Qaynoq siyosiy jarayonlar kechayotgan bir paytda bu hududga kelib qolgan Alixonto‘ra uyg‘ur xalqining milliy-ozodlik harakatiga qo‘shiladi. Xalq orasida yurtni ozod qilish g‘oyalarini faol targ‘ib qilgani sababli, 1937 yilda Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. Sog‘uniy qamoqda 4 yil bo‘ladi. Bu davrda ham u ozodlik harakatini g‘oyaviy jihatdan faol tarzda qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. 1941 yilda adliyaviy taftish natijasida Alixonto‘ra ozod qilinadi.

Alixonto‘ra Sog‘uniy, 1944 yil

Shundan keyin Alixonto‘ra boshliq sharqiy turkistonliklar yurtni ozod qilish uchun umumxalq kurashini boshlab yuborishadi. 1943 yilda “Sharqiy Turkiston Ozodlik Tashkiloti” tuziladi. 1944 yil 7–10 noyabr kunlari G‘uljada bo‘lib o‘tgan qurolli qo‘zg‘olon g‘alaba qozonadi. Chan Kayshi va gomindanchilar armiyasi ketma-ket janglarda mag‘lub etiladi va ular chekina boshlaydi.

1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylangan. Milliy qo‘shinni tuzish, uni qurollantirish va tarkibini mustahkamlash ishlarining tashabbuskori sifatida Alixonto‘ra qo‘shin bosh qo‘mondoni etib tayinlangan va unga “marshal” oliy harbiy unvoni berilgan.

Alixonto‘ra hukumat a’zolari bilan, 1945 yil.

Sog‘uniyning Toshkentga o‘g‘irlab kelinishi

Sharqiy Turkistondagi isyonni sovet hukumati ham qo‘llab-quvvatlagan edi. Lekin jumhuriyat tashkil etilganidan keyin ko‘p o‘tmay Alixonto‘ra va Stalin o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Alixonto‘ra Stalinning Urumchiga yurishni to‘xtatish haqidagi buyrug‘iga qarshi chiqadi, lekin armiyadagi aksariyat yetakchilarning fikri bilan yurishni to‘xtatib, sovetlar vositachiligida Xitoy bilan muzokaralarga rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmaydi.

Sharqiy Turkiston jumhuriyati tuzilganidan 19 oy o‘tib, 1946 yil 10 iyunida jumhuriyat va Xitoy rasmiylari o‘rtasida Urumchida tinchlik bitimi imzolanadi. Bitim tuzilganidan keyin sanoqli kunlar ichida KGB Alixonto‘rani o‘g‘irlab ketgan. Siyosatchi yashirin va majburiy tarzda Toshkentga olib kelinib, uy qamog‘iga tashlanadi. Bu vaqtda u 61 yoshda edi.

Chapdan o‘ngga; Alixonto‘ra Sag‘uniy, ikkinchi o‘g‘li Asilxon, beshinchi o‘g‘li Qutlug‘xon, jiyani Yusufxon (o‘ngda) va katta o‘g‘li G‘afforxon, 1960 yillar.

Katta siyosiy hayotdan uzib qo‘yilgan Alixonto‘ra umrining qolgan qismida ijod bilan shug‘ullanadi. Vafotiga qadar, 30 yilga yaqin vaqt davomida bir qancha bebaho asarlar yozadi, fors va arab tillaridagi bir qator nodir asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qiladi.

Ilmiy merosi

Alixonto‘ra Sog‘uniy tarixni, ayniqsa, islom tarixi va Turkiston tarixini o‘rgangan o‘tkir zehnli olim edi. U 1954–1961 yillar oralig‘ida o‘zining ko‘pyillik ijodiy mehnati mahsuli bo‘lgan “Tarixi Muhammadiy” asarini yozadi. Ammo sovet tuzumi bu asarni bosib chiqarishga ruxsat bermaydi. Bu kitob faqatgina mustaqillikdan keyin, 1991 yilda Alixonto‘raning avlodlari tomonidan nashr etilgan. Kitob payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam tarixlari bilan tanishtirishga bag‘ishlangan. Ayni mustaqillikning ilk yillarida bu asarning paydo bo‘lishi uzoq yillar diniy taqiqlar ostida yashagan millatning ma’naviy yuksalishida juda katta ahamiyat kasb etadi.

Shundan keyin olimning yetti yil mobaynida yozilgan “Turkiston qayg‘usi” tarixiy-publitsistik asari dunyoga keladi. Asar 1917–1950 yillar mobaynida G‘arbiy va Sharqiy Turkistonda sodir bo‘lgan voqealarning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan tomonlarini ochib beradi. Xususan, Alixonto‘ra Turkiston xalqi qanday qilib mustabid tuzumga qaram bo‘lib qolganini davlat arbobi sifatida siyosiy va ijtimoiy jihatdan tahlil qiladi. Shuningdek, asarda Markaziy Osiyo xalqlarining XIX asr oxirlarigacha bo‘lgan davrdagi davlatchilik tarixi, Amir Temur va turkiy xalqlarning kelib chiqishiga doir qimmatli ma’lumotlar ham keltiriladi. Kitobning ikkinchi qismi esa Sharqiy Turkiston Jumhuriyatining yuzaga kelishi va parokanda bo‘lish sabablariga bag‘ishlangan.

Foto: Kitobchi.uz

Bundan tashqari, Alixonto‘ra she’riy asarlarini to‘plab, “Devoniy Sog‘uniy” devonini tuzdi, tabobatga bag‘ishlangan “Shifa’ul-ilal” asarini yozadi.

Alixonto‘raning yana bir eng katta xizmati – u sovetlar tomonidan Amir Temur shaxsiyatiga qo‘yilgan qator ayblovlar asossiz ekanini dalillar bilan isbotlab bergan. Sho‘ro hukumati esa sarkardani qonxo‘r va johil qilib ko‘rsatib kelgan. 1967 yilda Sog‘uniy “Temur tuzuklari” asarini forsiydan tarjima qilib, “Guliston” jurnalida chop qila boshlaydi. Ammo adolat yuzaga chiqayotganidan qo‘rqqan o‘sha davrning ayrim rahbarlari asarni oxirigacha nashr qilishga qarshilik ko‘rsatadi.

Ahmad Donishning “Nodir voqealar”, Herman Vamberining “Movarounnahr yoki Buxoro tarixi”, Darvish Ali Changiyning “Musiqa risolasi” kabi asarlar ham Alixonto‘ra Sog‘uniy tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Sog‘uniy milliy tilni milliy tuyg‘uning asosiy bo‘g‘ini deb biladi; ona tilining qadri qanchalik baland bo‘lsa, millatning mavqeyi shunchalik baland bo‘ladi, milliy tuyg‘u saqlanib qoladi, deb hisoblagan.

Ham diniy, ham dunyoviy jihatdan katta ilmga ega ijodkor va davlat arbobi Alixonto‘ra Sog‘uniy 1976 yilda, 91 yoshida vafot etadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Sog‘uniy tomonidan yozilgan va tarjima qilingan asarlarni nashr qilishga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi. Xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi o‘rta maktab, Chilonzor tumanidagi mahalla, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi.

Ko‘proq yangiliklar: