Eng arzon transport: dunyo kemasozligida yetakchi davlatlar va kompaniyalar

Jahon 16:12 / 01.09.2024 7679

Jahon bo‘ylab amalga oshirilayotgan savdo-sotiqda asosiy suv transporti bo‘lgan kemalarning hissasi juda katta. Bugunga kunga kelib, yuk tashuvchi kemalarga faqat yuk avtomobillari raqobat qilmoqda.

Jumladan, 2022-2023 yillarda dunyo bo‘ylab yuklarning 41 foizi yuk avtomobillarida, 32 foizi kemalarda, 23 foizi temiryo‘llar orqali, 4 foizi havo transporti orqali tashilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 5-6 yilda ham bu ko‘rsatkichlar o‘zgarmaydi va turli yuklarni suv orqali kemalarda tashish hajmi 32-35 foiz atrofida saqlanib qoladi.

Agar quruqlik va suv transporti taqqoslansa, yuk avtomobillari asosan nisbatan yaqin hududlarga, kemalar esa uzoq hududlarga olib boriladigan yuklarni tashiydi. Boz ustiga, suvda tashiladigan asosiy yuk – konteyyerlar va suyultirilgan gazni yuk avtomobillaridan ko‘ra kemalarda tashish juda arzon tushadi.

Buning ustiga, yuk avtomobillari o‘zlari kesib o‘tadigan har bir davlatga tranzit uchun turli miqdorlarda boj to‘lashadi. Kemalarda esa bunday emas. Ular asosan xalqaro suv hududida harakatlanadi va hech kimga hech qanday boj to‘lamaydi.

Dunyodagi konteyner tashuvchi yirik kemalardan biri
Foto: sapo.pt

Shu sababli ham temiryo‘llar va avtomobilsozik rivojlangandan keyin ham turli yuklarni kemalarda tashish dolzarbligicha qolmoqda.

2023 yilda dunyo bo‘ylab kemalarda 12,4 mlrd tonna yuk tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 12,6 mlrd tonna bo‘lishi kutilmoqda.

Dunyo davlatlari orasida yuk tashuvchi kemalarni eng ko‘p Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari ishlab chiqaradi.

Quyida dunyoning eng ko‘p kema ishlab chiqaruvchi davlatlari va eng yirik kemasozlik kompaniyalari haqida so‘z yuritamiz.

Xitoy

Xitoy dunyoda turli kemalar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. 2022 yilda dunyoda ishlab chiqarilgan kemalarning 47 foizi “Chin yurti”da tayyorlangan.

Xitoydagi kema quruvchi zavodlardan biri
Foto: maritimeeconomy.com

2022 yilda Xitoyda 2014 yilga nisbatan kema ishlab chiqarish hajmi qariyb 15 foizga oshgan. Bu davlatda kemalarning turli turlari, jumladan, laynerlar, tankerlar, balkerlar, konteyner tashuvchi kemalar, yirik poroxodlar ishlab chiqariladi.

Janubiy Koreya

Janubiy Koreya iqtisodiyoti hajmi va aholi soni Xitoynikidan ancha kam bo‘lsa ham bu davlat kemasozlikda yetakchi davlat hisoblanadi. 2022 yilda dunyoda ishlab chiqarilgan turli kemalarning 29 foizi shu mamlakatda tayyorlangan.

Janubiy Koreyadagi kema quruvchi zavodlardan biri
Foto: maritimetransport.ir

Janubiy Koreyadagi kemasozlik kompaniyalari gaz tashuvchi kemalarni tayyorlashda dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Jumladan, dunyo bo‘ylab bunday kemalarning 90 foizi aynan shu davlatda ishlab chiqariladi.

Yaponiya

To‘rt tomoni suv bilan o‘ralgan Yaponiyada kemasozlik azaldan ishlab chiqarish sektorining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan. Hozir ham bu davlat turli kemalarni tayyorlashda yetakchi hisoblanadi.

2022 yilda Yaponiya dunyoda ishlab chiqarilgan turli kemalarning 17 foizini tayyorlab bergan. Yaponiyada ham Janubiy Koreyada bo‘lgani kabi so‘nggi yillarda kema ishlab chiqarish kamaymoqda. 2014 yildan buyon ko‘rsatkichlar 28 foizga pasaygan.

Yaponiyadagi kema quruvchi zavodlardan biri
Foto: ifeng.com

Umumiy hisobda 2022 yilda dunyoda ishlab chiqarilgan turli kemalarning 80 foizdan oshig‘i Osiyoning yuqoridagi uch davlatida ishlab chiqarilgan. Qolgan 20 foiz kemalar Italiya, Fransiya, Viyetnam, Filippin, Germaniya, Rossiya, Finlandiya va boshqa davlatlarda tayyorlangan.

Dunyoning eng yirik kemasozlik kompaniyalari

Hyundai Heavy Industries kompaniyasining kema quruvchi zavodi
Foto: maritimetransport.ir

Hyundai Heavy Industries (Janubiy Koreya)

Tashkil topgan yili – 1972 yil

Shtab kvartirasi – Ulsan shahrida joylashgan

Xodimlar soni – 12 800 kishi

2023 yilda daromadi – 9 mlrd dollar atrofida

Hyundai Heavy Industries nafaqat Janubiy Koreyada, balki dunyodagi eng yirik kemasozlik kompaniyasi hisoblanadi. Bu kompaniya asosan yirik kemalarni, jumladan tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi hamda burg‘ilash kemalarini, platformalarini ishlab chiqaradi.

2023 yilda Hyundai Heavy Industries 2 300 dona turli kattalikdagi kemalarni tayyorlagan va ularni dunyoning 51 davlatida joylashgan 331 ta tashuvchi kompaniyaga yetkazib bergan.

China State Shipbuilding Corporation kompaniyasiga tegishli zavod
Foto: ft.com

Xitoy davlat kemasozlik kompaniyasi (China State Shipbuilding Corporation – CSSC)

Tashkil etilgan yili – 1999 yil

Shtab kvartirasi – Pekin shahrida

Xodimlar soni – 170 ming kishi

2023 yilda daromadi – 10,291 mlrd dollar

Xitoy davlat kemasozlik kompaniyasi (China State Shipbuilding Corporation – CSSC) 2019 yilda Xitoy kemasozlik sanoati korporatsiyasi (China Shipbuilding Industry Corporation) bilan birlashgach dunyoning eng yirik kemasozlik kompaniyalaridan biriga aylandi.

2023 yilda kompaniya o‘zining bir nechta shu’ba korxonalari bilan dunyo bozorining 20 foiziga egalik qilgan. Kompaniya tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi kemalar hamda burg‘ilash platformalari bilan birga Xitoy Mudofaa vazirligi uchun harbiy kemalar ham ishlab chiqaradi.

Kompaniya o‘z mahsulotlarini dunyoning 70 dan ortiq davlatiga eksport qiladi.

Fincantieri kompaniyasiga qarashli kema quruvchi zavod

Fincantieri (Italiya)

Tashkil etilgan yili – 1959 yil

Shtab kvartirasi – Venetsiya shahri

Xodimlar soni – 21,1 ming kishi

2023 yildagi daromadi – 8,278 mlrd dollar

Fincantieri kompaniyasi 230 yillik tarixga ega. Hozirgi nomini u 1959 yilda olgan. Bu kompaniya tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi kemalar bilan birga asosan sayohat uchun yirik kruiz laynerlar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, harbiy kemalar ham tayyorlaydi.

2023 yilda kompaniya dunyoda tayyorlangan kruiz laynerlari va harbiy kemalarning 70 foizini ishlab chiqargan. Kompaniyaning Italiyadan tashqari Norvegiya, Ruminiya, AQSh, Viyetnam va Briziliyada kemalar tayyorlanadigan verflari bor.

Samsung Heavy Industries kompaniyasiga qarashli kema quruvchi zavod
Foto: dongbacshin.com.vn

Samsung Heavy Industries (Janubiy Koreya)

Tashkil etilgan yili – 1974 yil

Shtab kvartirasi – Seul

Xodimlar soni – 10 ming nafar atrofida

2023 yildagi daromadi – 5,77 mlrd dollar

Samsung Heavy Industries Janubiy Koreyadagi eng yirik uchta kemasozlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi va u korporatsiya Samsung Group tarkibiga kiradi.

Kompaniyaning eng yirik verfi Kojye orolida joylashgan va u dunyodagi eng yirik kemasozlik korxonasi hisoblanadi. Bu yerda yirik tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi kema, burg‘ilash platformalari ishlab chiqariladi.

2023 yilda Samsung Heavy Industries dunyo bozorining 8,5 foizini egallangan va 1 200 dona turli kattalikdagi kemalarni tayyorlab, buyurtmachilarga yetkazib bergan.

Hanwha Ocean kompaniyasiga qarashli kema quruvchi zavod
Foto: The Korea Times

Hanwha Ocean (Janubiy Koreya)

Tashkil etilgan yili – 1973 yil

Shtab-kvartirasi – Seul

Xodimlar soni – 9 000 ming atrofida

2023 yildagi daromadi – 5,34 mlrd dollar

Bu kompaniya nomi 2023 yil maygacha Daewoo Shipbuilding and Marine Engineering bo‘lgan. Kompaniyani Hanwha Group kompaniyasi sotib olgach, uning nomini Hanwha Ocean deb o‘zgartiradi.

Hanwha Ocean Janubiy Koreyadagi yana ikkita gigant kompaniyalar – Samsung Heavy Industries va Hyundai Heavy Industries bilan birga kemasozlik sohasida “Katta uchlik” deb ataladi.

Boshqalar kabi Hanwha Ocean ham tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi hamda burg‘ilash platformalarini ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, kompaniya yo‘lovchi tashuvchi va harbiy kemalar, jumladan, eskadron mina tashuvchisi hamda suvosti kemalarini ham tayyorlaydi.

2023 yilda kompaniya dunyo bozorida 6,5 foizga egalik qilgan va dunyo kemasozlik kompaniyalari orasida 3-o‘rinni egallagan.

Hanwha Ocean kompaniyasining asosiy korxonasi ham Koja orolida joylashgan. Bu yerda kompaniya dunyodagi eng yirik – 900 tonnalik ko‘tarma krandan foydalandi.

Sumitomo Heavy Industries kompaniyasiga qarashli kema quruvchi zavod
Foto: Flickr

Sumitomo Heavy Industries Ltd. (Yaponiya)

Tashkil topgan yili – 1934 yilda

Shtab-kvartirasi – Tokio

Xodimlar soni – 24 ming kishi

2023 yildagi daromadi – 7,14 mlrd dollar

Sumitomo Heavy Industries Ltd. Yaponiyadagi yirik kemasozlik korxonalariga ega kompaniya hisoblanadi. U tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi kemalar ishlab chiqaradi.

Kompaniya ko‘p tarmoqli kompaniya hisoblanadi. U turli kemalar bilan birga og‘ir texnikalar, yuk mashinalari va boshqa uskunalar tayyorlaydi.

Bundan tashqari, kompaniya harbiy kemalar va boshqa qurollar ham ishlab chiqaradi.

Seatrium Ltd. kompaniyasi turli kemalar bilan birga ko‘proq neft platformalari tayyorlaydi
Foto: LinkedIn Singapore

Seatrium Ltd. (Singapur)

Tashkil etilgan yili – 1963 yil

Shtab-kvartirasi – Singapurda

Xodimlar soni – 5 ming kishi

2023 yildagi daromadi 5,4 mlrd dollar

Seatrium Ltd. kompaniyasi 2023 yil aprelda Sembcorp Marine Ltd. va Keppel Offshore & Marine kompaniyalari birlashishi natijasida paydo bo‘lgan. U Janubiy-Sharqiy Osiyodagi yirik kemasozlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi kemalar bilan birga asosan burg‘ilash platformalari va boshqa kemalar ishlab chiqaradi. Seatrium Ltd. Osiyo qit’asidagi burg‘ilash platformalari tayyorlovchi yirik kompaniya sanaladi.

Naval Group kompaniyasiga tegishli kema qurvchi zavod
Foto: Defense Expert

Naval Group (Fransiya)

Tashkil etilgan yili – 1631 yil

Shtab-kvartira – Parij shahrida

Xodimlar soni – 18 ming kishi

2023 yildagi daromadi – 4,61 mlrd dollar

Naval Group boshqa kemasozlik kompaniyalaridan farqli o‘laroq asosan harbiy kemalar ishlab chiqaradi. Ular orasida suv ustida harakatlanuvchi esminetslar va atom suvosti kemalari ham bor.

Kompaniya Yevropadagi eng yirik kemasozlik kompaniyalarining biri sifatida u dunyoda harbiy kemalar eksport qiluvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi.

Kompaniyaning asosiy mijozi Fransiya Mudofaa vazirligi hisoblanadi. Naval Group ishlab chiqaradigan kemalarning yarmidan ko‘prog‘ini shu vazirlik buyurtma beradi.

Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi qurgan kemalardan biri
Foto: ettoday.net

Mitsubishi Heavy Industries (Yaponiya)

Tashkil topgan yili – 1884 yil

Shatb-kvartirasi – Tokio shahrida

Xodimlar soni 22,4 ming kishi

2023 yildagi daromadi – 29 mlrd dollar atrofida

Mitsubishi Heavy Industries Yaponiyadagi yirik korporatsiyalardan biri bo‘lgan Mitsubishi Group tarkibiga kiradi. U “kunchiqar yurt”dagi eng yirik kemasozlik kompaniyasi hisoblanadi.

Kompaniyaning Yaponiyada bir nechta verflari bor va ularda tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi hamda boshqa turdagi kemalar ishlab chiqariladi.

Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi ko‘p tarmoqli bo‘lib, uning turli korxonalarida qariyb 100 ming odam mehnat qiladi. Shundan kemasozlik korxonalarida 20 mingdan oshiq odam ishlaydi.

So‘nggi yillarda kompaniya boshqaruvchisiz harakatlanadigan kemalar ishlab chiqarishga urg‘u bermoqda. Jumladan, 2022 yilda Mitsubishi Heavy Industries boshqaruvchisiz o‘zi avtonom tarzda harakatlana oladigan Soleil kemasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi.

Imabari Shipbuilding Co. Ltd. kompaniyasiga qarashli kemaquruvchi zavod
Foto: jmty.jp

Tashkil topgan yili – 1901 yil

Shtab-kvartirasi – Imabari shahrida

Xodimlar soni – 2 ming kishi atrofida

2022 yildagi daromadi – 2,49 mlrd dollar

Imabari Shipbuilding Co. Ltd. Yaponiyadagi yirik kemasozlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Uning Yaponiyada 14 ta verfi bor. Kompaniyaga Yaponiyada asosan Mitsubishi Shipbuilding kemasozlik kompaniyasi raqobat qiladi.

Boshqa kompaniyalar kabi Imabari Shipbuilding Co. Ltd. asosan tankerlar, konteyner va gaz tashuvchi hamda boshqa kemalar ishlab chiqaradi.

Janubiy-Sharqiy Osiyoda Imabari Shipbuilding Co. Ltd. turli kemalarni qurish bo‘yicha Janubiy Koreyaning uchta kemasozlik kompaniyasidan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

Yuqoridagilardan tashqari, Saudiya Arabistonining Zamil Offshore Services Company Tayvanning CSBC, Germaniyaning ThyssenKrupp Marine Systems, Niderlandiyaning Deman, AQShning Austall USA, Shimoliy Irlandiyaning Harland and Wolff, Rossiyaning “Birlashgan kemasozlik korporatsisi” AJ kabi kompaniyalar kemasozlik yo‘nalishida yirik ishlab chiqaruvchilar hisoblanishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: