Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov 30 avgust kuni Vashingtonda AQSh yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashuvda Rossiyadagi nishonlar ro‘yxatini berganini aytdi. Bu haqda u CNN telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
Qayd qilinishicha, Ukraina Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari bilan Rossiyadagi ushbu nishonlarga zarba berish uchun ruxsat so‘ragan.
26 avgust kuni Politico nashri Umerov va Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari Andrey Yermak Vashingtonga tashrif buyurishi va Amerika tomoniga Rossiyaga qarshi zarbalar berish uchun ehtimoliy nishonlar ro‘yxatini taqdim etishi haqida xabar berdi.
Umerov bu ma’lumotni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatga, xususan, Rossiya armiyasi Ukraina shaharlariga hujumlar uyushtirish uchun foydalanadigan aerodromlar kiritilgan. Vazirning qayd etishicha, bu nishonlar uzoq masofaga uchuvchi raketalarning zarba berish hududida joylashgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina o‘z aholisi va infratuzilmasini himoya qilish uchun ATACMS raketalaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni talab qilmoqda.
«Ular bizning fuqarolarimizni o‘ldirmoqda. Shuning uchun biz ularni tiyib turmoqchimiz, biz ularni to‘xtatmoqchimiz, ularning samolyotlarini shaharlarni bombardimon qilish uchun chegaramizga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz», dedi Umerov intervyusida.
Avgust oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevda ikki amerikalik senator – respublikachi Lindsi Grem va demokrat Richard Blumental bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng Blumental senatorlar Jo Bayden ma’muriyatining Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaga zarba berish uchun uzoq masofali qurollardan foydalanishga qo‘ygan cheklovlarini yengib o‘tishga umid qilishlarini aytdi.
Ukraina bir necha oydan beri Oq uydan Amerikaning uzoq masofali qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘rab kelmoqda.