Sibirda yerdagi ulkan teshik tez kengayib bormoqda

Jahon 22:42 / 31.08.2024 115319

Rossiyaning Sibir hududida yerdagi sirli ulkan teshik tez kengayib bormoqda, koinotdan olingan fotosuratlar buni qayd etyapti.

Uning hajmi har yili taxminan 1 million kub metrga oshyapti. Bu Batagay krateri bo‘lib, ba’zan «do‘zax darvozasi» deb ataladi. Bu butun sayyoraga ta’sir qiladigan ancha katta, ko‘pincha ko‘rinmas muammoni ifodalaydi, deb yozdi Business Insider.

«Teshik skat, qilichdum yoki ulkan itbaliqqa o‘xshaydi. Dastlab bu kichik yoriq bo‘lib, 1960 yillardagi sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda deyarli ko‘rinmas edi. Endi u fazodan yaqqol ko‘rinib turadigan tik qoyalardan iborat jarlikdir. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 1991-2018 yillar oralig‘ida teshik uch baravar kattalashgan», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Batagay aslida krater emas. Bu dunyodagi eng katta «regressiv erish teshigi» bo‘lib, abadiy muzlikning erishi paytida hosil bo‘ladigan teshikdir. U yer yuzasining o‘pirilishiga olib keladi va uning atrofida ko‘chki hosil qiladi.

Ta’kidlanishicha, Arktikada minglab shunday teshiklari mavjud, ammo Batagay krateri kattaligi mega cho‘kma unvoniga sazovor bo‘lgan.

Sent-Luisdagi Vashington universiteti geofiziki Rojyer Maykloids so‘zlariga ko‘ra Batagay krateri «mashhur» abadiy muzlik hisoblanadi.

«Asrlar davomida uning ichida muzlab qolgan barcha o‘lik o‘simliklar va hayvonlar muz erishi bilan atmosferaga karbonat angidrid va metan chiqara boshlaydi. Bu dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki bu gazlar global haroratni ko‘tarib, muzliklarning erishini tezlashtiradi. Abadiy muzliklar Shimoliy yarimsharning 15 foizini qoplagan va atmosferaga qaraganda 2 barobar ko‘p karbonat angidridga ega», dedi u.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar dunyo davlatlari bugungi kunda o‘z chiqindilarini faol ravishda cheklamasa, abadiy muzlik erishi oqibatida 2100 yilga borib sayyorani isituvchi gazlar sanoatniki bilan tenglashishi mumkin. Batagay hozir yiliga 4000-5000 tonna uglerod chiqarmoqda.

Ta’kidlanishicha, abadiy muzlikning erishi iqlim inqirozini tezda yomonlashtirishi mumkin. Lekin bu haligacha sirli jarayon. Batagay kabi ekstremal joylarni o‘rganish olimlarga abadiy muzning erishini tushunishga va kelajakka nazar tashlashga yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: