AQSh uyg‘urlar mavzusida bong urishda davom etadi – Pompeo

Jahon 15:41 / 10.10.2019 29831

AQSh Xitoyda «inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi» mavzusini ko‘tarib chiqishda davom etadi, deb ma'lum qildi Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Mayk Pompeo.

«Uyg‘ur millatining birligiga putur yetkazilayotgani haqida bong urishda davom etamiz. Umid qilamizki, Xitoy o‘z munosabatini o‘zgartiradi. Bu –inson huquqlarining qo‘pol ravishda poymol etilishigina emas. Voqealarning bunday rivoji Xitoyning foydasiga ishlaydi, deb o‘ylamayman», – dedi Pompeo Amerikaning PBS telekanaliga bergan intervyusida.

Mayk Pompeo
Foto: REUTERS/Erin Scott

Xitoy g‘arbidagi holat uchun respublika raisi Si Tszinpin mas'ulmi, degan savolga Pompeo: «Tank vzvodining komandiri yoki kichik biznes rahbari kabi, Si Tszinpin ham uning nomidan qanday ish olib borilayotgani uchun mas'uldir», deb javob berdi.

Qayd etish kerak, Xitoy hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati uchun jazo sifatida AQSh shu haftada Xitoyning sun'iy ong ustida ish olib borayotgan yirik startaplarini qora ro‘yxatga kiritdi. Bundan tashqari, amerikaliklar Shinjon viloyatidagi musulmonlarning tutqunlikda ushlab turilishi yoki ularning kamsitilishi uchun javobgar deb hisoblangan Xitoy hukumati va kommunistik partiyasi rasmiylariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi.

Mayk Pompeo yakshanba kuni barcha davlatlarni Xitoyning uyg‘urlarni «qayta tarbiyalash» talabini qoralashga chaqirgan, Pekinning Shinjondagi siyosatini «o‘z fuqarolarini yo‘q qilishga qaratilgan urinish» deb baholagan edi.

BMT ekspertlari va inson huquqlari faollari Xitoyning uzoq g‘arbiy viloyatida uyg‘ur millatiga mansub, islom diniga e'tiqod qiluvchi kamida 1 million kishi tutqunlikda ushlab turilishi haqida aytib keladi.

Rasmiy Pekin bu iddaolarni rad etgan va Shinjondagi vaziyat mamlakatning o‘z ichki ishi ekanini bildirgan.

«AQSh tomoni Xitoyning Shinjondagi siyosatini diniy erkinlik va inson huquqlari jihatdan tanqid ostiga olib, shubha bildiryapti hamda asossiz, xato va faktlarga qarama-qarshi xulosa chiqarmoqda. Xitoy bundan jiddiy noroziligi va qat'iyan qarshiligini bildiradi», – degandi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Gen Shuan Pekindagi matbuot anjumanida.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi ham seshanba kuni bayonot bilan chiqib, AQShning viza sanksiyalarini qoraladi va Amerikaning inson huquqlari buzilishiga oid ayblovlari «Xitoy ichki ishlariga aralashish maqsadida to‘qib chiqarilgani»ni bildirdi.

15 oydan buyon Qo‘shma Shtatlar bilan chigal savdo urushiga kirib qolgan Xitoy, shuningdek, AQShni Hongkongdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashda, bu orqali mamlakat suverenitetiga daxl qilishga urinishda ham ayblab keladi.

Ko‘proq yangiliklar: